إِذَا تُتْلَىٰ عَلَيْهِ ءَايَـٰتُنَا قَالَ أَسَـٰطِيرُ ٱلْأَوَّلِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qachon unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, «avvalgilarning afsonalari», der.Қачон унга оятларимиз тиловат қилинса, «аввалгиларнинг афсоналари», дер.Alauddin Mansour: Qachon (unday kimsaga) Bizning oyatlarimiz tilovat qilinsa, u: «(Bu) avvalgilardan (qolgan) afsonalar», der.Қачон (ундай кимсага) Бизнинг оятларимиз тиловат қилинса, у: «(Бу) аввалгилардан (қолган) афсоналар», дер.
Ularning halokatlarining boshlanishi shu yerda. Alloh taolo barchani hidoyatga boshlash uchun Oʻz oyatlarini Qurʼon sifatida nozil qildi. Qurʼon oyatlari ularga tilovat qilib berildi. Ular Allohning oyatlarini tingladilar. Aslida, Qurʼon oyatini tinglaganidan keyin unga iymon keltirib, amal qilishlari kerak edi. Mazkur yolgʻonga chiqaruvchilar esa, uni «oʻtganlarning afsonasi», deb tuhmat qildilar. Afsona–asli yoʻq, xayolda toʻqib olingan safsata, deganidir. Holbuki, Alloh taoloning kalomi hurmat qilinmogʻi, toʻgʻri baholanmogʻi, iymon keltirilmogʻi va dasturulamal qilib olinmogʻi kerak edi. Allohning kalomiga shunchalar hurmatsizlik qilgan nobakor haddan oshishi, oʻta gunohkor boʻlishi turgan gap. Oqibat esa, maʼlum.
Ha, qiyomat kunini yolgʻonga chiqaruvchilar, ularga Alloh taoloning oyatlari tilovat qilinsa, bu–oʻtganlarning afsonalari, deydilar.