إِذْ أَنتُم بِٱلْعُدْوَةِ ٱلدُّنْيَا وَهُم بِٱلْعُدْوَةِ ٱلْقُصْوَىٰ وَٱلرَّكْبُ أَسْفَلَ مِنكُمْ ۚ وَلَوْ تَوَاعَدتُّمْ لَٱخْتَلَفْتُمْ فِى ٱلْمِيعَـٰدِ ۙ وَلَـٰكِن لِّيَقْضِىَ ٱللَّهُ أَمْرًا كَانَ مَفْعُولًا لِّيَهْلِكَ مَنْ هَلَكَ عَنۢ بَيِّنَةٍ وَيَحْيَىٰ مَنْ حَىَّ عَنۢ بَيِّنَةٍ ۗ وَإِنَّ ٱللَّهَ لَسَمِيعٌ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: O`shanda sizlar (vodiyning Madinaga) yaqin tarafida, ular uzoq tarafida, otliqlar esa sizdan pastda edi. Agar va'dalashib olganingizda ham, kelishilgan joy va vaqtda xilof qilardingiz. Lekin Alloh qilinishi kerak bo`lgan ishni hal etishi uchun, halok bo`ladigan odam ochiq-oydin hujjat bilan halok bo`lishi uchun, yashashi kerak bo`lgan odam ochiq-oydin hujjat bilan yashashi uchun (to`qnashdingiz). Va, albatta, Alloh eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.Ўшанда сизлар (водийнинг Мадинага) яқин тарафида, улар узоқ тарафида, отлиқлар эса сиздан пастда эди. Агар ваъдалашиб олганингизда ҳам, келишилган жой ва вақтда хилоф қилардингиз. Лекин Аллоҳ қилиниши керак бўлган ишни ҳал этиши учун, ҳалок бўладиган одам очиқ-ойдин ҳужжат билан ҳалок бўлиши учун, яшаши керак бўлган одам очиқ-ойдин ҳужжат билан яшаши учун (тўқнашдингиз). Ва, албатта, Аллоҳ эшитгувчи ва билгувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Oʻshanda sizlar (Madinaga) yaqinroq tarafda, ular (yaʼni, mushriklarning qoʻshinlari) yiroqroq tarafda, otliqlar (yaʼni, sizlar oʻlja qilib olmoqchi boʻlgan karvon) esa sizlardan quyiroqda (dengiz sohili boʻylab ketmoqda) edilar. Agar mushriklar bilan jang qilish uchun (avvaldan) vaʼdalashganlaringizda, biron muayyan vaqtga kelisha olmagan boʻlur edingiz. Lekin Alloh halok boʻlguvchilar (yaʼni, kofirlik yoʻlini tutguvchilar) ochiq hujjat bilan (yaʼni, Allohning moʻʼjizasiga guvoh boʻlgan hollarida) halok boʻlsinlar, tirik qolguvchilar (yaʼni, iymoniga keluvchilar) ham ochiq hujjat bilan tirik qolsinlar, deb qilinuvchi boʻlgan ishni (yaʼni, musulmonlarning gʻalaba qozonishlari, kofirlarning magʻlub boʻlishlarini) amalga oshirish uchun (sizlarni toʻqnashtirib qoʻydi). Shak-shubhasiz, Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.Ўшанда сизлар (Мадинага) яқинроқ тарафда, улар (яъни, мушрикларнинг қўшинлари) йироқроқ тарафда, отлиқлар (яъни, сизлар ўлжа қилиб олмоқчи бўлган карвон) эса сизлардан қуйироқда (денгиз соҳили бўйлаб кетмоқда) эдилар. Агар мушриклар билан жанг қилиш учун (аввалдан) ваъдалашганларингизда, бирон муайян вақтга келиша олмаган бўлур эдингиз. Лекин Аллоҳ ҳалок бўлгувчилар (яъни, кофирлик йўлини тутгувчилар) очиқ ҳужжат билан (яъни, Аллоҳнинг мўъжизасига гувоҳ бўлган ҳолларида) ҳалок бўлсинлар, тирик қолгувчилар (яъни, иймонига келувчилар) ҳам очиқ ҳужжат билан тирик қолсинлар, деб қилинувчи бўлган ишни (яъни, мусулмонларнинг ғалаба қозонишлари, кофирларнинг мағлуб бўлишларини) амалга ошириш учун (сизларни тўқнаштириб қўйди). Шак-шубҳасиз, Аллоҳ эшитгувчи, билгувчидир.
