۞ وَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّمَا غَنِمْتُم مِّن شَىْءٍ فَأَنَّ لِلَّهِ خُمُسَهُۥ وَلِلرَّسُولِ وَلِذِى ٱلْقُرْبَىٰ وَٱلْيَتَـٰمَىٰ وَٱلْمَسَـٰكِينِ وَٱبْنِ ٱلسَّبِيلِ إِن كُنتُمْ ءَامَنتُم بِٱللَّهِ وَمَآ أَنزَلْنَا عَلَىٰ عَبْدِنَا يَوْمَ ٱلْفُرْقَانِ يَوْمَ ٱلْتَقَى ٱلْجَمْعَانِ ۗ وَٱللَّهُ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va agar Allohga, furqon kuni — ikki jamoat to`qnashgan kuni bandamizga nozil qilgan narsamizga iymon keltirgan bo`lsangiz, bilingki, o`ljaga olgan narsangizdan beshdan biri Allohga, Rasuliga, yaqinlariga, yetimlarga, miskinlarga va musofirlargadir. Va Alloh har bir narsaga qodirdir.Ва агар Аллоҳга, фурқон куни — икки жамоат тўқнашган куни бандамизга нозил қилган нарсамизга иймон келтирган бўлсангиз, билингки, ўлжага олган нарсангиздан бешдан бири Аллоҳга, Расулига, яқинларига, етимларга, мискинларга ва мусофирларгадир. Ва Аллоҳ ҳар бир нарсага қодирдир.Alauddin Mansour: Agar Allohga va (haq bilan nohaqning) ajralish kunida — ikki jamoa toʻqnashgan kunda, bandamiz (Muhammadga) nozil qilganimiz (oyatlar va farishtalardan iborat) narsaga iymon keltirguvchi boʻlsangizlar, bilingizki, oʻlja qilib olgan narsangizning beshdan biri Alloh uchun, paygʻambar uchun va u zotning qarindosh-urugʻi, yetimlar, miskinlar va musofirlar uchundir. Alloh hamma narsaga qodirdir.Агар Аллоҳга ва (ҳақ билан ноҳақнинг) ажралиш кунида — икки жамоа тўқнашган кунда, бандамиз (Муҳаммадга) нозил қилганимиз (оятлар ва фаришталардан иборат) нарсага иймон келтиргувчи бўлсангизлар, билингизки, ўлжа қилиб олган нарсангизнинг бешдан бири Аллоҳ учун, пайғамбар учун ва у зотнинг қариндош-уруғи, етимлар, мискинлар ва мусофирлар учундир. Аллоҳ ҳамма нарсага қодирдир.
Ushbu oyati karimada zikri kelgan
«Furqon kuni-ikki jamoat toʻqnashgan kuni»dan murod Badr urushi kunidir. Chunki, ayni oʻsha kun Alloh taolo haq bilan botilni farq qilgan, ajratgan kundir. Oʻsha kun musulmonlar bilan mushriklar toʻqnashgan kundir. Oyatda Badr urushi kuni Rasulullohga nozil qilingan oyatlarga iymon keltirishlik Allohga iymon keltirish bilan birga zikr etilmoqda. Oʻsha kuni nozil qilingan oyati karimalar oʻljani taqsimlashga ham taalluqli edi. Ana oʻsha oyatlardagi hukmlarga amal qilsalar, iymonlari borligiga dalolat boʻlishi taʼkidlanmoqda.
«Va agar Allohga, furqon kuni–ikki jamoat toʻqnashgan kuni bandamizga nozil qilgan narsamizga iymon keltirgan boʻlsangiz», deyilmoqda.
Soʻngra esa, oʻshandoq iymon taqozosiga oid, toʻliq rozilik bilan qabul etilishi lozim boʻlgan oʻljalar taqsimi haqidagi hukm bayon qilinmoqda:
«...bilingki, oʻljaga olgan narsangizdan beshdan biri Allohga, Rasuliga, yaqinlariga, yetimlarga, miskinlarga va musofirlargadir. Va Alloh har bir narsaga qodirdir».
Jihod paytida qoʻlga tushgan oʻljalarning beshdan toʻrti mujohidlarga boʻlib beriladi. Qolgan bir qismi esa, ushbu oyatda zikr qilingan toifalarga ajratiladi:
1) Alloh taologa;
2) Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga;
3)Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning yaqinlariga;
4) yetimlarga;
5) miskinlarga;
6) musofirlarga, yaʼni, gunoh uchun boʻlmagan, muboh safar vaqtida ogʻir iqdisodiy ahvolga tushib qolganlarga boʻlib beriladi. Gunoh ishlar niyatida safar qilgan boʻlsalar, berilmaydi. Allohga va Rasuliga atalgan ulushlar musulmonlarning umumiy manfaatlari yoʻlida sarflanadi.