وَٱلْبَلَدُ ٱلطَّيِّبُ يَخْرُجُ نَبَاتُهُۥ بِإِذْنِ رَبِّهِۦ ۖ وَٱلَّذِى خَبُثَ لَا يَخْرُجُ إِلَّا نَكِدًا ۚ كَذَٰلِكَ نُصَرِّفُ ٱلْـَٔايَـٰتِ لِقَوْمٍ يَشْكُرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Pok yurtning nabototi Robbining izni ila chiqadir. Nopok bo`lgani esa, faqat qiyinchilik ila chiqadir. Shukr keltirgan qavmlar uchun oyatlarimizni shunday xilma-xil bayon qilamiz.Пок юртнинг набототи Роббининг изни ила чиқадир. Нопок бўлгани эса, фақат қийинчилик ила чиқадир. Шукр келтирган қавмлар учун оятларимизни шундай хилма-хил баён қиламиз.Alauddin Mansour: Pok shahar — yerning giyohi Parvardigorining izni-irodasi bilan (oson) unib chiqur. Nopok (yaʼni, shoʻr, toshloq) yerniki esa faqat qiyinchilik — mashaqqat bilangina chiqur. Shukr qiladigan qavm uchun oyat-alomatlarimizni mana shunday bayon qilib berurmiz.Пок шаҳар — ернинг гиёҳи Парвардигорининг изни-иродаси билан (осон) униб чиқур. Нопок (яъни, шўр, тошлоқ) ерники эса фақат қийинчилик — машаққат билангина чиқур. Шукр қиладиган қавм учун оят-аломатларимизни мана шундай баён қилиб берурмиз.
Yuqoridagi oyatda boʻlgani kabi, ushbu oyati karimada ham juda katta va nozik qiyos bor. Qurʼoni Karim oyatlarida va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida pok va sahiy qalb toza va sermahsul yerga–tuproqqa qiyos etiladi. Nopok va iflos qalb esa, shoʻr va mahsulsiz yerga oʻxshatiladi. Pokiza zamindan yaxshi mahsullar yetishib chiqqanidek, pok va sahiy qalbda ham iymon, ixlos, yetuk mafkura va ezgu niyatlar yashaydi. Ularning mevasi Alloh rozi boʻladigan amallardangina iborat boʻladi.
Nopok va nobop yerdan bir hosilning unib chiqishi mashaqqat boʻlganidek, nopok qalbdan ham yaxshilik chiqishi qiyin. Chirkin qalbdan chiqsa ham, faqat yomonlik chiqadi.
Bu oyati karimada pok yer va nopok yer moʻmin bilan kofirga qiyos etiladi. Xuddi shu kabi oʻxshatishlar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham kelgan.
Imom Buxoriy Abu Muso al-Ashʼariy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni bayon etadilar: «Alloh taolo men ila yuborgan ilm va hidoyat xuddi yerga koʻp yoqqan yomgʻirga oʻxshaydi. Agar yer toza–musaffo boʻlsa, suvni qabul qilib oladi, yaylovlarni va koʻpgina oʻsimliklarni oʻstiradi. Agar qattiq yer boʻlsa, suvni tutib qoladi. Alloh undan boshqalarga naf beradi. Undan ichadilar, sugʻoradilar va ziroatga ishlatadilar. Yana boshqa bir xil yerlar borki, ular silliq boʻlib, na suvni tutadi va na biror narsa oʻstiradi. Bu xuddi Allohning dinini yaxshi tushunib va Alloh men bilan yuborgan narsadan naf topib, oʻzi ham oʻrganib, oʻzgalarga ham oʻrgatgan hamda oʻzi bilib amal qilmagan va men bilan yuborilgan Allohning hidoyatini qabul qilmagan odamlarga oʻxshaydi», deganlar.
Bunday zaylda misollar keltirishni Alloh taoloning Oʻzi:
«Shukr keltirgan qavmlar uchun oyatlarimizni shunday xilma- xil bayon qilamiz», demoqda.
Albatta, shukr ham pok qalbning mahsuli. Pokiza qalbda shukroni neʼmat mavjud.
Alloh taolo Oʻzining Biru Borligiga doir dalillarni keltirganidan keyin, burungi zamonlarda odamlar bu masalaga qanday munosabatda boʻlgani va oqibatlari ne kechgani haqida soʻz yuritadi. Alloh soʻzni Nuh alayhissalomning qissalari ila boshlaydi: