وَإِلَىٰ مَدْيَنَ أَخَاهُمْ شُعَيْبًا ۗ قَالَ يَـٰقَوْمِ ٱعْبُدُوا۟ ٱللَّهَ مَا لَكُم مِّنْ إِلَـٰهٍ غَيْرُهُۥ ۖ قَدْ جَآءَتْكُم بَيِّنَةٌ مِّن رَّبِّكُمْ ۖ فَأَوْفُوا۟ ٱلْكَيْلَ وَٱلْمِيزَانَ وَلَا تَبْخَسُوا۟ ٱلنَّاسَ أَشْيَآءَهُمْ وَلَا تُفْسِدُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَـٰحِهَا ۚ ذَٰلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُم مُّؤْمِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va Madyanga o`z birodarlari Shu'aybni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Sizga Undan o`zga iloh yo`q. Batahqiq, sizga Robbingizdan hujjat keldi. Bas, o`lchov va tarozuni to`liq ado eting, odamlarning narsalaridan kamaytirib qolmang va yer yuzida uning islohidan keyin buzg`unchilik qilmang. Agar mo`min bo`lsangiz, shunday qilmog`ingiz o`zingiz uchun yaxshidir.Ва Мадянга ўз биродарлари Шуъайбни (юбордик). У: «Эй қавмим, Аллоҳга ибодат қилинг. Сизга Ундан ўзга илоҳ йўқ. Батаҳқиқ, сизга Роббингиздан ҳужжат келди. Бас, ўлчов ва тарозуни тўлиқ адо этинг, одамларнинг нарсаларидан камайтириб қолманг ва ер юзида унинг ислоҳидан кейин бузғунчилик қилманг. Агар мўмин бўлсангиз, шундай қилмоғингиз ўзингиз учун яхшидир.Alauddin Mansour: Madyan qavmiga oʻz birodarlari Shuaybni (paygʻambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan oʻzga biron iloh yoʻqdir. Sizlarga Parvardigoringiz tarafidan hujjat (yaʼni, din) keldi. Bas, oʻlchov va tarozini komil qilib (tortingiz) va odamlarning haqlaridan urib qolmangiz hamda Yer (yuzi paygʻambarlar yuborish bilan) oʻnglab qoʻyilganidan keyin, unda (kofirlik bilan) buzgʻunchilik qilib yurmanglar. Agar moʻmin boʻlsangizlar, mana shu oʻzlaringiz uchun yaxshiroqdir.Мадян қавмига ўз биродарлари Шуайбни (пайғамбар қилдик). У айтди: «Эй қавмим, Аллоҳга ибодат қилингиз! Сизлар учун Ундан ўзга бирон илоҳ йўқдир. Сизларга Парвардигорингиз тарафидан ҳужжат (яъни, дин) келди. Бас, ўлчов ва тарозини комил қилиб (тортингиз) ва одамларнинг ҳақларидан уриб қолмангиз ҳамда Ер (юзи пайғамбарлар юбориш билан) ўнглаб қўйилганидан кейин, унда (кофирлик билан) бузғунчилик қилиб юрманглар. Агар мўмин бўлсангизлар, мана шу ўзларингиз учун яхшироқдир.
Alloh taolo ushbu oyati karimalarda avvalo Shuayb alayhissalomni Madyanga Paygʻambar qilib yuborganini, keyin esa, u kishining oʻz qavmlariga qilgan pandlarini keltirmoqda. Shuayb alayhissalom ham Ibrohim alayhissalomning zurriyotlaridandir. Madyan, aslida, Ibrohim alayhissalomning oʻgʻillaridan birining nomi boʻlib, keyinchalik undan tarqagan qabilaning va ular yashaydigan diyorning nomi boʻlib qolgan. Madyanliklar ham asli arablar boʻlib, ularning yerlari Aqaba qoʻltigʻidan Turi Sinoga qadar choʻzilgan.
Shuayb alayhissalom ham Paygʻambar boʻlganlaridan boshlaboq avval oʻtgan Paygʻambarlar oʻz qavmlariga takror-takror aytgan soʻzlarni oʻz qavmlariga eslatdilar:
«Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Sizga Undan oʻzga iloh yoʻq».
Soʻngra, har bir Paygʻambarning risolati oʻzi hujjat boʻlishiga qaramay, uning buyuk maqomini tasdiqlovchi boshqa hujjat ham berish Allohga xos ekani va unga ham (yaʼni Shuaybga) ilohiy hujjat berilganini taʼkidlab:
«Batahqiq, sizga Robbingizdan hujjat keldi»,–dedilar.
Ammo, oyatda Shuayb alayhissalomga berilgan hujjat–moʻʼjiza nima ekanligi aytilmagan.
