وَعَلَى ٱلثَّلَـٰثَةِ ٱلَّذِينَ خُلِّفُوا۟ حَتَّىٰٓ إِذَا ضَاقَتْ عَلَيْهِمُ ٱلْأَرْضُ بِمَا رَحُبَتْ وَضَاقَتْ عَلَيْهِمْ أَنفُسُهُمْ وَظَنُّوٓا۟ أَن لَّا مَلْجَأَ مِنَ ٱللَّهِ إِلَّآ إِلَيْهِ ثُمَّ تَابَ عَلَيْهِمْ لِيَتُوبُوٓا۟ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ هُوَ ٱلتَّوَّابُ ٱلرَّحِيمُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va ortda qolgan uch kishiga ham. Ularga keng yer tor bo`lib, yuraklari siqilib, Allohdan qochib, o`zgaga borib bo`lmasligiga ishonganlaridan so`ng, tavba qilishlari uchun tavba eshigi ochildi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahimli Zotdir.Ва ортда қолган уч кишига ҳам. Уларга кенг ер тор бўлиб, юраклари сиқилиб, Аллоҳдан қочиб, ўзгага бориб бўлмаслигига ишонганларидан сўнг, тавба қилишлари учун тавба эшиги очилди. Албатта, Аллоҳ тавбаларни қабул қилувчи ва раҳимли Зотдир.Alauddin Mansour: Yana oʻsha uch kishining (tavbalarini ham qabul qildiki), to ularga keng Yer torlik kilib qolguncha va dillari siqilib, Allohning (gʻazabidan) faqat Oʻziga tavba qilish bilangina qutulish mumkin ekanini bilgunlaricha (tavbalari) qoldirilgan edi (yaʼni, tavba qilishga muvaffaq boʻlmagan edilar). Soʻngra (Alloh) tavba qilishlari uchun ularga tavba yoʻlini ochdi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir.Яна ўша уч кишининг (тавбаларини ҳам қабул қилдики), то уларга кенг Ер торлик килиб қолгунча ва диллари сиқилиб, Аллоҳнинг (ғазабидан) фақат Ўзига тавба қилиш билангина қутулиш мумкин эканини билгунларича (тавбалари) қолдирилган эди (яъни, тавба қилишга муваффақ бўлмаган эдилар). Сўнгра (Аллоҳ) тавба қилишлари учун уларга тавба йўлини очди. Албатта, Аллоҳ тавбаларни қабул қилгувчи, меҳрибондир.
Ushbu oyati karimani toʻliq tushunish uchun mazkur uch kishining boʻlib oʻtgan qissalarini yaxshilab oʻrganish lozim. Bu juda ham mashhur va ibratli qissadir. Qurʼoni Karimda uchtaliklari va ularning boshidan oʻtgan holatlarning alohida oyat boʻlib nozil etilishi misli koʻrilmagan bir hodisadir. Bu uch kishining qissasi hamma tarix kitoblarimizda, tafsir va hadis kitoblarimizda rivoyat qilingan. Deyarli hammalari qissa tafsilotlarini mazkur uch kishidan eng mashhurlari Kaʼb ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar. Qissaning xulosasi quyidagicha. Kaʼb ibn Molik shunday hikoya qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilgan gʻazotlardan birortasidan ham qolmagan edim. Faqat Tabuk gʻazotiga ishtirok etmadim. Yana aytish kerakki, Badr gʻazotiga ham chiqmagan edim. Ammo Badrga chiqmaganlardan biror kishi itob qilinmagan. Oʻshanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar Qurayshdan boshqani koʻzlab chiqishgan edilaru, lekin Alloh ular bilan dushmanni kutilmaganda toʻqnashtirdi.
Aqaba kechasida Islom uchun ahdlashilganda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. Garchi Badr odamlar ichida koʻp zikr qilinadigan va mashhurroq boʻlsa ham, men bu ishni Badrga almashtirmayman. Ammo, Tabuk urushiga kelsak, men oʻsha gʻazotdan ortda qolgan chogʻimdagidek kuchli va imkoniyatli boʻlmaganman. Allohga qasamki, oʻsha gʻazotgacha hech qachon ikkita ulovim boʻlgan emas. Oʻshanda ikkita ulovim bor edi. Odatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror gʻazotga boradigan boʻlsalar, sirtdan boshqa tomonga ketayotgan qilib koʻrsatar edilar. Lekin bu safar unday qilmadilar. Gʻazotga qattiq issiq paytida chiqdilar. Safar uzoq, dushman koʻp edi. Musulmonlar toʻliq tayyor boʻlishlari uchun hamma narsani ochiq-oydin qildilar. Qayoqqa ketayotganlarini ham ochiq aytdilar. Musulmonlar koʻp edi. Ularni birov roʻyxatga ham olmas edi. Agar biror odam bormay qolmoqchi boʻlsa, Allohdan vahiy tushmasa, hech kim bilmay maxfiy qolib ketadigan darajada edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gʻazotga chiqqanlarida rosa meva pishgan, salqin joylarni odam xohlaydigan payt edi. Men oʻshanday narsalarni yaxshi koʻrardim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va U kishi bilan birga musulmonlar gʻazotga tayyorgarlik koʻra boshladilar. Men ham ular bilan tayyorgarlik koʻrmoqchi boʻlar edim, ammo hech narsa qilmasdim. Oʻzimga oʻzim: «Agar xohlasam, birpasda qilaman», der edim. Rasululloh va musulmonlar yoʻlga tushganlarida ham men qimirlamadim. Ular ketganlaridan soʻng ham men ikkilanar edim. Orqalaridan yetib olarman, derdim. Koshki, shunday qilgan boʻlsam. Biroq bu menga nasib etmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izlaridan odamlarning orasiga borsam, oʻzimga oʻzim munofiq yoki uzrli odamga oʻxshab koʻrinaverdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukka yetib borgunlaricha meni yodga olmadilar. Tabukda odamlar ichida oʻtirganlarida:
«Kaʼb ibn Molik nima qildi?»–dedilar. Bani Salama qabilasidan bir kishi:
«Ey, Allohning Rasuli, uni ikki choponi va yonboshiga qarashi tutib qoldi»,–dedi. Shunda, haligi odamga Muoz ibn Jabal:
«Yaxshi gap aytmading»,–dedi va «Ey, Allohning Rasuli, uning faqat yaxshiligini bilamiz, xolos»,–deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam indamadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tabukdan qaytib kelayotgani xabarini eshitgach, meni gʻam bosdi. Yolgʻon gapirishni oʻylay boshladim. «Ertaga u kishining gʻazabidan qanday qutulaman»,–der edim. Har bir fikrli odamning oldiga borib bu haqda maslahat soʻrar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetib keldilar. Safardan qaytganda qiladigan odatlari boʻyicha, birinchi, masjidga kirdilar, ikki rakat namoz oʻqidilar. Soʻngra, oʻtirib, odamlar bilan soʻrashishni boshladilar. Gʻazotga bormay qolganlar kelib u kishiga uzr aytib, qasam icha boshladilar. Saksondan koʻproq odam edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning sirtdan aytgan uzrlarini, bayʼatlarini qabul qildilar, ular uchun istigʻfor aytdilar va ichlaridagini Allohga havola etdilar. Navbat menga keldi. U kishiga salom beruvdim, zaxarxanda jilmaydilar va:
«Bu yoqqa kel!»,–dedilar. Yurib borib oldilariga oʻtirdim. U kishi menga:
«Seni nima olib qoldi. Ulov sotib olgan eding-ku?»,–dedilar. Men:
«Ey, Allohning Rasuli, Allohga qasamki, agar sizdan boshqa birorta ahli dunyo qarshisida oʻtirganimda, uzr aytib uning gʻazabidan qutulib ketar edim. Xudo menga tortishish qobiliyatini bergan. Lekin Allohga qasamki, agar bugun yolgʻon gapirib sizni rozi qilsam, albatta, Alloh meni sizning gʻazabingizga duchor etadi. Agar rostini aytsam, mendan xafa boʻlasiz. Nima boʻlsa ham, Allohdan koʻrdim. Allohga qasamki, mening uzrim yoʻq edi. Allohga qasamki, sizdan ortda qolgan chogʻimdek, hech qachon kuchli va imkoniyatli boʻlmagan edim»,–dedim.