Ushbu oyati karimada Alloh subhanahu va taolo Badr urushidan oldin musulmonlar va ularning dushmanlari boʻlmish Quraysh mushriklarining joylashuvi va Abu Sufyon boshliq karvonning holini hamda ana oʻsha ishlardagi ilohiy hikmatlarni ajoyib uslub ila bayon qilmoqda. Bu ilohiy bayonni sinchilab oʻrgangan odam Qurʼoni Karimning ilohiy kitobligiga yana bir bor tan bermay iloji yoʻq.
«Oʻshanda sizlar (vodiyning Madiynaga) yaqin tarafida, ular uzoq tarafida, otliqlar esa sizdan pastda edi».
Yaʼni, Badr urushi kuni sizlar, ey musulmonlar, vodiyning Madiynaga yaqin tarafiga kelib tushdingiz. Mushriklar vodiyning Madiynadan uzoq tarafiga kelib tushdilar. Karvondagi otliqlar esa, siz turgan joyning pastrogʻidan yurib, sohil boʻylab oʻtib ketdi. Siz bilan mushriklar oʻrtasida tepalik boʻlib, bir-biringizni koʻrmas edingiz.
Avval aytib oʻtganimizdek, musulmonlar Abu Sufyon boshliq Shomdan kelayotgan tijorat karvonini toʻsib chiqishgan edi. Mushriklar esa, Makkadan oʻsha karvonni himoya qilish uchun otlangan edilar. Ular ham, bular ham, karvonni topa olmay, bir-biridan bexabar, bir joyga tushdilar. Musulmonlar ham, mushriklar ham bir joyga, bir vaqtning oʻzida oʻzlaricha keldilar.
«Agar vaʼdalashib olganingizda ham, kelishilgan joy va vaqtda xilof qilardingiz».
Yaʼni, vadalashib, uchrashuv joyi va vaqtini oldindan kelishib olganingizda ham, bunchalik aniq duch kelmagan boʻlar edingiz. Shuning oʻzi ham koʻrsatib turibdiki, Badr urushidagi voqealar Allohning tadbiri va irodasi bilan boʻlmoqda. Ishlar tadbirini olishdan Allohning maqsadi esa:
«...Alloh qilinishi kerak boʻlgan ishni hal etishi uchun» edi.
Islom haq sifatida kishilar qalbidan joy olib boʻlgan, endi, uni voqelikda, kishilar hayotida ham qaror toptirish zarur edi. U butun insoniyatga ikki dunyo saodatini taʼminlovchi ilohiy tuzum, kishilar hayotining barcha sohalarida ilohiy dastur sifatida oʻz oʻrnini tutishi kerak edi. Kofirlar tanlagan yoʻl halokatga olib borishining xabarini berish darkor. Musulmonlar oʻzlari uchun qanday hayotni tanlab olganlari ham hammaga oshkor boʻlishi lozim. Mana shularning hammasini Alloh taolo bir kunmas bir kun roʻyobga chiqarishi muqarrar edi.
Alloh taolo oʻsha ishni hal etib qoʻya qolish uchun Badr kunini tanladi va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi musulmonlar bilan kofirlar oʻrtasidagi jang aynan Badr degan joyda sodir boʻlishini iroda qildi.
«Lekin Alloh qilinishi kerak boʻlgan ishni hal etishi uchun, halok boʻladigan odam ochiq-oydin hujjat bilan halok boʻlishi uchun, yashashi kerak boʻlgan odam ochiq-oydin hujjat bilan yashashi uchun (toʻqnashdingiz)».
Shunday boʻldi ham. Alloh mushriku kofirlarni musulmonlar qoʻli bilan magʻlub qildi. Allohning haq dini zohir boʻlib, voqelikka chiqishiga musulmonlar vosita qilindi. Qilinishi kerak boʻlgan ish hal etildi. Shu kuni Allohga, Uning Rasuliga, diniga va musulmon bandalariga urush ochib, oʻzlariga halokat yoʻlini ixtiyor etgan mushriklarga qarshi ochiq-oydin hujjat sobit boʻldi. Shuningdek, Allohning yoʻlida, Uning dini–Islom yoʻlida, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni himoya qilish yoʻlida jonlarini va mollarini fido etib, kofirlarga qarshi jihod qilgan musulmonlar hayot yoʻlini, halokatdan qutulish yoʻlini tanlaganlariga ochiq-oydin hujjat sobit boʻldi.
«Va, albatta, Alloh eshitguvchi va bilguvchi Zotdir».
U zot har bir narsani eshitib turadir. U zot har bir narsani koʻrib turadir. Hamda ana oʻsha Oʻzi eshitgan va koʻrgan narsalari haqida hisob kitob qiladir.
Kelasi oyati karimada ham Badr urushida boʻlib oʻtgan baʼzi hodisalarni eslatish davom etadi.