قُلْ إِن كَانَ ءَابَآؤُكُمْ وَأَبْنَآؤُكُمْ وَإِخْوَٰنُكُمْ وَأَزْوَٰجُكُمْ وَعَشِيرَتُكُمْ وَأَمْوَٰلٌ ٱقْتَرَفْتُمُوهَا وَتِجَـٰرَةٌ تَخْشَوْنَ كَسَادَهَا وَمَسَـٰكِنُ تَرْضَوْنَهَآ أَحَبَّ إِلَيْكُم مِّنَ ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ وَجِهَادٍ فِى سَبِيلِهِۦ فَتَرَبَّصُوا۟ حَتَّىٰ يَأْتِىَ ٱللَّهُ بِأَمْرِهِۦ ۗ وَٱللَّهُ لَا يَهْدِى ٱلْقَوْمَ ٱلْفَـٰسِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urug`laringiz, kasb qilgan mollaringiz, kasod bo`lishdan qo`rqqan tijoratlaringiz va xush ko`rgan maskanlaringiz sizga Allohdan, Uning Rasuli va Uning yo`lida jiddu jahd qilishdan mahbubroq bo`lsa, u holda, Alloh O`z amrini keltirguncha kutib turing. Alloh fosiq qavmni hidoyat qilmas», – deb ayt.«Агар ота-оналарингиз, болаларингиз, ака-укаларингиз, жуфтларингиз, қариндош-уруғларингиз, касб қилган молларингиз, касод бўлишдан қўрққан тижоратларингиз ва хуш кўрган масканларингиз сизга Аллоҳдан, Унинг Расули ва Унинг йўлида жидду жаҳд қилишдан маҳбуброқ бўлса, у ҳолда, Аллоҳ Ўз амрини келтиргунча кутиб туринг. Аллоҳ фосиқ қавмни ҳидоят қилмас», – деб айт.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urugʻlaringiz va kasb qilib topgan mol-dunyolaringiz, kasod boʻlib qolishidan qoʻrqadigan tijoratlaringiz hamda yaxshi koʻradigan uy-joylaringiz sizlarga Allohdan, Uning paygʻambaridan va Uning yoʻlida jihod qilishdan suyukliroq boʻlsa, u holda to Alloh oʻz amrini (yaʼni, azobini) keltirganicha kutib turaveringlar. Alloh itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), айтинг: «Агар ота-оналарингиз, болаларингиз, ака-укаларингиз, жуфтларингиз, қариндош-уруғларингиз ва касб қилиб топган мол-дунёларингиз, касод бўлиб қолишидан қўрқадиган тижоратларингиз ҳамда яхши кўрадиган уй-жойларингиз сизларга Аллоҳдан, Унинг пайғамбаридан ва Унинг йўлида жиҳод қилишдан суюклироқ бўлса, у ҳолда то Аллоҳ ўз амрини (яъни, азобини) келтирганича кутиб тураверинглар. Аллоҳ итоатсиз қавмни ҳидоят қилмас.
Ushbu oyati karimada inson uchun bu dunyoda eng qadrli sakkiz narsa eslatilib, ulardan ham mahbubroq narsa Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlida jihod qilish boʻlmogʻi lozimligi uqtirilmoqda.
Mazkur sakkiz narsaning hammasi yoki birortasi insonga Allohdan, Uning Rasulidan va Uning yoʻlida jihod qilishdan mahbub boʻlsa, unda, u insonning iymoni nuqsonga uchraydi.
Undoq holni oʻziga ravo koʻrgan inson Alloh taolo unga qarshi Oʻz amrini keltirib, uni jazolashini kutmogʻi lozim boʻladi.
Undoq holni oʻziga ravo koʻrgan inson Alloh taolo hidoyatga boshlamaydigan fosiq qavmdan boʻladi.
Endi baʼzi nobakor insonlar Allohdan, Uning Rasulidan va Uning yoʻlida jihod qilishdan mahbubroq koʻrishi mumkin boʻlgan mazkur sakkiz narsani oyati karimada kelgan tartibi boʻyicha koʻrib chiqaylik:
1. «Ota-onalaringiz».
Bu dunyoda ota-ona insonlar uchun juda qadrdon hisoblanadilar. Islom dini ularga yaxshilik qilishni, ularni hurmatlash va eʼzozlashni qattiq tayinlagan. Ammo, shunday boʻlsa-da, ularning muhabbati Allohdan, Uning Rasulidan va Uning yoʻlidagi jihoddan ustun boʻla olmaydi. Musulmon odam bu haqiqatni bilmogʻi lozim.
2. «Bolalaringiz».
Inson uchun farzand–Allohning ulugʻ neʼmati, uning jigargoʻshasi, koʻzining quvonchi, naslining davomchisi va oʻzidan keyin chirogʻini yoquvchisidir. Farzand qadri, uning har bir inson uchun ahamiyati haqida koʻp aytilgan, koʻplab asarlar yozilgan. Ammo, farzandga muhabbat Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
3. «Aka-ukalaringiz».
Aka-uka va opa-singillar ham insonlar uchun eng qadrli shaxslar hisoblanadi. Ularni qadrlash, hurmatlash va yaxshi koʻrish, holidan xabar olish har bir musulmonning burchidir. Biroq ularning muhabbati Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
4. «Juftlaringiz».
Er-xotinlik aloqasi Islom taʼlimoti boʻyicha insoniy aloqalar ichida eng muqaddasi sanalanadi. Er-xotin bir-biriga kiyim oʻrnida koʻrilib, bir-birining aybini berkitib, bir-birini ziynatlab turuvchi shaxslardir. Ularning bir-birlarini rozi qilmoq uchun harakat etishlari qattiq taʼkidlanadi. Shariatimizda eru xotin zimmasida oʻzaro burch va masʼuliyatlari belgilangan boʻlib, har bir eru xotin ularni bajarmogʻi shart hisoblanadi. Ammo, insonning jufti haloliga boʻlgan muhabbati Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
5. «Qarindosh-urugʻlaringiz».
Qarindosh-urugʻlarga yaxshilik qilishga undashda dunyoda Islomga tenglashadigan din yoki tuzum yoʻq. Islom qarindoshlarga silai rahm qilishni musulmonlik burchiga aylantirgan. Shunday boʻlsa ham, qarindosh-urugʻning muhabbati Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
6. «Kasb qilgan mollaringiz».
Alloh taolo har bir insonni molu mulkka muhabbatli qilib yaratgan. Islomda haloldan topilgan molu dunyo katta neʼmat sanaladi. Kishilarni halol kasb qilishga targʻib etiladi. Lekin molu mulkka rujuʼ qoʻyish qoralanadi. Molu mulkning muhabbati Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
7. «Kasod boʻlishidan qoʻrqqan tijoratlaringiz».
Tijorat ham inson uchun zarurdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham tojirlik qilganlar. Koʻpchilik katta sahobalar ham tijorat qilganlar. Islomda tijorat halol kasbning eng yaxshi uslublaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni Karimda tijoratni halol qilganini eʼlon qilgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu ishga targʻib qilganlar. Ammo, tijoratning muhabbati Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
8. «Xush koʻrgan maskanlaringiz».
Yaxshi maskan har bir inson bolasi uchun bu dunyoda zarur va mahbub narsadir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam keng, yaxshi maskanning inson saodati uchun zarur boʻlgan uch narsadan biri ekanligini taʼkidlaganlar. Har bir insonda yaxshi maskanga ega boʻlish uchun tabiiy muhabbat, xohish bor. Ushbu muhabbat va xohishni dinimiz toʻgʻri taqdirlaydi. Ammo, maskanning muhabbati Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatidan ustun boʻla olmaydi.
Koʻrinib turibdiki, Islom insonni mazkur narsalardan qaytarmaydi, uni tarki dunyo qilishga ham chorlamaydi. Lekin Alloh inson qalbining Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihod muhabbatiga toʻlib turishini xohlaydi.
Alloh saqlasin, agar mazkur narsalardan birortasini Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihoddan ustun qoʻyadigan shaxs boʻlsa, oqibat yomon boʻladi. Oyatda bunday odamlarga qarata:
«...u holda, Alloh Oʻz amrini keltirguncha kutib turing», deyilmoqda. Allohning amridan murod–U zotning azobini kutishdir.
Shu bilan birga, bunday odamlarni oyatda fosiqlar deb nomlanmoqda.
«Alloh fosiq qavmni hidoyat qilmas».
Ular mazkur narsalarni Alloh, Uning Rasuli va Uning yoʻlidagi jihoddan mahbubroq koʻrib fosiqlik qiladilar. Fosiqlarni Alloh hidoyat qilmaydi. Chunki, u, katta badbaxtlikdir.
Alloh va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni dunyodagi hamma narsadan koʻra yaxshi koʻrmaguncha, inson toʻliq moʻmin boʻlmaydi. Jihodni hamma ishdan afzal koʻrmaguncha muvaffaqiyatga ham erisha olmaydi.
Xuddi shu maʼnoda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ham bir qancha hadisi shariflar vorid boʻlgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Zuhra ibn Maʼbudning bobolari quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. U zot sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattobni qoʻllaridan tutib turar edilar. Umar:
«Allohga qasamki, ey, Allohning Rasuli, siz men uchun oʻzimdan boshqa hamma narsadan mahbubsiz»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlardan birortangiz men unga oʻzidan ham mahbub boʻlmagunimcha moʻmin boʻla olmaydi»,–dedilar. Umar:
«Endi, siz, ey, Allohning Rasuli, Allohga qasamki, men uchun oʻzimdan ham mahbubsiz»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ana endi toʻgʻri boʻldi, ey Umar»,–dedilar».
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Mening jonim qoʻlida boʻlgan zotga qasamki, sizlardan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va hamma odamlardan mahbub boʻlmagunimcha, komil moʻmin boʻla olmaydi»,–dedilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Agar nasiyaga oldi-sotdi qilsangiz, molning dumidan tutib, ekin-tikinga rozi boʻlib, jihodni tark qilsangiz, Alloh xorlikni yuklab qoʻyib, to diningizga qaytamaguningizcha, uni ustingizdan olmaydi», deganlarini eshitganman»,–deydi.
Jihod, yaʼni, gʻayridinlar bilan boʻladigan urush haqida soʻz ketganda, avval boʻlib oʻtgan jihod sahifalaridan baʼzisi esga olinadi: