ٱدْعُوا۟ رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً ۚ إِنَّهُۥ لَا يُحِبُّ ٱلْمُعْتَدِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Robbingizga tazarru' ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas.Роббингизга тазарруъ ила ва махфий дуо қилинг. Зотан, У ҳаддан ошувчиларни севмас.Alauddin Mansour: (Ey moʻminlar), sizlar Parvardigoringizga tazarru bilan ichingizda (maxfiy) iltijo qilingiz! Zotan, U haddan oshuvchi kimsalarni (yaʼni, el koʻziga koʻrsatish uchun riyokorlik qiluvchilarni) sevmas.(Эй мўминлар), сизлар Парвардигорингизга тазарру билан ичингизда (махфий) илтижо қилингиз! Зотан, У ҳаддан ошувчи кимсаларни (яъни, эл кўзига кўрсатиш учун риёкорлик қилувчиларни) севмас.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo moʻmin bandalariga duo qilish odoblarini oʻrgatmoqda. Duoda tazarru–yolborish va maxfiylik boʻlishi zarurligini taʼkidlamoqda.
Xuddi shu maʼno Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham ifodasini topgan.
Imom Buxoriy va imom Muslim Abu Muso al-Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar bayon qilinadi: «Odamlar baland ovoz bilan duo qilgan edilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar, oʻzingizga shafqat qiling, sizlar kar yoki gʻaybga duo qilayotganingiz yoʻq. Siz duo qilayotgan Zot eng yaxshi eshitguvchi va eng yaqin zotdir»,–dedilar».
Alloh taologa ibodatu duolarni tazarru ila va maxfiy qilish, xuddi shu oyati karimada taʼkid boʻlganidek, salafi solihlarimizning odatlariga aylangan edi.
Imom Abdulloh ibn Muborak Hasan al-Basriyning quyidagi soʻzlarini keltiradilar: «Agar bir kishi Qurʼonni jamlagan boʻlsa ham, odamlarga bildirmas edi. Agar bir kishi fiqhdan juda koʻp narsani bilsa ham, odamlarga bildirmas edi. Agar bir kishi kechasi uyida uzundan-uzoq namoz oʻqib chiqsa ham, mehmonlariga bildirmas edi. Biz bir odamlarni koʻrdikki, maxfiy qilish imkoni boʻlgan ishni hech qachon oshkor qilmas edilar. Musulmonlar duoga koʻp urinar edilar. Tovushlari hech eshitilmasdi. Ularning duosi Robbilariga pichirlashdan iborat boʻlar edi».
«Robbingizga tazarruʼ ila va maxfiy duo qiling», degani shu. Alloh taolo qilgan ishidan rozi boʻlib, maqtagan solih bandasi haqida: «Qachonki, Robbiga maxfiy duo qildi», degani ham shundan.