وَٱذْكُرُوٓا۟ إِذْ جَعَلَكُمْ خُلَفَآءَ مِنۢ بَعْدِ عَادٍ وَبَوَّأَكُمْ فِى ٱلْأَرْضِ تَتَّخِذُونَ مِن سُهُولِهَا قُصُورًا وَتَنْحِتُونَ ٱلْجِبَالَ بُيُوتًا ۖ فَٱذْكُرُوٓا۟ ءَالَآءَ ٱللَّهِ وَلَا تَعْثَوْا۟ فِى ٱلْأَرْضِ مُفْسِدِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va sizlarni Oddan keyin xalifa qilganini va sizga yer yuzida imkon berib, tekisliklarida qasrlar qurib, tog`lardan uylar o`yganlaringizni eslang. Allohning ne'matlarini eslang va yer yuzida fasod-la buzg`unchilik qilmang!» – dedi.Ва сизларни Оддан кейин халифа қилганини ва сизга ер юзида имкон бериб, текисликларида қасрлар қуриб, тоғлардан уйлар ўйганларингизни эсланг. Аллоҳнинг неъматларини эсланг ва ер юзида фасод-ла бузғунчилик қилманг!» – деди.Alauddin Mansour: «Sizlarni Od (qavmi)dan keyin xalifa qilib qoʻyganini va sizlarga Yerning tekisliklarida (yozlik) qasrlar qurib olishingiz, togʻlik joylarida (qishlik) boshpanalar yoʻnib (tiklab) olishingiz uchun maskan berganini eslangiz! Bas, Allohning neʼmatlarini eslangiz va Yerda buzgʻunchilik qilib sanqib yurmangiz!»«Сизларни Од (қавми)дан кейин халифа қилиб қўйганини ва сизларга Ернинг текисликларида (ёзлик) қасрлар қуриб олишингиз, тоғлик жойларида (қишлик) бошпаналар йўниб (тиклаб) олишингиз учун маскан берганини эслангиз! Бас, Аллоҳнинг неъматларини эслангиз ва Ерда бузғунчилик қилиб санқиб юрмангиз!»
Allohning Paygʻambari Solih alayhissalom ham oʻzlaridan oldin oʻtgan Paygʻambarlarning:
«Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga undan oʻzga iloh yoʻq», degan asosiy gʻoyalarini takror taʼkid etdilar. Avvalgi ummatlar qismati eʼtiborga olingan boʻlsa kerak, Solih alayhissalom bu daʼvatlariga nisbatan qavmlaridan javob kutib turmay:
«Sizga Robbingizdan hujjat keldi», deb bir yoʻla ilohiy hujjat haqida soʻz ochib, oʻzlarining haq Paygʻambar ekanliklarini tasdiqlovchi moʻʼjiza haqida:
«Allohning mana bu tuyasi sizlarga belgidir»,–dedilar.
Boshqa suralarda bayon qilinishicha, Samud qavmi Solih alayhissalomdan Allohning qudratiga dalolat qiluvchi va u kishining haqiqiy Paygʻambar ekanliklarini tasdiqlovchi moʻʼjiza keltirishni talab qilganlarida, Alloh taolo katta xarsang toshdan bir tuyani chiqargan. Shuning uchun ham u «Allohning tuyasi» deb atalmoqda. Solih alayhissalom oʻz soʻzlarida davom etib:
«Uni Allohning yerida tek qoʻyinglar, unga yomonlik yetkazmanglar. Yana sizni alamli azob tutmasin-a!»–dedilar.
Samud qavmidan baʼzi shaxslar bu moʻʼjizaviy tuyani koʻrib iymon keltirdilar. Tuya yaylovda oʻtlab yuraverdi. Suvdan istifoda qilish esa, navbatli boʻldi. Chunonchi, suvni bir kun tuya, bir kun Samud qavmi isteʼmol etar edilar.
Shuningdek, Allohning Paygʻambari Solih alayhissalom oʻz qavmlariga Parvardigorning neʼmatlarini ham eslatdilar:
«Va sizlarni Oddan keyin xalifa qilganini va sizga yer yuzida imkon berib, tekisliklarida qasrlar qurib, togʻlardan uylar oʻyganlaringizni eslang»,–dedilar.
Rivoyatlarda bayon etilishicha, Alloh taolo gunoh amallar qilgani uchun Od qavmini halokatga giriftor etganidan soʻng, ularning diyorida Samud nomli qavm istiqomat etib, oʻsha yerlarni obod qilganlar. Ularning umrlari bardavom boʻlib, farovon turmush kechirganlar. Past tekislik joylarni tanlab, ulkan qasrlar bunyod etganlar. Togʻlar bagʻrida toshlarni oʻyib uylar yasaganlar. Hozirgacha oʻsha maskanlarning baʼzilari saqlanib qolgan. Solih alayhissalom ularga bu narsalarning hammasi Allohning neʼmati ekanini eslatib, ularni shukr qilishga undadilar. Noshukr boʻlib, buzgʻunchilik qilmaslikka daʼvat etib:
«Allohning neʼmatlarini eslang va yer yuzida fasod-la buzgʻunchilik qilmang!»–dedilar.
Hoʻsh, qavm ne yoʻl tutdi?