وَأَذَٰنٌ مِّنَ ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦٓ إِلَى ٱلنَّاسِ يَوْمَ ٱلْحَجِّ ٱلْأَكْبَرِ أَنَّ ٱللَّهَ بَرِىٓءٌ مِّنَ ٱلْمُشْرِكِينَ ۙ وَرَسُولُهُۥ ۚ فَإِن تُبْتُمْ فَهُوَ خَيْرٌ لَّكُمْ ۖ وَإِن تَوَلَّيْتُمْ فَٱعْلَمُوٓا۟ أَنَّكُمْ غَيْرُ مُعْجِزِى ٱللَّهِ ۗ وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: (Bu) Alloh va Uning Rasulidan odamlarga «hajjul akbar» kunidagi bildirishdir. Albatta, Alloh va Uning Rasulining mushriklar bilan oralari ochiqdir. Bas, agar tavba qilsangiz, u o`zingiz uchun yaxshidir. Agar yuz o`girib ketadigan bo`lsangiz, bilinglarki, albatta, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz. Kufr keltirganlarga alamli azobning «bashoratini» beraver.(Бу) Аллоҳ ва Унинг Расулидан одамларга «ҳажжул акбар» кунидаги билдиришдир. Албатта, Аллоҳ ва Унинг Расулининг мушриклар билан оралари очиқдир. Бас, агар тавба қилсангиз, у ўзингиз учун яхшидир. Агар юз ўгириб кетадиган бўлсангиз, билингларки, албатта, сизлар Аллоҳни ожиз қолдирувчи эмассиз. Куфр келтирганларга аламли азобнинг «башоратини» беравер.Alauddin Mansour: Va (ushbu eʼlon) Alloh va Uning paygʻambari tomonidan odamlarga katta haj kunida (yaʼni, Qurbon hayiti kunida) Alloh va Uning paygʻambari mushriklardan bezor ekanligini bildirishdir. Bas, (ey mushriklar), agar tavba qilsangizlar, bu oʻzingiz uchun yaxshiroqdir. Agar yuz oʻgirsangizlar, u holda bilingizki, sizlar Allohni ojiz qiluvchi emassiz. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), kofir boʻlgan kimsalarga alamli azob «xushxabar»ini yetkazing!Ва (ушбу эълон) Аллоҳ ва Унинг пайғамбари томонидан одамларга катта ҳаж кунида (яъни, Қурбон ҳайити кунида) Аллоҳ ва Унинг пайғамбари мушриклардан безор эканлигини билдиришдир. Бас, (эй мушриклар), агар тавба қилсангизлар, бу ўзингиз учун яхшироқдир. Агар юз ўгирсангизлар, у ҳолда билингизки, сизлар Аллоҳни ожиз қилувчи эмассиз. (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), кофир бўлган кимсаларга аламли азоб «хушхабар»ини етказинг!
Bu yerda «baroat»ni eʼlon qilish kuni, vaqti va joyi ham maʼlum qilinmoqda.
«(Bu) Alloh va Uning Rasulidan odamlarga «hajjul akbar» kunidagi bildirishdir».
Eʼlon ommaga haj mavsumida, hajjul akbar kuni, muqaddas joylarda yetkazilgan.
Imom Imoduddin ibn Kasir tafsirlarida Abu Maʼshar al-Madaniyning Muhammad ibn Kaʼb al-Qoraziy va boshqalardan qilgan quyidagi rivoyatini keltiradilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam toʻqqizinchi yili Abu Bakrni haj amiri qilib yubordilar. Ali ibn Abu Tolibni esa, «Baroat» surasining oʻttiz yoki qirq oyati bilan joʻnatdilar. U odamlarga oʻsha oyatlarni arafa kuni oʻqib berdi. Mushriklarga toʻrt oy tegilmaydi, yer yuzida sayr qilib yuradilar. Ularga Zulhijjadan yigirma kun, Muharram, Safar, Robiul avval toʻliq va Robiul oxirdan oʻn kun muhlat berildi. Ali bu oyatlarni ularning manzillarida oʻqib eshittirgach: «Bu yilimizdan keyin mushrik haj qilmaydi, Baytullohni yalangʻoch odam tavof etmaydi»,–deb eʼlon qildi.
Oʻsha yili haj avvalgidek, yaʼni, musulmonu mushrik aralash holda, har kim bilganicha haj amallarini bajargan holda, ado etildi. Alloh «Baroat» surasidagi mazkur oyatlarni Hazrati Abu Bakr amirliklarida hojilar Madiynai Munavvaradan joʻnab ketganlaridan keyin nozil qilgan. Paygʻambarimiz Hazrati Alini ularning orqalaridan yuborib, ora ochiqlikni hammaga eʼlon qilishni topshirganlar. Buning uchun oʻziga xos safarbarlik oʻtkazilgan. Iloji boricha, hajga kelgan har bir odamga bu xabar yetkazilgan. Odamlarning manzillariga, toʻplanadigan joylariga borib eshittirilgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda bu voqea batafsil bayon qilingan:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolibni ahli Makkaga baroat bilan yuborganlarida men birga boʻldim»,– dedi Abu Hurayra oʻgʻliga.
«Nima deb jar chaqirgansizlar?»–dedi oʻgʻli.
«Jannatga moʻmin boʻlmagan jon kirmaydi, Baytullohni hech kim yalangʻoch tavof qilmaydi, kimning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tuzgan ahdnomasi boʻlsa, muddati toʻrt oygacha, toʻrt oydan keyin Alloh va Uning Rasulining mushriklar bilan oralari ochiq, Baytullohni bu yilimizdan keyin mushrik haj qilmaydi, deb chaqirar edik»,–dedi. Soʻngra: «Qichqiraverib ovozim boʻgʻilib qolgan edi»,–deb qoʻshib qoʻydi.
Ushbu eʼlonda ahdga vafoning bir koʻrinishi bor. Mushriklar ahdga vafosizlik va xiyonat qilgan edi. Hech qanday eʼlonsiz ham ahdni buzilgan hisoblashga musulmonlarning haqqi bor edi. Lekin Alloh taolo avval ora ochiqlikni eʼlon qilishni iroda etdi. Parvardigori Olam birdaniga, ora ochiq, deb qoʻymasdan, ularga toʻrt oy muhlat berdi. Garchi ahdnoma toʻrt oydan avval tugasa-da, yaxshilab oʻylab olishlari uchun toʻrt oyga muhlat berdi.
«Bas, agar tavba qilsangiz, u oʻzingiz uchun yaxshidir»,–deb hidoyatga targʻib qildi.
Kimki iymonga kelib, Allohga boʻysunsa, albatta, oʻzi uchun yaxshilik qilgan boʻladi. Shu bilan birga, zalolatda yuraverish yomonligini bayon qilib:
«Agar yuz oʻgirib ketadigan boʻlsangiz, bilinglarki, albatta, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz»,–dedi.
Yuz oʻgirib qayoqqa borar edilar? Allohning azobidan qochib qutulib boʻlarmidi? Bu haqiqatni ularga yetkazishni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga topshirib, oyatning oxirida:
«Kufr keltirganlarga alamli azobning «bashoratini» beraver»,–dedi.
Bular kofirlarni bezovta etadigan, moʻminlarni xotirjam qiladigan gaplardir. Chunki, Alloh taolo oqibat nima boʻlishini oldindan aytib qoʻydi.