إِلَّا ٱلَّذِينَ عَـٰهَدتُّم مِّنَ ٱلْمُشْرِكِينَ ثُمَّ لَمْ يَنقُصُوكُمْ شَيْـًٔا وَلَمْ يُظَـٰهِرُوا۟ عَلَيْكُمْ أَحَدًا فَأَتِمُّوٓا۟ إِلَيْهِمْ عَهْدَهُمْ إِلَىٰ مُدَّتِهِمْ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلْمُتَّقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Magar mushriklardan siz ahdlashganingizdan keyin hech narsani nuqson qilmaganlari va sizga qarshi birovga yordam bermaganlarining ahdlarini muddatlarigacha batamom qiling. Albatta, Alloh taqvodorlarni sevadir.Магар мушриклардан сиз аҳдлашганингиздан кейин ҳеч нарсани нуқсон қилмаганлари ва сизга қарши бировга ёрдам бермаганларининг аҳдларини муддатларигача батамом қилинг. Албатта, Аллоҳ тақводорларни севадир.Alauddin Mansour: Magar (ey moʻminlar), sizlar ahd-paymon qilgan mushrik kimsalar keyin (ahdlaridan) biron narsani buzmasalar va sizlarning ziyoningizga birov bilan hamkorlik qilmasalar, u holda ularning ahdlarini belgilangan muddatgacha toʻla-toʻkis yetkazinglar! Albatta, Alloh taqvo qilguvchi zotlarni sevar.Магар (эй мўминлар), сизлар аҳд-паймон қилган мушрик кимсалар кейин (аҳдларидан) бирон нарсани бузмасалар ва сизларнинг зиёнингизга биров билан ҳамкорлик қилмасалар, у ҳолда уларнинг аҳдларини белгиланган муддатгача тўла-тўкис етказинглар! Албатта, Аллоҳ тақво қилгувчи зотларни севар.
Bu hukm toʻrt oy muhlat berilgan, ahdlarini buzganlarga qilingan avvalgi hukmdan mustasnodir. Bu oyatda gap Bani Bakr ibn Kanona qabilasining Bani Huzayma ibn Omir urugʻi haqida ketmoqda.
Mazkur mushrik qavm Quraysh tarafida turib mushriklar bilan musulmonlar orasida tuzilgan Hudaybiya sulhiga qoʻshilgan edi. Oʻn yilgacha musulmonlarga qarshi urushmaslik, ularga qarshi birovga yordam bermaslik va boshqa masʼuliyatlarni boʻyniga olgan edi. Hudaybiya sulhidan ikki yil oʻtar-oʻtmas hamma mushriklar ahdnomani buzdilar, ammo Bani Huzayma ibn Omir urugʻi ahdlarida sobit turdilar. Shuning uchun, garchi ular mushrik boʻlsalar ham, Alloh ularning amallarini taqdirlab, maxsus oyat tushirdi. Umumiy hukmdan ularning hukmini istisno qildi. Islom ularning vafosini yuqori taqdirladi. Islom daʼvati uchun nihoyatda xatarli bir paytda, chor atrofdan, ichkaridan dushmanlar tahdid solib turgan bir sharoitda ular oʻzaro tuzilgan oʻn yillik sulhni oxiriga yetkazishga qaror qildilar.
«Albatta, Alloh taqvodorlarni sevadir», deyishdan, ahdga vafo qilish, mushrik boʻla turib mardlik etsa, shunga loyiq muomala qilish taqvodor musulmonning ishi ekanligini bilib olamiz.
Musulmonlarning bagʻri kengligi samarasini berdi. Ahdiga vafodorligi uchun alohida taqdirga sazovor boʻlgan Bani Huzayma ibn Omir qavmi tezda Islomga kirdi. Shuningdek, ahdni buzganlari uchun toʻrt oyga muhlat berilgan mushriklar ham Islomni qabul etdi.
Yuqoridagi oyatlarga koʻra, barcha mushriklarga Alloh va Uning Rasulining baroati eʼlon qilinib, ahdni buzganlarga toʻrt oy, buzmaganlarga ahdnoma muddati tugaguncha muhlat berilgan edi. Kelasi oyatda musulmonlarga quyidagi ishlar buyuriladi: