كَمَآ أَخْرَجَكَ رَبُّكَ مِنۢ بَيْتِكَ بِٱلْحَقِّ وَإِنَّ فَرِيقًا مِّنَ ٱلْمُؤْمِنِينَ لَكَـٰرِهُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, bu holat, mo`minlardan bir guruhi yoqtirmagan bo`lsalar ham, Robbing seni haq ila uyingdan chiqarganga o`xshaydi.Албатта, бу ҳолат, мўминлардан бир гуруҳи ёқтирмаган бўлсалар ҳам, Роббинг сени ҳақ ила уйингдан чиқарганга ўхшайди.Alauddin Mansour: (Bu oʻlja taqsimotida chiqqan mojaro) xuddi moʻminlardan bir guruhi (urushni) aniq yomon koʻrib turgan hollarida, Parvardigoringiz haq hukm bilan sizni uyingizdan (janggohga) chiqarganga oʻxshaydi.(Бу ўлжа тақсимотида чиққан можаро) худди мўминлардан бир гуруҳи (урушни) аниқ ёмон кўриб турган ҳолларида, Парвардигорингиз ҳақ ҳукм билан сизни уйингиздан (жанггоҳга) чиқарганга ўхшайди.
Yaʼni, oʻlja taqsimotining baʼzi kishilarga yoqmay turish holati, xuddi seni Alloh uyingdan Badrga urush qilish uchun chiqargandagi holatga oʻxshaydi. Ushbu ikki ish–oʻljani boʻlish va gʻazotga chiqishning bir-biriga oʻxshashliklari bor. Oʻlja taqsimoti bir guruh moʻminlarga yoqmaganidek, urushga chiqish ham baʼzi bir moʻminlarga yoqmagan edi. Lekin bir guruh moʻminlar xohlamasalar ham, Alloh taolo oʻljalarni taqsimlashga amr qildi. Shuning kabi, baʼzi moʻminlarga yoqmasa-da, Alloh taolo urushga chiqishga amr etdi. Oyati karimadan koʻrinib turibdiki, baʼzi bir moʻminlar Badr urushida ishtirok etishni xohlamaganlar. Ammo, ularga xush kelmasa ham, Alloh bu urushga borishni amr qilgan.
Imom Abu Bakr ibn Murdavayh qilgan rivoyatda Abu Ayyub al- Ansoriy roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Madiynada ekanimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga Abu Sufyonning karvoni kelayotgani haqida xabar yetdi. Ushbu karvonning yoʻliga chiqsak, shoyad, Alloh uni bizga oʻlja qilib bersa. Shunga nima deysizlar?»–dedilar. Biz xoʻp dedik. Yoʻlga chiqdik. Bir kunmi, ikki kunmi yoʻl yurganimizdan keyin bizga: «Ular bilan urushadigan boʻlsak nima deysizlar? Ularga sizning chiqqaningizning xabari berildi»,– deb soʻradilar. Biz: «Yoʻq. Allohga qasamki, dushman bilan jang qilishga bizda toqat yoʻq»,–dedik. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: «U qavm bilan jang qilishga nima deysiz?»–dedilar. Biz avvalgi gapimizga oʻxshash gap aytdik. Miqdod ibn Amr: «Undoq boʻlsa, Ey, Allohning Rasuli, biz sizga Musoning qavmi Musoga aytganidek: «Sen va Robbing ikkovlaring ular bilan urishaveringlar, biz esa bu yerda oʻtirib turamiz», demaymiz...» degan gaplarni aytdi. Biz, ansoriylar jamoasi agar Miqdod ibn Amrning gapiga oʻxshash gapni aytganimizda, u ishimiz bizga ulkan molu dunyodan ham mahbubroq boʻlar edi, deb orzu qildik. Shunda Alloh taolo: «Albatta, bu holat, moʻminlardan bir guruhi yoqtirmagan boʻlsalar ham, Robbing seni haq ila uyingdan chiqarganga oʻxshaydi», oyatini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qildi.