إِنَّمَا ٱلنَّسِىٓءُ زِيَادَةٌ فِى ٱلْكُفْرِ ۖ يُضَلُّ بِهِ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ يُحِلُّونَهُۥ عَامًا وَيُحَرِّمُونَهُۥ عَامًا لِّيُوَاطِـُٔوا۟ عِدَّةَ مَا حَرَّمَ ٱللَّهُ فَيُحِلُّوا۟ مَا حَرَّمَ ٱللَّهُ ۚ زُيِّنَ لَهُمْ سُوٓءُ أَعْمَـٰلِهِمْ ۗ وَٱللَّهُ لَا يَهْدِى ٱلْقَوْمَ ٱلْكَـٰفِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, «nasiyu» kufrda ziyoda bo`lishdan o`zga narsa emas. Bu bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar. Alloh harom qilgan narsaning adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar. Bas, bu bilan Alloh harom qilgan narsani halol qilurlar. Ularga amallarining yomonligi ziynatlandi. Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas.Албатта, «насийу» куфрда зиёда бўлишдан ўзга нарса эмас. Бу билан куфр келтирганлар залолатга кетказилурлар. Аллоҳ ҳаром қилган нарсанинг ададига мослаш учун уни бир йил ҳалол қилурлар, бир йил ҳаром қилурлар. Бас, бу билан Аллоҳ ҳаром қилган нарсани ҳалол қилурлар. Уларга амалларининг ёмонлиги зийнатланди. Аллоҳ кофир қавмларни ҳидоят қилмас.Alauddin Mansour: Shak-shubhasiz, (harom oylarni) ketga surish ortiq darajadagi kofirlikdirki, u sababli kofirlar butunlay yoʻldan toyilurlar. Ular Alloh harom qilgan oylarning sanogʻini (toʻrt oyga) toʻgʻrilab, Alloh harom qilgan narsani halol qilib olish uchun uni (yaʼni, urush harom qilingan oylarni) bir yil halol desalar, yana bir yil harom deydilar. Ularga bu xunuk ishlari chiroyli koʻrsatib qoʻyildi. (Chunki) Alloh kofir qavmni hidoyat qilmas.Шак-шубҳасиз, (ҳаром ойларни) кетга суриш ортиқ даражадаги кофирликдирки, у сабабли кофирлар бутунлай йўлдан тойилурлар. Улар Аллоҳ ҳаром қилган ойларнинг саноғини (тўрт ойга) тўғрилаб, Аллоҳ ҳаром қилган нарсани ҳалол қилиб олиш учун уни (яъни, уруш ҳаром қилинган ойларни) бир йил ҳалол десалар, яна бир йил ҳаром дейдилар. Уларга бу хунук ишлари чиройли кўрсатиб қўйилди. (Чунки) Аллоҳ кофир қавмни ҳидоят қилмас.
Oyati karimadagi «nasiyu» soʻzi lugʻatda ortga surish maʼnosini ifoda qiladi. Johiliyat ahlida urush harom qilingan oyning hukmini boshqa, keyin keladigan oyga surish odati urf boʻlgan edi. Yaʼni, arab mushriklari ham mazkur toʻrt oy harom oylar ekanligini aytar edilar. Oʻsha oylarda urush tamoman toʻxtar edi. Agar biror kishi shu oylarda otasini oʻldirgan odamni uchratib qolsa, unga tegmasdi. Ammo, bordiyu urushni xohlab qolsalar, aslida harom boʻlgan oyning haromligini orqaga surib qoʻyib, urush qilaverar edilar. Misol uchun, Muharram harom oy, ammo shu oyda urush qilgilari kelib qolsa, bu yil uning haromligini Safar oyiga surdik, oʻsha oyda urush qilmaymiz, deb Muharramda urush qilishar edilar. Safarda esa, urush qilishmasdi. Yanagi yili aksincha boʻlardi. Ular bir yilda toʻrt oy urushmasak boʻldi-da, qaysi oyda boʻlishining nima farqi bor, degandek ish qilishar edi. Oyatda ularning bu tasarruflariga baho va sharh berilmoqda.
«Albatta, «nasiyu» kufrda ziyoda boʻlishdan oʻzga narsa emas».
Mushriklar aslida eʼtiqod masalasida kofir edilar. Endi, shariat masalasida ham, yaʼni, halol-haromni belgilashda ham Allohning aytganiga xilof qilib, kufrda ziyoda boʻldilar. Ularning bu ishi kufr ustiga kufr boʻldi.
«Bu bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar».
Kufr keltirgan mushriklar nasiyu bilan, undagi aldov, koʻzboʻyamachilik va hiyla bilan yanada adashtirildilar.
«Alloh harom qilgan narsaning adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar».
Yaʼni, ular Alloh harom degan oylarning soniga moslab toʻrtta qilish uchun bir yil bir harom oyni halol etib, oʻrniga boshqa oyni harom qilsalar, kelasi yili haligi oyni yana harom qilib, oʻrniga harom boʻlgan oyni yana halol qilaveradilar. Ularga bir yilda toʻrt oy harom oyi boʻlsa bas, qaysi oy boʻlishini oʻzlari tanlab olaveradilar.
«Bas, bu bilan Alloh harom qilgan narsani halol qilurlar».
Bu esa, katta jinoyat va kufr ustiga kufrdir. Aslida halol yoki harom qilish faqat Allohning haqqidir. Ammo, mushriklar oʻzlaricha halol va harom qilishga jurʼat qilaveradilar. Chunki:
«Ularga amallarining yomonligi ziynatlandi».
Ularga yomon amallari yaxshi boʻlib koʻrindi. Gunohlari toat boʻlib koʻrindi. Boʻlmasa, Alloh urushni harom qilgan oyda urush qilishar edimi? Oʻzlarining «nasiyu»lari ularga yaxshi amal boʻlib koʻrindi. Ular bu bilan oʻzlarini Alloh taologa itoat qilayotgandek sezdilar. Aslida esa, bu katta gunoh. Alloh harom etgan narsani halol, halol degan narsani harom qilish bilan kufr ustiga kufr keltirgan edilar. Qoida boʻyicha esa:
«Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas».
Chunki, ularning oʻzlari shunga loyiq ishlarni qildilar.
Shu maʼnoda mushriklarning musulmonlar Rajab oyida, Alloh urushni harom qilgan oyda rumliklarga qarshi urushga safarbarlik eʼlon etib, gunoh ish qilmoqdalar, deb jar solishlari nooʻrin. Garchi oʻsha yili musulmonlar safarbarlik eʼlon qilgan oy mushriklarning «nasiyu»lariga, yaʼni, oyni ortga surish hisoblari boʻyicha Rajabga toʻgʻri kelgan boʻlsa-da, Alloh taolo joriy qilgan haqiqiy hisobga koʻra Jumadul-oxir oyi edi. Musulmonlar mushriklarning hisobi bilan emas, Alloh taolo koʻrsatgan hisob bilan amal qiladilar.
Keyingi oyatda umumiy safarbarlik eʼlon etilganda dangasalik qilish katta gunoh ekanligi aytiladi, bunday paytlarda mushrik va kofirlarning taʼnasiga emas, musulmon boshliqlarning amriga quloq osish zarur ekani bayon qilinadi: