وَمَا مَنَعَهُمْ أَن تُقْبَلَ مِنْهُمْ نَفَقَـٰتُهُمْ إِلَّآ أَنَّهُمْ كَفَرُوا۟ بِٱللَّهِ وَبِرَسُولِهِۦ وَلَا يَأْتُونَ ٱلصَّلَوٰةَ إِلَّا وَهُمْ كُسَالَىٰ وَلَا يُنفِقُونَ إِلَّا وَهُمْ كَـٰرِهُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularning nafaqalarining qabul etilishidan man qilgan narsa faqat Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirganlari, namozga doimo dangasa hollarida kelganlari va doimo yoqtirmay infoq qilganlaridir.Уларнинг нафақаларининг қабул этилишидан ман қилган нарса фақат Аллоҳга ва Унинг Расулига куфр келтирганлари, намозга доимо дангаса ҳолларида келганлари ва доимо ёқтирмай инфоқ қилганларидир.Alauddin Mansour: Qilgan infoq-ehsonlari (Alloh dargohida) qabul qilinishidan toʻsgan narsa faqat ularning Alloh va Uning paygʻambariga iymon keltirmaganlari, namozga faqat eringan hollaridagina kelishlari va oʻzlari istamagan hollaridagana infoq-ehson qilganliklaridir.Қилган инфоқ-эҳсонлари (Аллоҳ даргоҳида) қабул қилинишидан тўсган нарса фақат уларнинг Аллоҳ ва Унинг пайғамбарига иймон келтирмаганлари, намозга фақат эринган ҳолларидагина келишлари ва ўзлари истамаган ҳолларидагана инфоқ-эҳсон қилганликларидир.
Munofiqlar qilgan nafaqa qabul boʻlmasligining uchta bosh sababi bor ekan. Birinchisi:
«Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirganlari».
Islom qoidasi boʻyicha Allohga va Uning Rasuliga iymoni yoʻq kishining hech qanday yaxshi amali qabul qilinmaydi. Unga savob berilmaydi. Yaxshi amallarning qabul qilinishi, ularga savob berilishining asosiy sharti iymondir. Munofiqlar sirtlaridan musulmonga oʻxshasalar ham, ichlarida kofirdirlar. Shuning uchun, nafaqalari qabul boʻlmaydi.
Ikkinchisi:
«namozga doimo dangasa hollarida kelganlari».
Chunki, aslida, ularning qalbida namozga ixlos yoʻq. Xudo uchun emas, balki musulmonlarga oʻzini dindor qilib koʻrsatish uchungina, xoʻjakoʻrsinga namoz oʻqiydilar. Oʻsha holda ham doimo dangasalik bilan namoz oʻqiydilar. Bu eng yomon sifatlardan boʻlib, ulardan sadaqa qabul qilinmasligi turgan gap.
Uchinchisi:
«...doimo yoqtirmay infoq qilganlaridir».
Ular, aslida, xayru ehsonga ham ixlosi yoʻq kishilardir. Lekin munofiqlik bilan ehson qiladilar. Qachon ehson qilsalar, yoqtirmay, noilojdan qiladilar. Albatta, bunday holda berilgan nafaqa qabul boʻlmaydi.
Munofiqlar molu dunyoli, farzandlari koʻp va qavmlari orasida obroʻ-eʼtiborli kishilar edi. Alloh taolo Paygʻambariga ularning bu jihatlaridan ajablanmaslikka va havas qilmaslikka buyurmoqda: