أَلَمْ تَرَ كَيْفَ فَعَلَ رَبُّكَ بِعَادٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sening Robbing Odga qanday (muomala) qilganini bilmadingmi?Сенинг Роббинг Одга қандай (муомала) қилганини билмадингми?Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Parvardigoringiz Od (qabilasi)ni qanday (halokatga duchor) qilganini koʻrmadingizmi?(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Парвардигорингиз Од (қабиласи)ни қандай (ҳалокатга дучор) қилганини кўрмадингизми?
Yaʼni, ey Habibim, Muhammad, sen Robbing baland ustunli Iram shahrining aholisi–Od qabilasini, boshqa yurtlarda kuch-quvvatda misli yoʻq qabilani nima qilganini bilgandirsan?
Ha, Hud alayhissalomning qavmi boʻlmish Od qavmi qissasi oʻsha paytda Arabiston yarim oroli aholisiga, jumladan, Makka ahliga ham maʼlum va mashhur edi. Chunki, bu hodisalar ularga yaqin joylarda boʻlib oʻtgan va avloddan avlodga naql qilinib kelar edi. Shuning uchun ham, ushbu «Fajr» surasida mazkur uslubdagi savol berilmoqda. Endi biz ham qissa bilan qisqacha tanishib olaylik.
Od qabilasi qumli sahroli yerda, qomatlariga mos baland-baland ustunli chodirlardan yasalgan shaharda istiqomat qilganlar. Qabila aʼzolari nihoyatda baquvvat, devqomat, sersavlat odamlar boʻlgan. Lekin jussalari katta boʻlsa ham, aqllari qisqa, fikr yuritish doiralari juda tor boʻlgan. Ular toshlardan yasalgan but-sanamlarga sigʻinganlar. Alloh taolo ularga oʻz ichlaridan Hud alayhissalomni Paygʻambar qilib yuborgan. U kishi qavmlarini Alloh taoloning ibodatiga chaqirgan, lekin qavm, ota-bobolarimizdan qolgan narsani tark etmaymiz, deb oʻz eʼtiqodlarida turganlar. Ular Hud alayhissalomni «Majnunsan» deganlar. Hud Paygʻambar ularga Alloh taoloning aytganini qilmaslik oqibati yomon boʻlishini tushuntirganlar. Lekin qabila ahli oʻz bilganlaridan qolmaganlar. Shunda Allohning azobi boshlangan va yomgʻir yogʻmay qoʻygan. Shundan soʻnggina qabila ahli Hud alayhissalom huzurlariga kelib, nima uchun qurgʻoqchilik boʻlayapti, deb soʻraganlar. Ul zot, Alloh taoloning aytganini qilmaganingiz uchun shunday boʻlyapti, tavba qilinglar, hali ham kech emas, deb javob berganlar. Qavm boʻlsa, u kishini masxara qilib kulib, fisqu fujur qilaverganlar. Bir kuni hammayoqni qora bulut qoplagan. Hud Paygʻambar qavm uchun falokat yaqinlashayotganini aytganlar. Ular boʻlsa: Yoʻq, bu bulut bizga yomgʻirni keltiradi,–deganlar. Ammo birdan juda ham sovuq shamol turgan, hamma narsani sovuq urgan. Odamlar mustahkam chodirlariga kirib olganlar. Qattiq esayotgan sovuq shamol chodirlarni ham yirtib yuborgan, hatto badan terilarini ham shikastlab, teri teshikchalaridan kirgan sovuq va kuchli shamol ularning tana aʼzolarini qoʻporib yuborgan. Shu zaylda esayotgan kuchli sovuq shamol yetti kechayu sakkiz kunduz davom etgan. Shamol hech narsani qoʻymay, barcha narsani va barcha jonzotni halok etgan. Qavm qanchalik jussasi baquvvat, kuchli boʻlishiga qaramay, hech narsa qila olmagan.