إِلَّا تَنصُرُوهُ فَقَدْ نَصَرَهُ ٱللَّهُ إِذْ أَخْرَجَهُ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ ثَانِىَ ٱثْنَيْنِ إِذْ هُمَا فِى ٱلْغَارِ إِذْ يَقُولُ لِصَـٰحِبِهِۦ لَا تَحْزَنْ إِنَّ ٱللَّهَ مَعَنَا ۖ فَأَنزَلَ ٱللَّهُ سَكِينَتَهُۥ عَلَيْهِ وَأَيَّدَهُۥ بِجُنُودٍ لَّمْ تَرَوْهَا وَجَعَلَ كَلِمَةَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ ٱلسُّفْلَىٰ ۗ وَكَلِمَةُ ٱللَّهِ هِىَ ٱلْعُلْيَا ۗ وَٱللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri bo`lgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi. Ular ikkovlon g`orda turganlarida, u sherigiga: «Xafa bo`lma, Alloh, albatta, biz bilan», dedi. Bas, Alloh uning ustidan O`z sokinligini nozil qildi va siz ko`rmagan lashkarlar bilan qo`lladi. Kufr keltirganlar kalimasini past qildi. Allohning kalimasi esa, o`zi yuqori. Alloh g`olib va hikmatli Zotdir.Агар сиз унга ёрдам бермасангиз, батаҳқиқ, Аллоҳ унга, куфр келтирганлар уни икки кишининг бири бўлган ҳолида чиқарганларида, нусрат берди. Улар икковлон ғорда турганларида, у шеригига: «Хафа бўлма, Аллоҳ, албатта, биз билан», деди. Бас, Аллоҳ унинг устидан Ўз сокинлигини нозил қилди ва сиз кўрмаган лашкарлар билан қўллади. Куфр келтирганлар калимасини паст қилди. Аллоҳнинг калимаси эса, ўзи юқори. Аллоҳ ғолиб ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Agar sizlar unga (yaʼni, paygʻambarga) yordam qilmasangiz (Allohning Oʻzi unga yordam qilur). Uni kofirlar ikki kishining biri boʻlgan holida (yaʼni, bir hamrohi bilan Makkadan) haydab chiqarganlarida, unga Alloh yordam berdi-ku. Oʻshanda ikkovlon gʻorda boʻlgan paytlarida hamrohiga: «Gʻamgin boʻlma, shubhasiz, Alloh biz bilan birgadir», der ekan, Alloh uning ustiga xotirjamlik tushirdi va uni sizlar koʻrmagan lashkarlar (yaʼni, farishtalar) bilan qoʻllab-quvvatladi hamda kofir boʻlgan kimsalarning soʻzlarini tuban qilib qoʻydi, Allohning soʻzigina yuksak soʻzdir. Alloh qudratli, hikmatlidir.Агар сизлар унга (яъни, пайғамбарга) ёрдам қилмасангиз (Аллоҳнинг Ўзи унга ёрдам қилур). Уни кофирлар икки кишининг бири бўлган ҳолида (яъни, бир ҳамроҳи билан Маккадан) ҳайдаб чиқарганларида, унга Аллоҳ ёрдам берди-ку. Ўшанда икковлон ғорда бўлган пайтларида ҳамроҳига: «Ғамгин бўлма, шубҳасиз, Аллоҳ биз билан биргадир», дер экан, Аллоҳ унинг устига хотиржамлик туширди ва уни сизлар кўрмаган лашкарлар (яъни, фаришталар) билан қўллаб-қувватлади ҳамда кофир бўлган кимсаларнинг сўзларини тубан қилиб қўйди, Аллоҳнинг сўзигина юксак сўздир. Аллоҳ қудратли, ҳикматлидир.
Ey, moʻminman deb yurganlar, agar siz bu safar Paygʻambarga yordam bermasangiz, hechqisi yoʻq, sizga yomon boʻladi. Alloh Oʻz Paygʻambariga yordam berishi turgan gap. Uni Makkada kofirlar oʻldirmoqchi boʻlib, gapni bir joyga qoʻyganlarida ham Alloh unga nusrat bergan. Alloh kofirlarning yomon niyatlarini unga bildirgan va unga chiqib ketishni amr qilgan. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq bilan birga hijratga chiqqanlar. Mushriklar koʻp edilar, Alloh Paygʻambariga yordam bergan. Ha:
«Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri boʻlgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi».
Oʻshanda Alloh unga yordam bermasa, hech kim yordam bera olmas edi. Mushriklar orqalaridan yetib kelib qolgan edi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sheriklari Abu Bakr Siddiq U zot sollallohu alayhi vasallamga yomonlik yetishidan qoʻrqib, agar mushriklardan birortasi oyogʻi ostiga qarasa, bizni koʻrib qoladi, deb titrab turardilar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam esa, xotirjam edilar.
«...ikkovlon gʻorda turganlarida, u sherigiga, xafa boʻlma, Alloh, albatta, biz bilan, dedi».
Paygʻambargagina xos boʻlgan xotirjamlikdir–bu. Chunki, u, Allohning doimo oʻzi bilan birga ekanini sezib turadi. Shuningdek, Alloh taolo Paygʻambariga Badr va Hunayn gʻazotlarida ham yordam berdi.
«Bas, Alloh uning ustidan Oʻz sokinligini nozil qildi va siz koʻrmagan lashkarlar bilan qoʻlladi».
Oʻsha sokinlik tufayli hamma xotirjam boʻldi va jangga shijoat bilan kirdilar. Oʻsha janglarda uni siz koʻrmagan lashkarlar–farishtalar bilan qoʻlladi. Shunday tadbirlar bilan Alloh:
«Kufr keltirganlar kalimasini past qildi».
Ularni magʻlub va xoru zor qildi.
«Allohning kalimasi esa, oʻzi yuqori».
Uning kalimasi doimo yuqori boʻladi. Siz Paygʻambarga Tabuk urushida va boshqa urushlarda yordam bermasangiz ham, Alloh Oʻzi unga yordam beradi. Chunki:
«Alloh gʻolib va hikmatli Zotdir».
Gʻolib–azizlik sifati bilan Alloh Oʻz Paygʻambarini dushman ustidan gʻolib qiladi. Hakimlik sifati ila har bir ishni hikmat bilan amalga oshiradi.