Soʻngra, Hazrati Shuayb oʻz qavmlaridagi bosh nuqsonlardan birini muolaja qilishga oʻtib:
«Bas, oʻlchov va tarozuni toʻliq ado eting, odamlarning narsalaridan urib qolmang va yer yuzida uning islohidan keyin buzgʻunchilik qilmang»,–dedilar.
Shuayb alayhissalomning qavmi koʻproq amaliy shirkka mubtalo boʻlganga oʻxshaydi. Chunki, Paygʻambar alayhissalom ularni muomala ishlarida Allohning buyrugʻini ado etmay, boshqaning amrini bajarishdan qaytarishlari oʻlchov va tarozudan urib qolib, birovlarning haqqini yeyishdan ogohlantirishlari shunga dalolat qilmoqda. Bu va bu kabi, Alloh yoʻriqlarini chetlab, boshqa yoʻlga yurish Alloh taolo yer yuzini isloh qilib qoʻyganidan keyin uni buzishdan iborat ekaniga ishora etib Shuayb alayhissalom oʻz qavmlariga:
«va yer yuzida uning islohidan keyin buzgʻunchilik qilmang», demoqdalar.
Yer yuzida Alloh amriga nomuvofiq qilingan har bir amal buz-gʻunchilikdir. Bunday amallarni qilish moʻmin insonga hech xos emas. Moʻmin inson hayoti davomida faqat Allohning amriga amal qilib yashaydi. Bu esa, eng avval oʻzi uchun manfaat va yaxshiliklar keltiradi.
«Agar moʻmin boʻlsangiz, shunday qilmogʻingiz oʻzingiz uchun yaxshidir».
Soʻngra, Shuayb alayhissalom oʻz qavmlarining nomaʼqul ishlarini muolaja qilishni davom ettiradilar:
«Har koʻchada oʻtirib olib qoʻrqitmang».
«Koʻcha»dan murod–ham moddiy va ham maʼnaviy yoʻllardir. Madyanliklar har ikki «koʻcha»da ham odamlarni qoʻrqitish bilan mashgʻul boʻlganlari boisdan bu xatarli yoʻldan qaytarilmoqdalar.
«Allohning yoʻlidan Unga iymon keltirganlarni toʻsmang va u (yoʻl)ning egri boʻlishini istamang».
Boshqa haddidan oshgan kofirlar kabi, Madyan qavmi ham oʻzlari Allohning yoʻliga yurmaganlari yetmaganidek, oʻzgalarni ham bu yoʻldan toʻsganlar va Allohning yoʻli oʻzlarining xohishiga binoan turli tomonlarga burilishini istaganlar. Bu juda ham ulkan gunoh hisoblanadi.
Shuayb alayhissalom oʻz qavmlarini gunoh ishlardan qaytarish bilan birga, shoyadki, insofga kelsalar, degan umidda boshqa Paygʻambarlar kabi oʻz qavmlariga Alloh bergan tansiq neʼmatlarni eslatadilar.
«Oz boʻlgan chogʻingizda sizni koʻpaytirib qoʻyganini eslang».
Yaʼni, soningiz oz edi, Alloh taolo ziyoda qildi, molingiz kamchil edi, moʻl ayladi, yaxshiligingiz andak edi, bisyor etdi va hokazo.
Shuningdek, Shuayb alayhissalom oʻz qavmlarini oʻtgan kofirlar oqibatidan ibrat olishga chaqirdilar.
«Buzgʻunchilarning oqibati qanday boʻlganiga nazar soling».
Odatdagidek, Paygʻambar kelganda har bir qavm ikki qarama-qarshi guruhga boʻlinadi. Bir guruh iymonga kelib, ikkinchi guruh kufr keltiradi. Xuddi shunday holat vujudga kelganda, Shuayb alayhissalom oʻz qavmlarini moʻminlarga zulm qilmasdan, urush-janjal chiqarmasdan, eng adolatli yoʻlni tutishga, ularga Allohning hukmi yetib kelguncha sabr qilib kutib turishga chaqirdilar:
«Agar sizdan bir toifa men ila yuborilgan narsaga iymon keltirgan va boshqa toifa iymon keltirmagan boʻlsa, bas, Alloh oramizda hukm qilguncha sabr qilinglar».
Alloh hukmi orani ochiq qiladi.Alloh hukmi kim haq ekanini adolat ila isbot etadi. Chunki:
«U hukm qiluvchilarning yaxshisidir».
Ammo, jinoyatkor qavm bu oqilona taklifni qabul qilmadi. Sabr qilib, Allohning hukm chiqarishini kutmadi.