وَإِذْ زَيَّنَ لَهُمُ ٱلشَّيْطَـٰنُ أَعْمَـٰلَهُمْ وَقَالَ لَا غَالِبَ لَكُمُ ٱلْيَوْمَ مِنَ ٱلنَّاسِ وَإِنِّى جَارٌ لَّكُمْ ۖ فَلَمَّا تَرَآءَتِ ٱلْفِئَتَانِ نَكَصَ عَلَىٰ عَقِبَيْهِ وَقَالَ إِنِّى بَرِىٓءٌ مِّنكُمْ إِنِّىٓ أَرَىٰ مَا لَا تَرَوْنَ إِنِّىٓ أَخَافُ ٱللَّهَ ۚ وَٱللَّهُ شَدِيدُ ٱلْعِقَابِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: O`shanda shayton ularga amallarini ziynatlab ko`rsatdi va: «Bu kunda odamlardan sizga g`olib kela oladigan hech kim yo`q. Men sizning homiyingizman», – dedi. Ikki jamoa bir-birini ko`rganida esa, orqasiga qaytdi va: «Albatta, men siz ko`rmayotgan narsani ko`rmoqdaman. Men Allohdan qo`rqaman», – dedi. Alloh iqobi shiddatli Zotdir.Ўшанда шайтон уларга амалларини зийнатлаб кўрсатди ва: «Бу кунда одамлардан сизга ғолиб кела оладиган ҳеч ким йўқ. Мен сизнинг ҳомийингизман», – деди. Икки жамоа бир-бирини кўрганида эса, орқасига қайтди ва: «Албатта, мен сиз кўрмаётган нарсани кўрмоқдаман. Мен Аллоҳдан қўрқаман», – деди. Аллоҳ иқоби шиддатли Зотдир.Alauddin Mansour: Oʻshanda, shayton ularga qilayotgan ishlarini chiroyli koʻrsatib: «Bu kun sizlardan gʻolib boʻladigan biron odam yoʻq, oʻzim sizlarning homiyingizman», dedi. Endi qachonki ikki jamoat uchrashganida esa, ketiga qaytib ketdi va: «Albatta, men sizlardan bezorman. Men (musulmonlar orasida) sizlar koʻrmayotgan narsani (yaʼni, farishtalar borligini) koʻrmoqdaman. Men Allohdan qoʻrqaman. Allohning azobi qattiqdir», dedi.Ўшанда, шайтон уларга қилаётган ишларини чиройли кўрсатиб: «Бу кун сизлардан ғолиб бўладиган бирон одам йўқ, ўзим сизларнинг ҳомийингизман», деди. Энди қачонки икки жамоат учрашганида эса, кетига қайтиб кетди ва: «Албатта, мен сизлардан безорман. Мен (мусулмонлар орасида) сизлар кўрмаётган нарсани (яъни, фаришталар борлигини) кўрмоқдаман. Мен Аллоҳдан қўрқаман. Аллоҳнинг азоби қаттиқдир», деди.
Yaʼni, Badr urushi kuni shayton mushriklarni vasvasaga solib, musulmonlarga qarshi urush olib borishlarini ziynatlab, yaxshi ish qilib koʻrsatdi. Qoʻrqmasdan urushga kirishlari uchun:
«Oʻshanda shayton ularga amallarini ziynatlab koʻrsatdi va: Bu kunda odamlardan sizga gʻolib kela oladigan hech kim yoʻq»,–dedi.
Yaʼni, xotirjam urushga kiravering, oz sonli, zaifhol bu musulmonlar kim boʻlibdi. Siz shunchalik kuch-quvvatga egasizki, sizga nafaqat musulmonlar, balki boshqalar ham gʻolib kela olmaydi, dedi. Bu soʻzlarning ortidan yana qoʻshimcha qilib:
«Men sizlarning homiyingizman»,–deb qoʻydi.
Yaʼni, bir narsa boʻlsa, men oʻzim turibman, qoʻrqmanglar, dedi.
«Ikki jamoa bir-birini koʻrganida esa, orqasiga qaytdi».
Yaʼni, musulmonlar bir tomondan, mushriklar boshqa bir tomondan jang maydoniga qarab yurib, bir-birlariga yaqin kelganda esa, shayton orqasiga qarab qochdi. Mushriklarni vasvasa qilish, ularning ishini ziynatlab koʻrsatish toʻxtadi. U orqaga qarab qochayotib, mushriklarga:
«Albatta, men siz koʻrmayotgan narsani koʻrmoqdaman. Men Allohdan qoʻrqaman», – dedi.
Demak, shayton mushriklar magʻlubiyatga uchrashlari shubhasiz ekanligini koʻrgan, shuning uchun qochgan.
Ushbu oyati karima xususida qadimgi tafsirchilarimiz koʻplab rivoyatlarni keltirganlar. Ularda shaytonning qaysi holatda kelgani, qanday qilib mushriklarga amallarini ziynatlab koʻrsatgani, nimani koʻrib qolib qochgani haqida turli maʼlumotlar keltirilgan. Ammo, bu maʼlumotlar rivoyat kimdan olingan boʻlsa, oʻsha kimsaning fikrini va tushunchasini ifoda etadi, xolos.
Biz Qurʼoni Karimdagi vasfga umumiy tasavvur berish bilan kifoyalanamiz. Bu ishlar qanday sodir boʻlganini Allohning Oʻzi biladi. Ushbu oyati karimaga qoʻshimcha Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan bitta hadisi sharif ham bu bobdagi tushunchalarimizni toʻldiradi.
Imom Molik ibn Anas oʻzlarining «Muvatto» nomli kitoblarida Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Shayton hech qachon Arafa kunidagidek kichkina, haqir, magʻlub va gʻazabnok koʻrinmaydi. Bu hol rahmatning nozil boʻlganini va gunohlarning afv etilganini koʻrgani uchundir. Ammo, Badr kuni koʻrgani undan ham oʻtib tushdi»,–dedilar.
«Ey, Allohning Rasuli, Badr kuni u nimani koʻrdi?»–deb soʻradilar.
«U Jabroilning farishtalarni yetaklab kelayotganini koʻrdi»,– dedilar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam..