وَأَطِيعُوا۟ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَنَـٰزَعُوا۟ فَتَفْشَلُوا۟ وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ ۖ وَٱصْبِرُوٓا۟ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ مَعَ ٱلصَّـٰبِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O`zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir.Аллоҳга ва Унинг Расулига итоат қилинг. Ўзаро низо қилманг, у ҳолда тушкунликка учрайсиз ва куч-қувватингиз кетадир. Ва сабр қилинг. Албатта, Аллоҳ сабр қилгувчилар биландир.Alauddin Mansour: Va Alloh hamda Uning paygʻambariga itoat qilingiz va (oʻzaro) talashib-tortishmangizki, u holda sustlashib, kuch-quvvatingiz ketur. Sabr-toqat qilingiz! Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir.Ва Аллоҳ ҳамда Унинг пайғамбарига итоат қилингиз ва (ўзаро) талашиб-тортишмангизки, у ҳолда сустлашиб, куч-қувватингиз кетур. Сабр-тоқат қилингиз! Албатта, Аллоҳ сабр қилгувчилар билан биргадир.
Gʻalaba omillaridan yana biri–Allohga va Uning Rasuliga itoat qilish boʻlib, u nafaqat urush maydonidagi, balki barcha sohalardagi gʻalaba va muvaffaqiyatlarning asosiy garovidir. Maʼlumki, urushda qoʻmondolikka itoat katta ahamiyatga ega. Bu oddiy bandalarga itoat haqidagi gap. Endi, olamlarning yaratguvchisi va tadbirini qilguvchisiga, U zotning tanlab olgan oxirgi Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga boʻladigan itoat qanchalar ulugʻ ekanini, qanchalik muvaffaqiyatlar garovi ekanini oʻzimiz bilib olaverishimiz kerak. Yana shuni ham aytib oʻtishimiz kerakki, itoat deganda, umumiy va har bir narsadagi itoat tushunilmogʻi lozim. Musulmonlarning Allohga va Uning Rasuliga itoatlari qancha koʻp boʻlsa, muvaffaqiyatlari ham shunchalik koʻp boʻlaveradi. Shuning uchun ham, Qurʼoni Karimda bu amr qayta-qayta takrorlanadi. Ushbu, musulmonlarni gʻalabaga olib boruvchi omillar ichida ham Alloh taolo Oʻzining moʻmin bandalariga nido qilib:
«Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling»,–demoqda.
Rivoyat qilinishicha, gʻazotlardan birida musulmonlarning ishlari uncha yurishmabdi. Nima kamchilik oʻtdi ekan, deb uzoq oʻylashibdi. Shunda, bittalari sunnatlardan biriga amal qilmay qoʻyganlarini eslabdi. Askarga oʻsha amalni ado qilish amr qilinibdi. Soʻngra, gʻalaba ham kelibdi.
Ushbu oyatda zikr qilinayotgan gʻalaba omillaridan yana biri oʻzaro nizo qilmaslikdir.
«Oʻzaro nizo qilmang»,
Oʻzaro nizoning oqibati nima boʻlishi oyatning oʻzida aytilgan:
«...u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir».
Islom tarixida musulmonlarning hamma magʻlubiyatlari ichki nizolar oqibatida sodir boʻlgan. Musulmonlar tarixiga taammul ila nazar tashlansa, uni yaxshilab oʻrganilsa, Badr urushidan, hozir biz oʻrganayotgan oyati karimalar soʻz yuritayotgan Islom dushmanlari bilan birinchi toʻqnashuvdan tortib, to bugungi kunimizgacha musulmonlarni hech qanday tashqi kuch yenga olmagan. Musulmonlar oʻz dushmanlaridan qancha yengilgan boʻlsalar, faqatgina dinlaridan uzoqlashib, oʻzaro ichki nizo qilganlaridagina yengilganlar.
«Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir».
Sabr urushda juda asqotadigan sifatdir. Sabr boʻlmasa, hech bir narsada, jumladan, urushda ham muvaffaqiyatga erishish mahol.
Ushbu oyatlarda Alloh taolo moʻminlar dushman bilan toʻqnashganda oʻzlarini qanday tutishlari lozimligini oʻrgatadi. Xuddi shu maʼnolarni taʼkidlab kelgan hadislar ham bor. Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dushmanga roʻbaroʻ kelgan kunlardan birida quyosh zavolga ketgunigacha qarab turdilar, soʻngra, odamlar orasiga kirib:
«Ey odamlar, dushmanga roʻbaroʻ kelishni orzu qilmanglar, Allohdan ofiyat soʻranglar. Ularga roʻbaroʻ kelganingizda esa, sabr qiling va bilingki, jannat qilichlarning soyasidadir»,–dedilar. Soʻngra, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻrinlaridan turdilar va: «Ey, bor Xudoyo, kitobni nozil qilguvchi, bulutlarni surguvchi, toʻdalarni yenguvchi, bularni ham yenggin, bizga nusrat bergin»,–dedilar».
Musulmonlar mazkur koʻrsatmalarga amal qilgan vaqtlarida doimo gʻolib kelganlar. Bu sohada ayniqsa sahobai kiromlarning oldiga tushadigan hech kim yoʻq edi. Bu haqda Imoduddin ibn Kasir rahmatullohi alayhi tafsirlarida quyidagilarni yozadilar:
«Sahobalar roziyallohu anhum shijoatda, Allohning va Rasulining amrini ado etishda, oʻzlariga berilgan koʻrsatmalarga amal qilishda oldingi barcha millat va asrlardan ustun edilar. Keyin ham hech kim ularday boʻla olmadi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari va amrlariga itoat qilganlari sababli qalblarni va yurtlarni fath qildilar. Ozgina vaqtda sharqqa ham, gʻarbga ham yetib bordilar. Ularning soni Rum, Fors, Turk, Saqolliya, Barbar, Habash, Sudan, Qibt va boshqa toifalarga qaraganda juda ham oz edi. Lekin hammalari ustidan gʻolib keldilar. Bas, Allohning kalimasi oliy boʻldi, Uning dini boshqa dinlardan ustun boʻldi. Oʻttiz yildan oz vaqtda Islom mamlakatlari mashriqdan magʻribgacha kengaydi. Alloh ulardan rozi boʻlsin va ularni ham rozi qilsin. Bizlarni ham oʻshalar bilan birga jam qilsin. Albatta, U, Karim va Vahhobdir!»
Keyingi oyatda Alloh taolo moʻminlarni kofirlar kabi beodoblik va gunohlar qilishdan qaytaradi: