إِنَّ رَبَّكُمُ ٱللَّهُ ٱلَّذِى خَلَقَ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ فِى سِتَّةِ أَيَّامٍ ثُمَّ ٱسْتَوَىٰ عَلَى ٱلْعَرْشِ يُغْشِى ٱلَّيْلَ ٱلنَّهَارَ يَطْلُبُهُۥ حَثِيثًا وَٱلشَّمْسَ وَٱلْقَمَرَ وَٱلنُّجُومَ مُسَخَّرَٰتٍۭ بِأَمْرِهِۦٓ ۗ أَلَا لَهُ ٱلْخَلْقُ وَٱلْأَمْرُ ۗ تَبَارَكَ ٱللَّهُ رَبُّ ٱلْعَـٰلَمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Albatta, osmonlaru yerni olti kunda yaratgan, so`ngra (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) Arshga yuksalgan Robbingiz kecha ila kunduzni qoplaydir. Unisi bunisini shoshilib quvlaydir. Quyosh, oy va yulduzlarni O`z amriga bo`ysundirilgan qilib yaratdi. Ogoh bo`ling, yaratish va amr qilish Uning O`ziga xosdir. Olamlarning Robbi — Alloh buyukdir.«Албатта, осмонлару ерни олти кунда яратган, сўнгра (Зоти ва улуғлигига муносиб суратда) Аршга юксалган Роббингиз кеча ила кундузни қоплайдир. Униси бунисини шошилиб қувлайдир. Қуёш, ой ва юлдузларни Ўз амрига бўйсундирилган қилиб яратди. Огоҳ бўлинг, яратиш ва амр қилиш Унинг Ўзига хосдир. Оламларнинг Робби — Аллоҳ буюкдир.Alauddin Mansour: Albatta, Parvardigoringiz — Alloh shunday Zotdirki, osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, soʻngra (Zoti va Ulugʻligiga munosib suratda) Arshga yuksaldi. U kechani (qorongʻulikni) kunduzga oʻrar (va kecha kunduzni) shoshilgan holda quvib yurar. U quyosh, oy va yulduzlarni Oʻz amriga boʻysundirilgan holda (yaratdi). Ogoh boʻlingizkim, yaratish va buyurish faqat Unikidir. Barcha olamlar Parvardigori boʻlmish Alloh barakotli Buyukdir.Албатта, Парвардигорингиз — Аллоҳ шундай Зотдирки, осмонлар ва Ерни олти кунда яратиб, сўнгра (Зоти ва Улуғлигига муносиб суратда) Аршга юксалди. У кечани (қоронғуликни) кундузга ўрар (ва кеча кундузни) шошилган ҳолда қувиб юрар. У қуёш, ой ва юлдузларни Ўз амрига бўйсундирилган ҳолда (яратди). Огоҳ бўлингизким, яратиш ва буюриш фақат Уникидир. Барча оламлар Парвардигори бўлмиш Аллоҳ баракотли Буюкдир.
Islom aqiydasiga koʻra, Alloh taolo oʻxshashi yoʻq Zotdir. Zotining, sifatining, amallarining ham monandi yoʻq. Kim uni biror narsaga qiyoslashga urinsa, kofir boʻladi. Shu boisdan, ushbu oyatda kelgan va Allohga nisbat berilgan hodisalar, oyatda kelganidek, Allohning Oʻziga xos ravishda boʻlgan, deb tushuniladi. Ularni biror narsaga qiyoslashga urinish ayni gunoh. Nega, nima uchun, deb soʻrash ham mumkin emas.
«Albatta osmonlaru yerni olti kunda yaratgan...»
Alloh taolo osmonlaru yerni yaratgani haq. Ammo, qanday usulda yaratganini bilmaymiz. Demak, oʻziga xos boʻlgan yaratish tadbiri bilan yaratgan.
Ularni olti kunda bunyod etganligi ham haq. Ammo, bu kunlar qanday kunlar ekanini bilmaymiz. Bilishga imkonimiz yoʻq. Bu kunlar ham Alloh taoloning Oʻziga xos boʻlgan kunlardir.