Rasululloh alayhissalom:
«Ammo manavi rost gapirdi. Tur, Alloh haqingda hukm qilguncha kut»,–dedilar. Turib ketdim. Bani Salama qabilasi odamlari shoshib ortimdan yetib keldilar va:
«Allohga qasamki, bundan oldin hech gunoh qilganingni bilmagan edik. Boshqa ortda qolganlar kabi uzr aytishdan ham ojiz boʻlding. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gunohing uchun istigʻfor aytsalar kifoya qilar edi»,–deyishdi. Allohga qasamki, ular meni shunchalik ayblashdiki, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib oʻzimni yolgʻonchi qilsammikin, deb ham qoldim. Soʻngra ularga:
«Birorta odam menga oʻxshagan gap aytdimi?»–dedim. Ular:
«Ha. Yana ikki kishi sen aytgan gaplarni aytdi va ularga ham senga aytilgan gaplar aytildi»,–dedilar. Men:
«Ular kimlar?»–dedim. Ular:
«Mirora ibn Robiʼ va Hilol ibn Umayya al-Voqifiy»,–deyishdi. Menga Badrda ishtirok etgan ikki ahli solih, ulardan oʻrnak olib yuradigan kishilarni zikr qilishdi. Ikkovlarini aytishgandan soʻng, yoʻlimda ketaverdim.
Soʻngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortda qolganlardan biz uchovimizga odamlarning gapirishini man qildilar. Odamlar bizdan chetlandilar. Hatto menga yer ham oʻzini olib qochayotgandek koʻrinib qoldi. Yer men taniydigan yerga oʻxshamas edi. Shu holda ellik kun oʻtdi. Ikkala sherigim uylaridan chiqmay oʻtirar edilar. Men ularning ichida kuchli va quvvatlisi edim. Borib musulmonlar bilan birga namoz oʻqirdim, bozorlarni aylanardim. Ammo, hech kim menga gapirmas edi. Namoz oʻqib boʻlib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻtirgan joylariga kelib, u kishiga salom berar edim. Oʻzimcha: «Alik olib, lablarini qimirlatdilarmi yoki yoʻqmi?»–der edim. Imkoni boricha u kishiga yaqin joyda namoz oʻqir va oʻgʻrincha nazar solar edim. Namoz oʻqisam, menga qarar, U kishiga qarasam, koʻzlarini olib qochar edilar. Musulmonlarning mendan oʻzini olib qochishlari choʻzilib ketgandan soʻng, amakivachcham va eng sevgan odamim Abu Qatodaning uyiga bordim. Unga salom berdim, alik olmadi. Unga:
«Ey, Abu Qatoda, Alloh haqqi aytchi, mening Alloh va Rasulini sevishimni bilasanmi?»–dedim. U indamadi. Unga yana oʻsha gaplarimni takrorladim. U indamadi. Yana qaytadan murojaat qildim. U:
«Alloh va Rasuli biladi»,–dedi. Ikki koʻzimdan yoshim quyilib ortimga qaytdim.
Bir kuni Madiynaning bozorida yursam, taom sotish uchun kelgan kishilardan biri odamlarga:
«Menga Kaʼb ibn Molikni kim koʻrsatib qoʻyadi?»–demoqda. Odamlar unga meni ishora ila koʻrsatisha boshladi. U oldimga kelib, Gʻasson podshohining maktubini berdi. Oʻqish, yozishni bilar edim. Ochib oʻqisam: «Bizga sohibing senga jafo qilgani xabari yetib keldi. Alloh seni xorlik va zoyelik diyorida qoʻymasin. Bizning huzurimizga kel, senga yaxshilik qilamiz»,–deb yozilgan edi. Maktubni oʻqib boʻlib: «Bu ham bir balo–sinov»,–dedim va uni olib borib tandirga soldim. Ellik kundan qirq kun oʻtgandan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vakili kelib:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam senga xotiningdan chetda boʻlishni amr qildilar»,–dedi. Men:
«Taloq qilaymi? Nima qilay?»–dedim. U:
«Yoʻq, undan chetda boʻl, yaqinlashma»,–dedi. Ikki sherigimga ham xuddi shunday amr boʻldi. Men xotinimga:
«To Alloh bu ishda oʻz hukmini chiqarguncha, qarindoshlaringnikiga borib tur»,–dedim. Hilol ibn Umayyaning xotini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli! Hilol qartayib qolgan chol. Uning xizmatchisi yoʻq. Unga xizmat qilib tursam, sizga yoqmaydimi?»–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Yoʻq. Lekin senga yaqinlashmasin»,–dedilar. Ayol:
«Allohga qasamki, uning bor narsaga harakati yoʻq va Allohga qasamki, sizning amringiz boʻlgan kunidan beri yigʻlaydi»,–dedi. Baʼzi qarindoshlarim:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xotining haqida izn soʻrasang-chi, Hilol ibn Umayyaning xotiniga uning xizmatini qilishga izn berdilar»,–deyishdi. Men:
«Allohga qasamki, men u haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan izn soʻramayman, izn soʻrasam nima deyishlarini ham bilmayman, yosh odam boʻlsam»,–dedim.
Yana oʻn kun oʻtkazdik. Bizga gapirish man qilinganiga ellik kun toʻldi. Elliginchi kecha bomdod namozini uylarimizdan birining ustida oʻqidim. Alloh bizni zikr qilgan holdek, oʻzimcha yuragim siqilib, keng yer tor koʻrinib oʻtirgan edim. Salʼ togʻi ustidan bir odamning baland ovoz bilan:
«Ey Kaʼb ibn Molik! Xushnud boʻlaver!!!»–deb qichqirayotganini eshitdim va darhol sajdaga yiqildim. Kushoyish kelganini bildim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namozini oʻqiganlaridan keyin Alloh bizning tavbamizni qabul qilganini eʼlon etgan edilar. Odamlar bizga xushxabar keltira boshladilar. Sheriklarim tomon ham xushxabarchilar ketdilar. Bir odam men tomon ot choptirgan, biri piyoda yugurgan edi. Piyoda yurgan toqqa chiqib baqirgan va uning ovozi otdan oldin yetib kelgan edi. Ovozini eshitgan odam oldimga yetib kelganida kiyimimni yechib, suyunchisiga unga kiygizdim. Allohga qasamki, oʻzi oʻsha vaqtda boshqa narsam ham yoʻq edi. Birovdan kiyim qarzga olib kiydim-da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yugurdim. Odamlar guruh-guruh boʻlib, tavbam qabul boʻlgani bilan tabriklashar va:
«Alloh sening tavbangni qabul etgani muborak boʻlsin!»– deyishar edi. Masjidga kirsam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻtiribdilar, atroflarida odamlar. Tolha ibn Ubaydulloh turib, shoshilib kelib, qoʻlimni oldi va tabrikladi. Allohga qasamki, muhojirlardan undan boshqa turmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom bergan edim, u kishi xursandlikdan yuzlari charaqlab:
«Onang seni tuqqandan beri quvonchli kuningning, xursandchiligini qilaver»,–dedilar. Men:
«Ey, Allohning Rasuli, sizning tarafingizdanmi yoki Allohning tarafidanmi?»–dedim. U kishi:
«Yoʻq! Allohning tomonidan»,–dedilar. Odatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xursand boʻlsalar, yuzlari xuddi oyning parchasidek nurli boʻlib ketar edi. Biz buni yaxshi bilar edik. U kishining oldilariga oʻtirganimdan soʻng:
«Ey, Allohning Rasuli! Tavbam uchun molimdan Alloh va Uning Rasuliga sadaqa chiqarsam»,–dedim. U kishi:
«Molingdan baʼzisini oʻzing uchun olib qolganing oʻzingga yaxshi», dedilar. Men:
«Haybardan tekkan ulushimni olib qolaman. Ey, Allohning Rasuli, Alloh menga rostgoʻylik tufayli najot berdi. Madomiki, boqiy ekanman, rost soʻzlamogʻim ham tavbamdandir»,–dedim. Allohga qasamki, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oʻshani aytganimdan beri, musulmonlardan hech kimni toʻgʻri soʻzlikda meni sinagandek kuzatmagan boʻlsa kerak. Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oʻsha gapni gapirganimdan hozirgi kungacha hech yolgʻon soʻzlamadim. Alloh meni bundan buyon ham Oʻzi muhofaza qilishiga umid qilaman. Soʻng, Alloh taolo:
«Va ortda qolgan uch kishiga ham. Ularga keng yer tor boʻlib, yuraklari siqilib, Allohdan qochib, oʻzgaga borib boʻlmasligiga ishonganlaridan soʻng, tavba qilishlari uchun tavba eshigini ochdi» oyatini nozil qildi.
Bu oyati karima va qissada olam-olam maʼno va ibrat bor. Baʼzi ulamolarimiz ular haqida batafsil gapirib oʻtganlar. Agar hozirgi musulmonlarda Kaʼb ibn Molik roziyallohu anhuning sadoqati va dinu diyonat yoʻlidagi safarbarlikdan chetda qolish sababidan xijolat boʻlishining milliondan bir boʻlagi boʻlganda edi, dunyo tamoman boshqacha boʻlgan boʻlar edi.
Keyingi oyatda Alloh taolo sodiq moʻminlarga xitob qiladi: