يَوْمَ يُحْمَىٰ عَلَيْهَا فِى نَارِ جَهَنَّمَ فَتُكْوَىٰ بِهَا جِبَاهُهُمْ وَجُنُوبُهُمْ وَظُهُورُهُمْ ۖ هَـٰذَا مَا كَنَزْتُمْ لِأَنفُسِكُمْ فَذُوقُوا۟ مَا كُنتُمْ تَكْنِزُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bir kuni o`sha(oltin-kumush)larni jahannam o`tida qizitilur va peshonalari, yonboshlari hamda orqalariga bosilib: «Mana bu o`zingiz uchun to`plagan narsangiz, bas, endi to`plab yurgan narsangizni tatib ko`ring!» – deyilur.Бир куни ўша(олтин-кумуш)ларни жаҳаннам ўтида қизитилур ва пешоналари, ёнбошлари ҳамда орқаларига босилиб: «Мана бу ўзингиз учун тўплаган нарсангиз, бас, энди тўплаб юрган нарсангизни татиб кўринг!» – дейилур.Alauddin Mansour: U kunda (Qiyomatda) oʻsha (oltin-kumushni) jahannam oʻtida qizitilib, oʻsha bilan ularning peshonalari, yonlari va ketlariga tamgʻa bosilib: «Mana bu oʻzlaringiz uchun toʻplagan narsalaringizdir. Endi toʻplab-bosgan narsalaringizning mazasini totib koʻringlar» (deyilur).У кунда (Қиёматда) ўша (олтин-кумушни) жаҳаннам ўтида қизитилиб, ўша билан уларнинг пешоналари, ёнлари ва кетларига тамға босилиб: «Мана бу ўзларингиз учун тўплаган нарсаларингиздир. Энди тўплаб-босган нарсаларингизнинг мазасини тотиб кўринглар» (дейилур).
Bu ikki oyatdagi oltin va kumush, yaʼni, molu dunyo toʻplash haqidagi maʼnolar koʻpchilikni choʻchitib qoʻygan. Hatto sahobai kiromlar oʻrtasida ham turli savollar tugʻilgan. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushuntirish berganlar.
Imom Abu Dovud Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Oltin va kumushni xazina qilib toʻplaydiganlar» oyati nozil boʻlganda musulmonlarga ogʻir keldi. «Bizdan biror kishi ham oʻzidan keyingi farzandiga molu mulk qoldirmas ekan-da»,–deyishdi. Shunda, Umar roziyallohu anhu: «Men sizlarni bu koʻngilsizliklardan chiqaraman»,–dedilar-da, yurib ketdilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli! Sahobalaringizga bu oyat katta narsa boʻlib koʻrindi-ku»,–dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh zakotni behudaga emas, balki mollaringizni poklash uchun farz qilgan. Merosni esa, faqat orqangizdan qoladigan mol uchun farz qilgan»,–dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu:
«Allohu akbar»,–deya takbir aytib yubordilar. Soʻngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga:
«Senga er kishi uchun eng yaxshi xazina nimaligini aytaymi? Ahli solih xotinki, unga nazar solsa, xursand qiladi, bir ish buyursa, itoat etadi. Undan eri gʻoyib boʻlsa, muhofaza qiladi»,– dedilar.
Shu va shunga oʻxshash hadislarga suyangan holda oyatdagi alamli azobga sababchi «xazina» zakoti berilmagan molu dunyo, degan xulosaga kelinadi. Darhaqiqat, zakotni bermay mol toʻplaganlar alamli azobga duchor boʻladilar.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Zakotni ado qilmagan har bir odamga qiyomat kuni oʻtdan tamgʻa qilinib yonboshiga, peshonasiga va orqasiga bosiladi. U kunning miqdori ellik ming yilga teng boʻladi, to odamlar orasida hukm chiqarib boʻlguncha, tamgʻa bosilaveradi. Soʻngra, yo jannatga, yo doʻzaxga yoʻli koʻrsatiladi»,–deganlar.
Boshqa bir hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim oʻzidan keyin xazina qoldirsa, qiyomat kuni unga ikki qora nuqtasi bor, koʻzoynakli ilon boʻlib koʻrinadi. Uning orqasidan quvlab yuradi. Undan:
«Sen nimasan oʻzi?»–deb soʻrasa:
«Men oʻzingdan keyin qoldirib ketgan xazinangman»,–deydi. Soʻngra, yana orqasidan quvib boradi. U qoʻlini tutadi. Ilon qoʻlini tishlab yutadi va jasadning qolganini ham yuta boshlaydi»,–deganlar.
Avval aytganimizdek, yuqoridagi yetti oyatda ahli kitoblar, yahudiy va nasorolar bilan Islom davlatining munosabati haqidagi nihoiy hukmlar bayon qilindi.
Bundan oldin mushriklar haqidagi nihoiy hukmlar aytilgan edi. Mushriklarga tegishli hukmlar uncha koʻp tortishuvlarga sabab boʻlmaydi. Chunki, bu hukmlar, asosan, Arabiston yarim oroliga xos boʻlib, sabablari yuqorida bayon etildi. Ular hammasi Islomni qabul qildilar.
Ammo, ahli kitoblarga oid gap-soʻzlar, tortishuvlar juda koʻp. Shuning uchun, bu mavzuni bir oz sharhlashga toʻgʻri keladi. Xuddi mushriklar haqidagi nihoiy hukmga oʻxshab, ahli kitoblar haqidagi nihoiy hukm ham birdaniga nozil boʻlgani yoʻq. Bu oyatlar tushgunga qadar anchagina gap-soʻzlar, muomalalar va voqealar boʻlib oʻtgan. Ana oʻshalar asosida oxirgi qaror sifatida ushbu oyatlar nozil boʻlgan.
Maʼlumki, Makkai Mukarramada ahli kitoblar koʻp emas edi. Varaqa ibn Navfalga oʻxshash baʼzi bir shaxslar turli sabablarga koʻra ahli kitoblar bilan aloqada boʻlib, ularning dinini qabul qilgan boʻlishi mumkin. Ular Islomga va musulmonlarga yaxshi munosabatda boʻlganlar. Ayrimlari Islomga kirganlar ham. Keyinchalik Madiynai Munavvarada ham baʼzi yahudiylar Islomga kirdilar. Qurʼoni Karimda bunga oʻxshash ahli kitoblarni madh etuvchi oyati karimalar bor.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hijratlaridan keyin ahli kitoblar bilan aloqalar kuchaydi. Bunga, avvalo, Madiynai Munavvarada yashab turgan yahudiylar sababchi boʻldilar. Ulardan Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhuga oʻxshash, Alloh hidoyat berganlari musulmon boʻlib, ajrlarini ikki hissa olish baxtiga muyassar boʻldilar. Lekin asosiy guruh birinchi kundanoq Islomga ashaddiy dushmanlik qila boshladilar. Ular musulmonlar oʻrtasida fitna chiqarishga urinishdan hech ham toʻxtamadilar. Islom dini, Qurʼoni Karim va Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida turli igʻvo-boʻhtonlar tarqatishda bir lahza ham sustlashmadilar. Birinchi kundan boshlab Qurʼoni Karim oyatlari ularning xatolarini ochiq aytib, oʻzlarini oʻnglashga chaqirsa ham, koʻnmadilar. Munofiqlikni ham xuddi shu yahudiylar keltirib chiqardilar. Munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul ismli yahudiy ekanligi hammaga maʼlum. Yahudiylar qibla Baytul Maqdisdan Makkaga–Kaʼbaga oʻzgarganda ham katta igʻvogarlik safarbarligini oʻtkazdilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sevimli ayollari Oisha onamizni zinoda ayblab, yolgʻondan igʻvo tarqatganlar ham oʻshalar. Mushriklarni toʻplab musulmonlarga qarshi urushga gij-gijlaganlar ham oʻshalar. Oxiri borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar ular bilan sulh tuzishdi. Tinchlik-omonlikda bir-birini hurmat qilib yashashga kelishildi. Ammo yahudiylar bu sulhga ham xiyonat qildilar. Oqibatda, Bani Qaynqoʼ, Bani Naziyr va Bani Qurayza nomli yahudiy qabilalari bilan urushishga majbur boʻlindi. Yahudiylar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni oʻldirish uchun suiqasd ham uyushtirdilar. Faqat Allohning inoyatigina u zotni saqlab qoldi. Ulardan bir kampir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zaharlangan qoʻy goʻshti berdi. Xaybarda yahudiylar bilan musulmonlar oʻrtasida katta jang boʻldi. Ammo, yahudiylarning Islomga, musulmonlarga qarshi dushmanligining chegarasi koʻrinmas edi. Shuning uchun, ularga nisbatan biz oʻrganayotgan oyatlardagi nihoiy hukmlar chiqarildi.
Ahli kitoblarning yana bir toifasi boʻlmish nasorolarga keladigan boʻlsak, birinchi davrlarda ular bilan yaxshi aloqalar boʻlgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan zaifhollariga nasroniy podshoh Najoshiy yurti Habashistonga borishni, u yerda zulm koʻrmasliklarini aytganlar. Qurʼoni Karimda nasorolar boshqalarga qaraganda musulmonlarga yaqinroq ekanliklarini tasdiqlovchi oyatlar bor. Ayni chogʻda, xuddi yahudiylar kabi, nasorolarga ham ularning kofir ekanliklarini eslatadigan, xatolarini oʻzlariga bayon qiladigan oyatlar ham mavjud. Makkai Mukarramaga ham, Madiynai Munavvaraga ham baʼzi nasroniy guruhlar kelib, Qurʼoni Karim tinglashgani, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli savollar berishgani, koʻngli taskin topganlari Islomni qabul qilganlari maʼlum va mashhur. Baʼzilari odob doirasida tortishuv ham olib borganlar. Fors davlati bilan nasroniy Rum davlati urushib yengilganida, musulmonlar ahli kitob rumliklar magʻlubiyatidan qattiq xafa boʻlishgan. Qurʼoni Karimda Rum surasi nozil boʻlib, unda tezda rumliklar forslar ustidan gʻalaba qozonishi xabari berilgan edi.
Lekin Arabiston yarim orolida Islom davlati paydo boʻlganini eshitgan rumliklar oʻzlarining forslar bilan davom etib kelayotgan dushmanliklarini unutdilar. Ular zudlik bilan musulmonlarga qarshi askar toʻplay boshladilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Basradagi rum hokimiga yuborgan elchilari al-Horis ibn Umayr al-Azdiyni oʻldirdilar. Odatda, elchiga oʻlim yoʻq edi. Ammo nasorolar hamma amal etadigan qoidaga amal qilmay, musulmonlarning elchisini oʻldirdilar. Bu ishni urush chiqarish uchun qilishgan edi. Elchini oʻldirib qoʻyib, yana askar toʻplashni davom ettirdilar. Rumliklar oʻzlari yuz ming askar yigʻdilar. Ularning Shomdagi ittifoqdoshlari va nasroniy arab qabilalari ham yuz ming askar toʻpladilar. Shu ikki yuz ming askar bilan musulmonlarni yoʻq qilib tashlash qasdida edilar. Sakkizinchi hijriy sananing Jumadul-Ula oyida ular musulmonlarning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan yuborilgan uch mingga yaqin askari bilan Muʼta urushida toʻqnashdilar.
Soʻngra, Tabuk jangi boʻldi. U jang toʻgʻrisida ushbu «Tavba» surasida batafsil bayon qilinadi. Koʻrinib turibdiki, nasorolar Islom va musulmonlar uchun jiddiy xavfga aylangan edilar. Shuning uchun, ularga nisbatan bu oyatlarda chiqarilgan hukmlar hech ajablanarli emas. Bu, voqelikdan kelib chiqqan hukmdir. Endi, unga avval zikr qilib oʻtilgan yettita mafkuraviy, aqiydaviy va amaliy xatarlarni qoʻshsak, bu hukm ayni adolat ekani ravshan boʻladi.
Bu hukmlarning adolatli ekanligini tarix ham tasdiqladi. Qurʼoni Karimning: «Toki ularning millatlariga ergashmaguningcha yahudiy va nasorolar sendan zinhor rozi boʻlmaydilar», degan oyati bejiz emas edi. Hozirgi lahzagacha Islomga va musulmonlarga nima yomonlik yetgan boʻlsa, hammasida yahudiylarning qoʻli bor. Buni yanada yaxshiroq bilishni istaganlar tarix kitoblariga murojaat qilsalar, yaxshi boʻladi. Nasorolarning ham Islomga, musulmonlarga qarshi olib borgan dushmanliklari faqatgina mashhur salb urushlaridan iborat emasligini koʻpchilik yaxshi biladi. Shu maʼnoda tarixga bir nazar solinsa, ushbu oyatlarni Alloh nima uchun nozil etganining hikmati yaxshiroq tushunib olinadi.
Bir qarashda murosasiz koʻringan, ammo, aslida, adolatli hukmlarning sodir boʻlish hikmatlari, oyatlarning oʻzida aytib oʻtilgan yetti sababi va tarixiy voqeligini oʻrganib chiqdik. Endi, hukmning oʻzini oʻrganishga, aniqrogʻi, bu hukmning javharini tushunishga harakat qilaylik.
Alloh taolo biz oʻrganayotgan oyatlarda musulmonlar jamoasining ahli kitoblarga–yahudiy va nasorolarga muomalasi qanday boʻlishini belgilab bermoqda. Musulmon davlatida yashayotgan iymonli-Islomli kishilar Allohning yer yuzidagi xalifalari hisoblanadilar. Ular yer yuzida adolat oʻrnatish, zulmni koʻtarish, hamma yoqda hurriyat hukm surishidan masʼuldirlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobai kiromlari shu masʼuliyatni toʻliq tushunganlar va oʻshaning taqozosi bilan harakat qilganlar. Ular masʼuliyatni ado etish uchun jihodga chiqqanlar. Sahobalarning jihodlarini va keyingi avlodning uni davom ettirishini koʻpchilik turlicha tushunadi, turlicha baholaydi.
Dushmanlar buni bosqinchilik harakati, boshqa yurtlarni bosib olish, boyliklarini oʻzlashtirish, xalqlarni qul qilish, deya baholaydilar. Oʻlkamizning haqiqiy bosqinchilari boʻlmish kofirlar bu harakatni «Arab istilosi» deb nomlaganlar. Ularning aytishicha, arablar bostirib kelib hammayoqni oʻzlariniki qilib olganlar. Kishilarni majburan Islomga kiritganlar. Islomni qabul qilmaganlarni oʻldirganlar yoki katta soliq solganlar.
Oʻzini Islomga doʻst sanaganlar va koʻpchilik musulmonlar bu zulmkor bahodan Islomni goʻyo «himoya» qiladilar: Islomda jihod faqat vatanni himoya qilish uchun joriy qilingan; Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davridagi hamma urushlar faqat mudofaa uchun boʻlgan; Qurʼoni Karimdagi oyatlar ham xuddi shu maʼnoga dalolat qiladi, deydilar.
Lekin bu ikki toifaning daʼvolarini bir oz oʻylab munoqasha qilinsa, hamma narsa ravshan boʻladi.
Islomiy fathlarni «Arab istilosi» deyish notoʻgʻri ekanligini dushmanlarning oʻzlari ham biladi, ammo Islomga qarshi nimadir oʻylab chiqarish kerak boʻlgan. Natijada, shu ibora oʻylab topilgan. Chunki, fotih mujohidlar ichida arab emaslar ham koʻp edi. Shu bilan birga, ularning harakati hech qachon istilo boʻlmagan. Musulmonlar qayerga borsalar, dinga daʼvat qilish uchun, adolat oʻrnatish uchun borganlar. Oʻsha yerlarning aholisi bilan aka-uka boʻlib yashab qolganlar. (Dushmanlar «katta soliq» deb nomlagan «jizya» toʻgʻrisida keyinroq gaplashamiz.) Musulmonlar hech bir yurtning molu mulkini talab olib ketmagan. Kishilarni Islomga kirishga majbur ham etmagan. Ularning muomalasi mustamlakachilarning nomaʼqul muomalasiga mutlaqo oʻxshagan emas. Buni insofli ajnabiy tarixchilar va olimlar ham takror-takror qayd etganlar. Mashhur olim Tomas Orlandning «Islomga daʼvat» kitobida bu haqiqatni tasdiqlaydigan koʻpgina hujjatli dalillar keltiriladi.
Shunindek, «himoyachi»larning gaplariga ham oʻziga yarasha eʼtirozlar chiqadi. Masalan, agar Islomda jihod faqat mudofaa uchun joriy qilingan boʻlsa, nima sababdan sahobalar Arabiston yarim orolidan chiqib boshqa yurtlarga bordilar, u yerlarda shahid boʻldilar, degan savol berilsa, ular javob berishga qiynalib qolishadi.
Yaxshisi, bu masalani sahobalarning oʻzidan soʻrash kerak. Tarixda shunday boʻlgan ham. Sahobai kiromlar Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu boshchiliklarida oʻsha davrdagi ikkita katta imperiyaning biri Fors davlati chegarasiga kelib tushdilar. Bundan xabar topgan Fors davlati Rustam ismli lashkarboshi rahbarligida tayyorgarligini koʻrib qoʻygan edi. Rustam musulmonlar tomon oʻz elchilarini yubordi. Fors elchilari musulmonlarning boshligʻini topolmay ancha vaqt ovora boʻlishdi. Chunki, Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning alohida ajratilgan joyi ham, kiyimi ham yoʻq edi. U kishi lashkarlari bilan aralashib yurar edilar. Elchilar u kishini odamlar orasidan topdilar. Oʻzlarini tanishtirgan elchilar Fors davlati rahbarlari musulmonlar vakili bilan gaplashmoqchi ekanligini bildirishdi. Saʼd ibn Abu Vaqqos orqalariga shunday qaragan edilar, yerda yonboshlab yotgan, yupun kiyingan Robiʼ ismli sahobaga koʻzlari tushdi. Unga: «Sen bular bilan borgin, boshliqlari bizning vakilimiz bilan gaplashmoqchi ekan»,–dedilar. Robiʼ roziyallohu anhu bir chapdast harakat bilan nayzasiga tayanib ot ustiga sakrab mindi va elchilarga qarab: «Ketdik»,–dedi. Elchilar lol boʻlib turib qoldilar. Bir juldurvoqi kiyingan «vakil»ga, bir yerda oʻtirgan «amir»ga qarashdi. Oʻzaro bir nimalarni gaplashdilar-da, nihoyat, kattalari Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga:
«Bundan koʻra tuzukroq odam yoʻqmi?»–dedi. Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu:
«Ichimizda tuzugimiz shu, vakil yuborishni sizlar soʻradingiz, biz emas»,–dedilar. Noiloj qolgan elchilar oʻsha vakilni olib, yoʻlga tushdilar. Qarorgohga yaqinlashishlari bilan elchilar otdan tushib, taʼzim qilib yura boshladilar. Musulmonlarning vakili Robiʼ roziyallohu anhu esa, ularning bu kulguli hollarini tomosha qilib, otdan tushmay kulib ichkariga kirdi. Ammo, qorovullar birdan yopirilib, uni ot ustidan tortib olishdi va ulugʻlari oldiga ot minib borib boʻlmasligini anglatishdi. Ammo, u kishi boshini magʻrur tutib, nayzasini yerga qadab-qadab keta boshladi. U har safar nayzasini yerga urganida, yerga toʻshalgan bir yoʻlbars terisini teshar edi. Robiʼ roziyallohu anhu toʻgʻri borib, taxtda oʻtirgan boshliqning yonidan joy oldi. Ammo, xizmatkorlar darhol u kishini pastga oʻtirishga majbur etishdi. Shunda Robiʼ roziyallohu anhu:
«Bizga sizlar haqingizda, adolatli podshohlaringiz haqida xabarlar borar edi. Hammasi behuda ekan. Agar oʻzingizga oʻxshash bir odamga shunchalar taʼzim qiladigan boʻlsangiz, bizga hech ham teng kela olmaysizlar»,–dedi. Forslarning kattasi tarjimonga:
«Undan soʻra-chi, nima uchun kelishdi ekan?»–dedi. Robiʼ roziyallohu anhu bu savol javobiga asrlar boʻyi qoida boʻlib qolgan jumlani aytdi. U:
«Alloh taolo bizni bandalarni bandalarga ibodat qilishdan Allohga ibodat qilishga, dinlarning jabridan Islomning adliga, bu dunyo torligidan u dunyo kengligiga chiqarish uchun yubordi», dedi.
Ha, musulmon fotihlar boshqa yurtlarga foydalarini koʻzlab emas, balki Allohning amrini bajarish uchun borganlar. Ular dunyodagi insonlar qullikning turli koʻrinishlaridan ozod boʻlishi uchun kurashganlar. Yer yuzida faqat Allohning hukmi barqaror boʻlishini istaganlar. Ular yer yuzidagi biron kimsaga jabr va zulmni ravo koʻrmaganlar. Har kim xohlagan dinini tanlab, Islom adolatidan foydalansin, deb harakat qilganlar. Ular qaysi yurt tuprogʻiga qadam qoʻysalar, oldin yerli aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borganlar. Chunki, ularning vazifasi kishilarga Allohning dini– Islomni yetkazish boʻlgan. Ular haq dinga targʻib qila turib, musulmon boʻl–salomat boʻlasan yoki diningda qolmoqchi boʻlsang, jizya ber; unga ham, bunga ham koʻnmasang, oramizda urush boʻladi, deyishgan.
Musulmon fotihlar: «Biz tajovuzkor urush qilmaymiz, birovni dinimizga kirishga majbur ham etmaymiz. Biz faqat boshqalarni Islomga daʼvat qilamiz, kim xohlasa, moʻmin boʻlsin, xohlamasa, kofirligicha qolsin. Oʻzining ishi. Faqat bizning yoʻlimizni toʻsmasin, boshqalarni daʼvat qilishimizga xalaqit bermasin. Islomga kirmoqchi boʻlganlarning ham yoʻlini toʻsmasin. Bizning fikrimizcha, inson faqat musulmon boʻlgandagina yolgʻiz Allohga ibodat qilgan boʻladi. Bu haqiqatni odamlarga yetkazish bizga topshirilgan. Topshiriqni ado etishimizga toʻsiq boʻlma! Kim betaraf boʻlsa, marhamat, chetda tinch-omon turaversin. Lekin kim bizga qarshi chiqsa, daʼvatga yoʻl bermasa, boshqalarning Islomni oʻrganishiga toʻsiq boʻlsa, u bilan urushishdan boshqa iloj qolmaydi»,–deydilar. Musulmonlarga urush qilganlarga qarshi urush qilinadi, xolos. Urush paytida Islomiy qoida boʻyicha qari kishilar, yosh bolalar, ayollar va ibodatxonalarga tegish mumkin emas. Shuningdek, qurol koʻtarib chiqmaganlar ham tinch qoladilar. Agar Alloh nusrat berib, musulmonlar gʻolib kelsalar, dushmanni qurolsizlantirib, ularning Islom soyasida tinch- omon yashashlari joriy qilinadi. Urushmasdan dastlabki daʼvatdayoq oʻz dinida qolib, jizya berishni ixtiyor etganlar ham musulmonlar bilan birga tinch-omon yashayveradilar.
Jizya odamlarni qiynash uchun joriy qilingan soliq emas. U har bir boshga majburiy ham emas, balki qodir kishilardan maʼlum miqdorda olinadigan toʻlovdir. Birinchidan, jizya Allohning diniga daʼvat qilishning yoʻlini toʻsmaslik, qarshi turmaslik alomati sifatida beriladi.
Ikkinchidan, jizya bergan shaxsni musulmonlar ichki va tashqi dushmanlardan himoya qiladilar. Uning oʻzi, molu mulki va oila aʼzolarining himoyasini oʻz zimmalariga oladilar. Jizya toʻlagan kishi harbiy xizmatdan va boshqa safarbarliklardan ozod qilinadi.
Uchinchidan, jizya toʻlagan kishi musulmonlar taqdim etadigan ommaviy-ijtimoiy taʼminotlardan foyda oladi. Ular qurgan koʻprik, yoʻl, bozor va boshqa narsalardan foydalanadi. Qariganda, keksalik nafaqasi oladi.
Toʻrtinchidan, jizya olgandan soʻng musulmonlar yuqorida zikr etilgan ishlarni bajara olmasalar, jizyani qaytarib egasiga topshiradilar.
Umuman, jizya masalasiga tuzukroq nazar solinsa, uni har kim oʻzi uchun berishi ayon boʻladi. Xuddi shu maʼnoda musulmonlar ham Baytul molga zakot, ushur, va boshqa yoʻllar bilan oʻz hissalarini qoʻshadilar.
Islomdagi jizyaning adolatini yanada yaxshi tushunish uchun uni tanqid qilib, adolatsiz deganlardan birining muomalasiga nazar solaylik.
Kommunistlar oʻz foydalarini koʻzlab, kishilarni aldash uchun baʼzi diniy tashkilotlar tuzgan edilar. Bu tashkilotlarda faqat ular ixtiyor qilgan kishilar ishlashiga qaramasdan, oʻsha tashkilotlarga ham, ularda ishlovchilarga ham misli koʻrilmagan ogʻir soliqlar solinar edi. Baʼzi bir maishiy xizmatlar uchun diniy tashkilot va xodimlar tomonidan toʻlanadigan haq ham boshqalar toʻlaydigan toʻlovlardan ortiqcha edi. Buning ustiga, ular diniy ishda ishlagan vatandoshlarga har qanday nafaqa berishdan, jumladan qarilik nafaqasi berishdan mutlaqo bosh tortar edilar.
Xulosa qilib aytilganda, Xudoga ishongan odam kommunistlarga haq toʻlab ishonishi kerak edi. Shu hollariga ularning boshqalarni tanqid qilishlariga hayronsan.
Demak, ahli kitoblarga taklif ikkita: Islom yoki jizya berish. Musulmon boʻlsalar, birodar boʻlib yashayveradilar. Jizya bersalar, ularning himoyasi, tinchlik-omonligi va diniy erkinligi musulmonlar zimmasida boʻladi. Urushni xohlaganlari urush ham qilaveradilar. Musulmonlar oʻzlari erishgan baxt-saodatga boshqalar ham erishishini istaydilar. Ana shu istak yoʻlidagi toʻsiqlarga, kufr, zulm va tugʻyonlarga qarshi kurashadilar.
Jihod va uning ahamiyati bayonidan keyin jihodning yoʻlini toʻsadigan narsalarni yoʻq qilish va uning qoidalari haqidagi oyatlar keladi.
Rumliklar musulmonlar bilan urushish uchun askar toʻplashadi. Musulmonlar ularga qarshi jihod eʼlon etganida, ommaviy safarbarliklari yoʻlida bir toʻsiqqa duch kelishadi. Bu safarbarlik harom oylardan, yaʼni, urush qilish harom boʻlgan oylardan biri Rajab oyiga toʻgʻri kelib qolgan edi. Musulmonlarning Rajab oyida eʼlon qilgan ommaviy safarbarliklari, urushga otlanishlari dushmanlarning tanqid va taʼnalariga sabab boʻldi. Ular qadimdan hamma amal qilib kelayotgan hukmlarga musulmonlar amal qilmay, urush harom qilingan Rajab oyida urushga chiqmoqdalar, deb jar soldilar. Kelasi oyati karimada bu masalaga aniqlik kiritiladi: