فَلَمْ تَقْتُلُوهُمْ وَلَـٰكِنَّ ٱللَّهَ قَتَلَهُمْ ۚ وَمَا رَمَيْتَ إِذْ رَمَيْتَ وَلَـٰكِنَّ ٱللَّهَ رَمَىٰ ۚ وَلِيُبْلِىَ ٱلْمُؤْمِنِينَ مِنْهُ بَلَآءً حَسَنًا ۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularni siz o`ldirmadingiz, balki Alloh o`ldirdi. Otgan paytingda, sen otmading, balki Alloh otdi. Va mo`minlarni go`zal sinov ila sinash uchun (shunday qildi). Albatta, Alloh eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.Уларни сиз ўлдирмадингиз, балки Аллоҳ ўлдирди. Отган пайтингда, сен отмадинг, балки Аллоҳ отди. Ва мўминларни гўзал синов ила синаш учун (шундай қилди). Албатта, Аллоҳ эшитгувчи ва билгувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Bas, (ey musulmonlar), ularni sizlar oʻldirmadingiz, balki Alloh oʻldirdi. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom, ularning yuziga qoʻlingizdagi bir siqim tuproqni) otgan paytingizda, siz otmadingiz, balki Alloh otdi va (bu gʻalabani Alloh) Oʻz tomonidan moʻminlarga chiroyli inʼom boʻlsin, deb qildi. Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.Бас, (эй мусулмонлар), уларни сизлар ўлдирмадингиз, балки Аллоҳ ўлдирди. (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом, уларнинг юзига қўлингиздаги бир сиқим тупроқни) отган пайтингизда, сиз отмадингиз, балки Аллоҳ отди ва (бу ғалабани Аллоҳ) Ўз томонидан мўминларга чиройли инъом бўлсин, деб қилди. Албатта Аллоҳ эшитгувчи, билгувчидир.
Ey moʻminlar, bilib qoʻyinglar, Badr urushida mushriklarni haqiqatda siz oʻldirganingiz yoʻq, balki Alloh oʻldirdi. Ha,
«Ularni siz oʻldirmadingiz, balki Alloh oʻldirdi».
Buning uchun Allohga shukr qiling.
«Otgan paytingda, sen otmading, balki Alloh otdi».
Yaʼni, ey Paygʻambar, bir siqim tuproqni olib otganingda, sen otganing yoʻq, balki Alloh otdi.
Badr urushida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam siqimlariga tuproq olib, mushriklar tomonga «Shahatil vujuh» (Yuzlar qaro boʻlsin!) deb otganlari rivoyatlarda sobit.
Oʻsha hodisaga guvoh boʻlgan sahobalardan har biri koʻrganlarini aytib berganlar. Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bu haqda shunday rivoyat qiladilar: «Badr kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qoʻllarini koʻtarib: «Ey, bor Xudoyo, agar ushbu jamoa halok boʻlsa, yer yuzida Senga ibodat qiladigan odam qolmaydi...» deb duo qildilar. Jabroil kelib u kishiga: «Bir siqim tuproq olib, ularning yuziga qarab ot!»–dedi. Bir siqim tuproq olib, ularga otdilar. Koʻziga va ogʻzi-burniga tuproq kirmagan birorta ham mushrik qolmadi. Shundan keyin ular ortlariga qarab qocha boshladilar».
Shu holat ham koʻrsatib turibdiki, biror narsaga erishish yoʻlida Allohning aniq vaʼdasi boʻlsa ham, baribir, insondan harakat boʻlishi kerak. Allohning irodasi–shu. Agar shunday boʻlmaganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolari tufayli oʻsha joyda turgan mushriklarning jonini bir lahzada olib qoʻyish Alloh uchun hech gap emas edi. Lekin Alloh taolo Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam va moʻminlarning harakatlari orqali oʻz tadbirini zohir qilishni xohlagan edi. Ikkinchidan, moʻminlarni harakatlar qildirib, mashaqqatlarga yoʻliqtirib, goʻzal sinov ila sinashni iroda qilgan edi.
«Va moʻminlarni goʻzal sinov ila sinash uchun (shunday qildi)».
Qurʼon istilohida «goʻzal sinov» iborasi savobga erishish yoʻlida chekilgan mashaqqat va qiyinchilikka aytiladi.
«Albatta, Alloh eshitguvchi va bilguvchi zotdir».
U sizning qilgan duo, iltijolaringizni eshitdi va sizlarga yordam berdi.
«Chunki U duolarni eshitguvchi va kimning gʻalaba va nusratga haqli (munosib) ekanini bilguvchi zotdir». (Ibn Kasirdan.)