وَخَلَقْنَـٰكُمْ أَزْوَٰجًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va sizlarni juft qilib yaratdik.Ва сизларни жуфт қилиб яратдик.Alauddin Mansour: Biz sizlarni juft-juft qilib yaratdik.Биз сизларни жуфт-жуфт қилиб яратдик.
Yaʼni, erkak va ayol qilib.
Ha, Alloh taolo odam zotini juft qilib, erkak-ayol qilib yaratishining oʻzi ulkan moʻʼjizadir. Avvalo, erkak va ayolning tuzilishi va erkakligu ayollik xususiyatlari ulkan moʻʼjizalardir. Bu ishni Alloh taolodan boshqa hech kim qila olmaydi. Bu ishga faqatgina Alloh taoloning yolgʻiz Oʻzi qodir.
Qolaversa, har bir juftga, uning ikki tomoniga ham oʻzidan nasl qoldirishga cheksiz muhabbat berib qoʻyilgandir. Hattoki, ular oʻzidan nasl qoldirish yoʻlida jon berishga ham tayyor darajaga yetgan. Koʻp ayollar oʻlimni boʻyniga olib, farzand koʻrishga qaror qiladilar. Umuman olganda esa, har bir homilador ayolda bu jurʼat bordir. Tugʻilgan farzandni tarbiyalab oʻstirish mashaqqat, ogʻir va tinimsiz mehnatdan iborat. Xoʻsh, ushbu omilni har bir inson tabiatiga kim solib qoʻygan? Nima uchun bu narsa millionlab yillardan buyon davom etib, inson naslining yer yuzida bardavom qolish vositasi boʻlib kelmoqda? Albatta, bularni faqatgina Alloh taoloning yolgʻiz Oʻzigina qilishi mumkin. Buni qilishga qodir Alloh taolo oʻlganlarni qayta tiriltirib soʻroq-savol qilishga, jazolashga qodir boʻlmasmidi?