لَقَدْ أَرْسَلْنَا نُوحًا إِلَىٰ قَوْمِهِۦ فَقَالَ يَـٰقَوْمِ ٱعْبُدُوا۟ ٱللَّهَ مَا لَكُم مِّنْ إِلَـٰهٍ غَيْرُهُۥٓ إِنِّىٓ أَخَافُ عَلَيْكُمْ عَذَابَ يَوْمٍ عَظِيمٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Batahqiq, Biz Nuhni o`z qavmiga yubordik. Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan o`zga iloh yo`q. Albatta, men sizlarning buyuk kunning azobiga giriftor bo`lishingizdan qo`rqaman», – dedi.Батаҳқиқ, Биз Нуҳни ўз қавмига юбордик. Бас, у: «Эй қавмим, Аллоҳга ибодат қилинглар. Сизларга Ундан ўзга илоҳ йўқ. Албатта, мен сизларнинг буюк куннинг азобига гирифтор бўлишингиздан қўрқаман», – деди.Alauddin Mansour: Qasamki, Nuhni oʻz qavmiga paygʻambar qildik. Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan oʻzga biron Iloh yoʻqdir. Albatta, men sizlarning buyuk Kun (Qiyomat Kunining) azobiga giriftor boʻlishingizdan qoʻrqaman», dedi.Қасамки, Нуҳни ўз қавмига пайғамбар қилдик. Бас, у: «Эй қавмим, Аллоҳга ибодат қилинглар! Сизлар учун Ундан ўзга бирон Илоҳ йўқдир. Албатта, мен сизларнинг буюк Кун (Қиёмат Кунининг) азобига гирифтор бўлишингиздан қўрқаман», деди.
Avval boshda Odam alayhissalomning qissalari bayon etilgan edi. Endi, u zotning zurriyotlari, pushti kamaridan yaralgan Nuh alayhissalomning qissalari keltirilmoqda.
«Batahqiq, Biz Nuhni oʻz qavmiga yubordik».
Har bir qavmga oʻsha qavm ichidan tanlab Paygʻambar yuborish– Alloh taoloning odati. Shu holda bandalariga oson boʻladi. Zero, oʻsha Paygʻambar oʻz qavmining tilini, urf-odatini, tabiatini va boshqa jihatlarini yaxshi biladi. Qavmlar ham Paygʻambar boʻlib kelgan zotning shaxsini yaxshi taniydilar. Nuh alayhissalom oʻz qavmlariga:
«Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga undan oʻzga iloh yoʻq»,–dedilar.
Maʼlumki, Qurʼoni Karimda «ibodat» lafzi maʼlum bir diniy amallar tizimini emas, butun hayotini maʼlum bir taʼlimotga, hukmga amal qilib oʻtkazishni anglatadi. Shundan xulosa qilib, Nuh alayhissalomning:
«Allohga ibodat qilinglar», degan koʻrsatmalarini, hayoti dunyoda Allohning koʻrsatmalari asosida yashanglar, degan maʼnoda tushunamiz. Jamiki Paygʻambarlar, asosan, ushbu daʼvat ila yuborilganlar.
«Sizlarga Undan oʻzga iloh yoʻq».
«Iloh» soʻzi ibodatga loyiq zot maʼnosini anglatishini yaxshi bilamiz. Demak, yuqoridagi maʼnodan hissa: «Sizlar uchun, aytganini amalga oshirib, unga boʻysunib yashashingiz lozim zot Alloh, Undan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq», degani boʻladi. Yaʼni, Allohdan boshqa zotning hukmiga boʻysunmaslik qatʼiy taʼkidlanadi.
Shu bilan birga, Nuh alayhissalom oʻz qavmiga nima sababdan bunday daʼvatni qilayotganlarini ham eslatib:
«Albatta, men sizlarning buyuk kunning azobiga giriftor boʻlishingizdan qoʻrqaman», – dedi».
Allohning, soʻnggi Paygʻambarlarning va jumladan Nuh alayhissalomning ham maqsadi–qiyomat kunining azobiga bandalarning giriftor boʻlmasligi. Oʻshal kun azobiga duchor boʻlmaslik uchun Allohga ibodat qilish, Unga iymon keltirib, bu dunyoda Uning hukmlarini ado etib yashash kerak. Hayotning hamma jabhasida Uning aytganlarini qilish, qisqasi, Uning haq diniga mukammal amal qilish bandaning birlamchi vazifasi. Chunki, bu dunyoning mutlaq hokimi–Uning Oʻzi.