«…soʻngra arshni egallagan Robbingiz…»
Alloh taolo arshni egallagani ham haq. Ammo, qanday, nechuk egallash ekanini bilmaymiz. Bu haqda soʻrab-surishtirmaymiz ham. Oʻtgan salafi solihlarimiz bunday masalalarni qoʻziganlarni bidʼatchi, buzgʻunchi, fitnakash, deb ataganlar va baʼzilarini jazolashga hukm qilganlar.
Qurʼoni Karimda shu maʼnoda bir qancha oyati karimalar kelishi eʼtiboridan ushbu jumla haqida har bir musulmon bilishi lozim boʻlgan baʼzi maʼlumotlarni keltirish maqsadga muvofiqdir.
Avvalo Arsh haqidagi baʼzi maʼlumotlarni aqoid kitoblarimizning eng moʻʼtabarlaridan hisoblanmish «Sharhi aqiydai Tohoviya» kitobidan bilib olaylik:
Arsh va Kursi haqdir.
Sharh: «Arsh» lugʻatda podshohning taxtini anglatadi. Alloh taolo Qurʼonda Sabaʼ malikasi haqida «Uning katta arshi bor» («Naml» surasi, 23) degan, yaʼni, taxti bor. Arsh johil faylasuflar aytganidek falak emasdir. Ular arshni toʻqqizinchi falak yoki atlas falaki, deyishgan. Arablar arshni hech qachon bu maʼnoda ishlatmaydilar. Qurʼon arab tilida nozil qilingandir. Arsh oyoqlari bor taxt boʻlib, uni farishtalar koʻtarib yurishadi. U olam uchun xuddi qubbadek. U maxluqotlarning shiftidir.
Dalil:
1- «U zot ulugʻ Arshning egasidir. Iroda qilgan narsasini qiluvchidir». («Buruj» surasi, 15)
2-«U zot darajalari yuksak, Arsh egasidir».(«Gʻofir» surasi, 15)
3- «Soʻngra arshni egalladi». («Yunus» surasi, 3)
4- «Va arshi suvning ustida edi». («Hud» surasi, 7)
5- «Hech bir iloh yoʻq. Magar U zot-karim Arshning Robbisi bor». («Moʻminlar» surasi, 116)
6- «Arshni koʻtarayotganlar va uning atrofidagilar Robbilariga hamd ila tasbeh ayturlar, Unga iymon keltirurlar va iymon keltirganlar uchun istigʻfor ayturlar». («Gʻofir» surasi, 7)
7- «Va oʻsha kuni Robbingning arshini sakkiztasi ustlarida koʻtarur». («Al-Haaqqah» surasi, 17)
8- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolarida kelgan gaplar: «Hech bir iloh yoʻq. Magar aziymu haliym Alloh bor. Hech bir iloh yoʻq. Magar U–ulugʻ Arsh Robbisi bor. Hech bir iloh yoʻq. Magar Alloh–osmonlar Robbisi, yer Robbisi va karim Arsh Robbisi bor». (Buxoriy, Muslim).
9- Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, odamlar oʻlurlar. Birinchi xushiga kelgan men boʻlurman. Qarasam, Muso Arshning oyoqlaridan birini tutib turgan boʻladi. Bilmadim, u mendan oldin oʻziga kelganmi yoki Turdagi zarba bilan kifoyalanganmi?»–deganlar. (Buxoriy, Muslim).
Yuqorida «Sharhi aqoidi Tohoviya» kitobidan olib zikr etilgan maʼlumotlardan Arsh haqida eʼtiqod qilishimiz lozim boʻlgan narsalarni bilib oldik. Endi ushbu va boshqa oyati karimalarda keladigan Allohning Arshni egallashi haqidagi maʼnoni tushunishimiz borasidagi zarur maʼlumotlarni bilib olishimiz lozim.
Avval taʼkidlab oʻtganimizdek, bu maʼnoda ham salaf–oʻtgan musulmon avlodlar va ulamolarning tutgan yoʻllari bor narsani oʻzicha qabul qilish, boshqa narsa haqida oʻylab ham oʻtirmaslik boʻlgan. Bu masala «Arshga istivo» masalasi nomi bilan mashhurdir. Chunki, bu haqdagi oyati karimalarda «Alal Arshi istava» birikmasi Alloh taologa nisbatan ishlatiladi. Agar matnni soʻzma-soʻz tarjima qiladigan boʻlsak, Alloh Arshga barobarlashdi, maʼnosi chiqadi. Oʻtgan avlodlarda bu maʼnoni Allohning Oʻziga havola qilamiz, bu haqda soʻz ochmaymiz, deb kelishilgan. Chunki, u vaqtda hamma yaxshi tushunchaga ega boʻlgan, sodda hayot kechirishgan va turli fitnalarga duchor boʻlishmagan. Shu bilan birga, ushbu masalani koʻtarib turadigan baʼzi shaxslar ham topilgan. Lekin koʻpchilik ularni fitnachi deb nomlab, oʻz fikrlarini tarqatishlariga yoʻl qoʻymagan. Shu bilan musulmonlar ommasi tinch-omon yurgan.
Bu masalada imom Molik rahmatullohi alayhining tutgan mavqiflari hammaning tahsiniga sazovor boʻlgan. Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi imom Molik rahmatullohi alayhining huzurlariga kirib istivo haqida soʻragan ekan.
Shunda imom Molik: Istivo maʼlum. Uning qandoqligi nomaʼlum. Unga iymon keltirish vojib. Uning haqida savol berish bidʼat. Sen bidʼatchi ekansan! Chiqaringlar, buni, mening oldimdan!– degan ekanlar.
Salafi solihlarimiz shu yoʻl bilan Alloh subhanahu va taoloning pokligi, oʻxshashi yoʻqligi va boshqa barcha kamolot sifatlariga boʻlgan toʻgʻri eʼtiqodni saqlab turishgan.
Vaqt oʻtishi bilan Islom davlati hududlari kengayib, turli xalq, din, falsafa va mafkuraga ega odamlar ham Islomni qabul qilishdi yoki musulmonlar bilan aralashib yashay boshlashdi. Tabiiyki, ular oʻzlarining eski fikr va tasavvurlaridan birdan va toʻla uzilib chiqa olmas edilar. Shu bilan bir vaqtda, Islom dushmanlari ham doimiy ravishda turli igʻvolar qilib turishar edi. Ular musulmonlarning aqiydalariga futur yetkazish maqsadida turli shubhali masalalarni gʻoyat ustalik ila oʻrtaga tashlashar edilar. Ana shundoq masalalarning eng kattalaridan biri, Alloh taoloning sifatlariga oid oyat va hadislarning zohiriy maʼnolarini misol qilib musulmonlar aqiydasiga zarar yetkazishga urinish boʻldi. Allohning qoʻli, koʻzi yoki boshqa, U pok zotga nisbat berilgan sifatlarda kishilarni koʻplab zalolatga ketkazish boshlandi. Anchagina toifalar bu masalada kufr ketdilar.
Endi salafi solihlarga, imom Molikka oʻxshab, bu masalada savol berish bidʼatdir, deb fatvo chiqarish ish bermaydigan holga keldi. Balki, shunga oʻxshash masalada savol soʻramaydigan odamning oʻzi qolmadi.
Ana shundoq nozik bir paytda Abul Hasan al-Ashʼariy va Abu Mansur al-Moturudiy kabi buyuk allomalar aqiydaning sofligini saqlab qolish uchun katta xizmat qildilar. Boshqa nozik masalalar qatori Alloh taoloning sifatlariga oid masalada ham hal qiluvchi yechim topdilar. Buzgʻunchilar, Allohning Arshga istivo qilishi, unga barobarlashishidir, degan boʻlsalar, xalaf–keyingi ulamolarimiz, yoʻq, unda Allohga nuqson nisbati berilgan boʻladi, shuning uchun, istivoni Alloh taoloning boshqa barkamol sifatlariga mos ravishda tushunmoq kerak, dedilar. Shu tariqa, istivo–quvvat va sulton ila ega boʻlmoqdir, degan taʼviyl qilindi. Bunda ham xuddi salafi solihlarga oʻxshab Alloh taoloni turli nuqsonlardan poklash qasd qilingandir.
Ham salaf, ham xalaf ulamolarimizning maqsadlari bir boʻlgan. Faqat maqsadga yetish uchun oʻz zamonlariga va sharoitlariga mos yoʻl tutishgan, xolos. Siz bilan bizlar ham bu masalada juda ehtiyot boʻlib, ixtilof qilmay ish tutmogʻimiz lozim.
Yuqorida sanalgan hodisalardan tashqari, yagona Robbimizning qudratiga, sanʼatiga, yaratuvchanligiga dalolat qiluvchi, biz koʻzimiz bilan koʻrib, oʻrganib xulosa chiqarib olishimiz lozim boʻlgan son-sanoqsiz moʻʼjizalar tevarak-atrofimizda istalgancha bor.
«...Robbingiz kecha ila kunduzni qoplaydir».
Chor atrof yop-yorugʻ kunduz edi. Ammo, bu yorugʻlik sahnini kecha– tun qoplab oldi. Kim buni qildi? Albatta, Alloh qildi. Buni Undan boshqa hech kim qila olmaydi. Yerni maʼlum surʼatda aylanadigan, shu tufayli kecha kunduzni oʻrab kelaveradigan qilib qoʻygan Zot Allohdir. Ammo, koʻz oʻngida doimo bir meʼyorda takrorlanib turadigan bu amaliyotni barpo qiluvchini inson unutib qoʻyadi. Uning nazarida, bu ulkan hodisa oʻz-oʻzidan sodir boʻlayotganga oʻxshab tuyuladi. Ammo, diqqat-eʼtibor bilan nazar solsa, har doim kecha kunduzni shoshib quvlayotganini anglab yetadi: yaʼni, «Uni shoshilib quvlaydir».
Shu holning oʻziyoq Alloh taoloning Biru Borligiga dalil emasmi? Faqat, inson bir oz eʼtibor qilib, nazar tashlasa, boʻldi. Darhol anglab yetadi. Alloh:
«Quyosh, oy va yulduzlarni Oʻz amriga boʻysundirilgan qilib yaratdi».
Ularni Oʻzi yaratdi va ularga faqat Oʻzi amr-iroda qiladi. Ha, Quyosh ham, Oy ham, yulduzlar ham qanchalik ulkan, qancha koʻp boʻlmasinlar, ularni Alloh yaratdi va ularning ustidan faqat Allohning Oʻzi hukm yurgizadi. Ular esa, Uning amriga soʻzsiz boʻysunadilar. Shuningdek, inson zotini ham Alloh taolo xalq qilgan va faqat uning Oʻzigina ularga amr qilishga haqli. Ammo, odam zotidan baʼzilari boshqalariga amr qilish haqqini daʼvo qilsalar, ularning oilasidan baʼzi johillar Alloh amrini qoʻyib, oʻsha daʼvogar bandaning amriga yurmoqdalar. Ey odamlar:
«Ogoh boʻling, yaratish va amr qilish Uning Oʻziga xosdir!»
Allohning Oʻzidan boshqa zot hech narsani yarata olmaganidek, Uning oʻzidan boshqa zot amr qilishga ham haqli emas.
Imom Ibn Jarir Tobariy Abdulaziz Shomiyning otasidan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim qilgan yaxshi amali uchun Allohga hamd aytmay oʻzini maqtasa, kufr keltirgan boʻladi va qilgan amali bekor ketadi. Kim «Alloh bandalariga amr qilish haqqidan bir oz bergan», deb oʻzicha gumon qilsa, Alloh Oʻz Paygʻambarlariga nozil qilgan narsaga kufr keltirgan boʻladi», deganlar.
«Olamlarning Robbi – Alloh buyukdir».
Jamiki narsani faqat Uning Oʻzidan soʻrash, jamiki narsada faqat Ungagina arz qilish kerak.