عَلَيْهَا تِسْعَةَ عَشَرَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U(saqar)ning ustida o`n to`qqizta (farishta) bor.У(сақар)нинг устида ўн тўққизта (фаришта) бор.Alauddin Mansour: Uning ustida oʻn toʻqqiz (farishta qoʻriqchilik-egalik qilur).Унинг устида ўн тўққиз (фаришта қўриқчилик-эгалик қилур).
Jobir ibn Abdulloh ismli sahobadan qilingan rivoyatda aytilishicha: Paygʻambarimiz huzurlariga bir kishi kelib:
«Ey Muhammad! Bugun sahobalaring magʻlub boʻldilar», dedi. Rasululloh alayhissalom:
«Qandoq qilib?»–dedilar. U kishi:
«Yahudiylar ulardan sizlarga Paygʻambaringiz doʻzax ahlini azoblovchi farishtalarning sonini oʻrgatdimi, deb soʻrashgan edi, ular: «Biz bilmaymiz, Paygʻambarimizdan soʻrab koʻraylik», deyishdi», dedi.
Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Hali bilmagan narsalaridan soʻroq qilinsa-yu, qavm, Paygʻambarimizdan soʻrab bilamiz, desa, magʻlub boʻlgan boʻladimi?–dedilar-da, Allohning dushmanlarini menga chaqirib qoʻyinglar, ular oʻz Paygʻambarlaridan Allohni ochiq-oydin koʻrsatib qoʻyishni soʻraganlar», dedilar. Yahudiylarni chaqirib kelishdi. Ular:
«Ey, Abul Qosim (yaʼni, Muhammad), doʻzax ahlini azoblaydigan farishtalar nechta?»–dedilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam, buncha, deb ikki kaftlarini bir-biriga urib koʻrsatdilar, ikkinchi urishda bitta panjani bukdilar. Yaʼni, oʻn toʻqqizta, dedilar.
Nima uchun oʻn toʻqqizta, degan savol paydo boʻlishi mumkin. Javob aniq–Alloh taolo shuni xohlagani uchun. Moʻminlar Alloh taolo huzurida odob saqlab, har bir soʻziga hurmat bilan eʼtiqod qiladilar. Lekin mushriklar, oʻz odatlaricha, ushbu oyatdan ham masxara, beodoblik uchun yoʻl topdilar. Bittasi turib, oʻsha oʻn toʻqqiztaning bittasiga oʻntamiz bas kelsak boʻlar, dedi. Ikkinchisi esa, sizlar ikkitasini eplasangiz boʻldi, qolganlarini oʻzimga qoʻyib qoʻyaveringlar, dedi.
Shunda quyidagi oyatlar nozil boʻlib, haqiqiy hikmatni bayon etdi.