يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِذَا لَقِيتُمْ فِئَةً فَٱثْبُتُوا۟ وَٱذْكُرُوا۟ ٱللَّهَ كَثِيرًا لَّعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! (Kofir) jamoatga ro`baro` kelganingizda, sabotli bo`ling va Allohni ko`p zikr qiling, shoyadki, najot topsangiz.Эй, иймон келтирганлар! (Кофир) жамоатга рўбарў келганингизда, саботли бўлинг ва Аллоҳни кўп зикр қилинг, шоядки, нажот топсангиз.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, (kofir) jamoatga roʻbaroʻ boʻlganingizda, sabotli boʻlingiz va doimo Allohni yod etingiz, shoyad najot topursizlar.Эй мўминлар, (кофир) жамоатга рўбарў бўлганингизда, саботли бўлингиз ва доимо Аллоҳни ёд этингиз, шояд нажот топурсизлар.
Ushbu oyati karimada musulmonlarga gʻalabaning ikkita katta omilini amalga oshirish amr qilinmoqda.
Birinchi omil–dushman jamoasi bilan toʻqnashganda sabotli boʻlish. Albatta, sabot boʻlmasa, jangda hech kim gʻolib kela olmaydi. Musulmonlar ushbu ilohiy amrga ixlos bilan amal qilgan paytlarida butun dunyoga ega boʻldilar. Avvalgi musulmonlar sabotda hammaga dars berardilar. Shu bois, ular oʻzlari ham, qurollari ham oz boʻlsa-da, Allohga boʻlgan kuchli iymonlari va sabotlari tufayli dunyoda eng katta va qudratli hisoblangan Rum va Fors saltanatlarini tezda tor-mor qildilar. Dunyoda iymon va hurriyat nurining taralishiga sababchi boʻldilar.
Dushmanga roʻbaroʻ kelganda najot topish uchun ikkinchi muhim omil–Allohni koʻp zikr qilish. Chunki, Allohni zikr qilgan odam magʻlubiyat neligini bilmaydigan kuchga murojaat etgan boʻladi. Yordam soʻragan iymonli bandalariga albatta nusrat berguvchi Zotning Oʻzigagina murojaat qilgan boʻladi. Bitmas-tuganmas kuch-qudrat manbaiga murojaat qilgan boʻladi. Bu esa, albatta, najot topishning yoʻlidir.