يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ مَا لَكُمْ إِذَا قِيلَ لَكُمُ ٱنفِرُوا۟ فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ ٱثَّاقَلْتُمْ إِلَى ٱلْأَرْضِ ۚ أَرَضِيتُم بِٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا مِنَ ٱلْـَٔاخِرَةِ ۚ فَمَا مَتَـٰعُ ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا فِى ٱلْـَٔاخِرَةِ إِلَّا قَلِيلٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Sizga nima bo`ldiki, Allohning yo`lida qo`zg`aling, deyilsa, yerga yopishib oldingiz. Yoki oxiratni qo`yib, dunyo hayotiga rozi bo`ldingizmi? Oxirat oldida bu dunyo hayoti juda oz-ku?!Эй, иймон келтирганлар! Сизга нима бўлдики, Аллоҳнинг йўлида қўзғалинг, дейилса, ерга ёпишиб олдингиз. Ёки охиратни қўйиб, дунё ҳаётига рози бўлдингизми? Охират олдида бу дунё ҳаёти жуда оз-ку?!Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, sizlarga nima boʻldiki, Alloh yoʻlida (jihodga) chiqinglar, deyilsa, oʻz yeringizga (yaʼni, yurtingizga) yopishib oldingiz?! Oxirat (neʼmatlari)dan yuz oʻgirib, hayoti dunyo (lazzatlari)ga rozi boʻlurmisiz?! Oxirat oldida bu dunyo matosi juda oz narsa-ku?!Эй мўминлар, сизларга нима бўлдики, Аллоҳ йўлида (жиҳодга) чиқинглар, дейилса, ўз ерингизга (яъни, юртингизга) ёпишиб олдингиз?! Охират (неъматлари)дан юз ўгириб, ҳаёти дунё (лаззатлари)га рози бўлурмисиз?! Охират олдида бу дунё матоси жуда оз нарса-ку?!
Bu oyati karima Tabuk urushiga ommaviy safarbarlik eʼlon qilingandan soʻng yuz bergan baʼzi holatlar tufayli nozil boʻlgan. Rumliklar Shomda katta qoʻshin toʻplab musulmonlarga qarshi urushga tayyorgarlik koʻrayotganlari, Rum podshohi Herakl kishilarga bir yillik sarf-xarajat bergani, ularga Lahm, Juzom, Omila, Gʻasson kabi arab qabilalari ham qoʻshilgani, ularning peshqadam askarlari Balqo degan joyga yetib kelgani haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xabar keldi. Shunda, u zot sollallohu alayhi vasallam Rumga qarshi urushga ommaviy safarbarlik eʼlon etdilar. Odatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urushga chiqar boʻlsalar, harbiy hiyla uchun oʻzlarini sirtdan boshqa tomonga ketayotgan qilib koʻrsatar edilar. Ammo, bu safar ish qiyin, masofa uzoq, vaqt ziq boʻlgani uchun hammasini ochiqchasiga aytdilar. Oʻsha paytda havo juda ham qizigan boʻlib, odamlar yurishdan koʻra, turishni afzal koʻrgan vaqt edi. Bu safarbarlikka hamma har xil munosabatda boʻldi. Munofiqlar gap toʻqib, odamlarni qoʻrqitdilar. Rumliklar kuchli boʻladi, masofa uzoq, havo issiq, qoʻzgʻalmanglar, deb fitna tarqatdilar. Albatta, bu omillar baʼzi kishilarga taʼsir koʻrsatdi, qoʻzgʻolishdan qochib dangasalik qilganlar ham topildi. Ushbu oyatlar ana shu holni muolaja qiladi:
«Ey, iymon keltirganlar! Sizga nima boʻldiki, Allohning yoʻlida qoʻzgʻoling deyilsa, yerga yopishib oldingiz».
Ha, Allohning yoʻlida qoʻzgʻolish yerdan–bu dunyodan uzilib, otilib chiqishdir. Kimki yerga–bu dunyoga yopishib qolgan boʻlsa, Allohning yoʻlida qoʻzgʻola olmaydi. Shuning uchun, oyatning davomida:
«Yoki oxiratni qoʻyib, dunyo hayotiga rozi boʻldingizmi?»–deyilmoqda.
Demak, Allohning yoʻlida qoʻzgʻolish uchun mustahkam iymon, bu dunyoning matohidan koʻra oxiratni ustun qoʻyish hissiyoti boʻlishi zarur. Agar iymonda zaiflik boʻlib, oxiratdan koʻra bu dunyoni yaxshi koʻrsa, hech kim Allohning yoʻlida jihodga qoʻzgʻola olmaydi. Shuning uchun ham, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida: «Kim gʻazotda qatnashmay yoki gʻazotda qatnashishni niyat qilmay turib oʻlsa, munofiqlik shoʻʼbalaridan birida oʻlgan boʻladi»,–deganlar. Jihoddan qochishlik katta gunohdir. Bu dunyoning arzimagan matohi deb, oxiratni kuydirish oqil kishining ishi emas.
«Oxirat oldida bu dunyo hayoti juda oz-ku?!»
Shu oz va arzimagan narsani deb ulkan savobdan qochganlarga Alloh nima jazolar berishi keyingi oyatda bayon qilinadi: