وَءَاخَرُونَ مُرْجَوْنَ لِأَمْرِ ٱللَّهِ إِمَّا يُعَذِّبُهُمْ وَإِمَّا يَتُوبُ عَلَيْهِمْ ۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va Allohning amriga havola qilingan boshqalar bor. Ularni yoki azoblaydir yoki tavbalarini qabul qiladir. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.Ва Аллоҳнинг амрига ҳавола қилинган бошқалар бор. Уларни ёки азоблайдир ёки тавбаларини қабул қиладир. Аллоҳ билгувчи ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Yana boshqa bir (guruh, gʻazotga chiqmagan)lar borki, ular Allohning amriga qoldirilurlar — U zot Oʻzi ularni yo azobga giriftor qilar, yoki tavbalarini qabul qilur. Alloh bilim va hikmat Sohibidir.Яна бошқа бир (гуруҳ, ғазотга чиқмаган)лар борки, улар Аллоҳнинг амрига қолдирилурлар — У зот Ўзи уларни ё азобга гирифтор қилар, ёки тавбаларини қабул қилур. Аллоҳ билим ва ҳикмат Соҳибидир.
Ulamolarimiz bu toifadagi odamlar mazkur oyat nozil boʻlgan paytda uch kishi,–Hilol ibn Umayya, Kaʼb ibn Molik va Miror ibn ar-Robiyʼlar edi, deydilar. Ular munofiq emas, balki chin musulmon boʻlganlar, lekin xato qilib, Tabuk gʻazotiga bormay qolganlar. Soʻngra, afsus-nadomat qilganlar-u, ammo Abu Luboba va uning sheriklariga qoʻshilib, oʻzlarini masjid ustuniga bogʻlamaganlar. Abu Luboba va uning sheriklarining tavbalari qabul qilindi, gunohlari kechirildi. Ammo, bu uch kishining amri Allohning Oʻziga havola qilindi. Xohlasa, ularni azoblaydi, xohlasa, tavbalarini qabul qilib, gunohlarini kechiradi.
Shu bilan Tabuk gʻazoti paytida Islom jamiyatida mavjud boʻlgan toʻrt toifa haqidagi umumiy gaplar tamom boʻladi. Keyingi oyatlarda esa, oʻsha toifalarga mansub, ammo alohida taʼkidlash lozim boʻlgan baʼzi guruhlar haqida soʻz ketadi. Yana oʻsha guruhlardan biri: Masjidul Ziror–ziyon masjidi, deb nomlangan masjidni qurgan oʻn ikki kishilik munofiqlar guruhi edi. Masjidul Ziror qissasi Tabuk gʻazotiga bogʻliq hodisalar ichida eng mashhurlaridan biridir.
Imoduddin ibn Kasir roziyallohu anhu oʻz tafsirlarida mazkur masjid va unga bogʻliq kelasi oyatlarning nozil boʻlishi haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madiynaga kelishlaridan oldin u joyda Xazraj qabilasidan Abu Omir Rohib ismli bir odam bor edi. U johiliyat paytida nasroniylikni qabul qilgan, ahli kitoblarning ilmini ham oʻrgangan edi. Johiliyat vaqtida oʻzicha ibodat qilib ham yurardi. U Xazraj qabilasida katta obroʻga ega edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madiynaga hijrat qilib kelib, musulmonlar U zot sollallohu alayhi vasallamning atroflarida toʻplanib, Islomning shaʼni koʻtarilib, Alloh ularni Badr urushi kuni zafar quchdirganida, laʼnati Abu Omir Rohib ochiqdan-ochiq dushmanlik qila boshladi. Qochib chiqib, Makka kofirlari oldiga bordi. Quraysh mushriklarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi urushga chorladi. Ular oʻzlariga qoʻshilgan arab qabilalari bilan Uhud urushiga keldilar. Musulmonlarga nima boʻlsa, boʻldi. Alloh ularni imtihon qildi. Oqibat taqvodorlarniki boʻlib chiqdi. Mazkur fosiq oʻsha urushda ikki tomon orasiga chuqurlar qazib qoʻygan edi. Oʻsha chuqurlarning biriga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yiqilib tushdilar. U kishiga musiybat yetdi. Yuzlari jarohatlandi, tishlari sindi, boshlari yorildi. Urush boshlanishidan oldin Abu Omir ansoriylar orasidagi qavmiga xitob qilib, ularni yordam berishga, uning gapiga kirishga chaqirdi. Ular esa, uning gapini eshitib:
«Alloh seni koʻzimizga koʻrsatmasin! Ey fosiq, ey, Allohning dushmani»,–deb uni soʻkdilar. U:
«Mendan keyin qavmimga yomonlik yetibdi»,–deb orqasiga qaytdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qochib ketishidan oldin Allohning yoʻliga daʼvat qilib, unga Qurʼon oʻqib bergan edilar. U esa, bosh egmay, Islomni qabul qilmay ketgan edi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni uzoq joylarga quvgʻinda boʻlishini soʻrab duo qilgan edilar. Duo quyidagicha ijobat boʻldi. Odamlar Uhud urushini tamom qilganlaridan soʻng, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ishlari rivoj topib ketayotganini koʻrgan Abu Omir Rum podshosi Herakl oldiga qochib borib, undan musulmonlarga qarshi yordam soʻradi. Herakl unga joy berdi, yordam qilishga vaʼda berdi. Shunda, Abu Omir ansoriylar ichidagi oʻz qavmidan boʻlgan munofiqlarga xat yozib, askar bilan kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yengishini aytdi. Ularga turli vaʼdalar berdi. Hamda ularga biror markaz boʻladigan joy qurishni buyurdi. Toki, undan xat olib boradiganlar oʻsha joyda uchrashsinlar. Keyinroq oʻzi kelganda ham oʻsha maskan kuzatish joyi boʻlsin. Bu xatdan keyin haligi munofiqlar Qubo masjidi yaqinida bir masjid qura boshladilar. Uni yaxshilab bitirdilar. Qurilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk gʻazotiga chiqishlaridan avval bitdi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, oʻzlarining masjidlarida namoz oʻqishlarini soʻrashdi. Bu bilan munofiqlar U kishining qoʻllashlariga va iqrorlariga erishmoqchi edilar. Ular masjidni, qish kunlarida zaifhol va bemor kishilar namoz oʻqib tursinlar deb, qurganliklarini aytdilar. Ammo, Alloh Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni unda namoz oʻqishdan Oʻzi asradi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Men safarga joʻnab turibman, agar qaytib kelsak, inshoalloh»,–dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukdan qaytib kelayotganlarida Madiynaga bir kunlik yoki undan ozroq masofa qolganda Jabroil alayhissalom Masjidul Zirorning xabarini olib tushdi. Uni bino qiluvchilar masjidlarida moʻminlar jamoasi orasiga tahlika solish niyatida ekanliklarini bildirdi. Qubo masjidi birinchi kundan boshlab taqvo asosida qurilganini xabar qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlari Madiynaga kirishlaridan oldin u masjidni buzib qoʻyishni topshirib odamlar yubordilar».
Quyida Jabroil alayhissalom olib kelgan mazkur oyatlarni oʻrganishga kirishamiz: