۞ إِنَّمَا ٱلصَّدَقَـٰتُ لِلْفُقَرَآءِ وَٱلْمَسَـٰكِينِ وَٱلْعَـٰمِلِينَ عَلَيْهَا وَٱلْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِى ٱلرِّقَابِ وَٱلْغَـٰرِمِينَ وَفِى سَبِيلِ ٱللَّهِ وَٱبْنِ ٱلسَّبِيلِ ۖ فَرِيضَةً مِّنَ ٱللَّهِ ۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, sadaqalar faqirlarga, miskinlarga, sadaqa ishida ishlovchilarga, ko`ngillarini ulfat qilinadiganlarga, qul ozod qilishga, qarzdorlarga, Allohning yo`liga va yo`l o`g`lilariga berilishi Alloh tomonidan farz qilingandir. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.Албатта, садақалар фақирларга, мискинларга, садақа ишида ишловчиларга, кўнгилларини улфат қилинадиганларга, қул озод қилишга, қарздорларга, Аллоҳнинг йўлига ва йўл ўғлиларига берилиши Аллоҳ томонидан фарз қилингандир. Аллоҳ билгувчи ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Albatta, sadaqalar (yaʼni, zakotlar) Alloh tomonidan farz boʻlgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yigʻuvchilarga, koʻngillari (Islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, boʻyinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yoʻlida (yaʼni, jihodga yoki hajga ketayotganlarga) hamda yoʻlovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat Sohibidir.Албатта, садақалар (яъни, закотлар) Аллоҳ томонидан фарз бўлган ҳолда, фақат фақирларга, мискинларга, садақа йиғувчиларга, кўнгиллари (Исломга) ошна қилинувчи кишиларга, бўйинларни (қулларни) озод қилишга, қарздор кишиларга ва Аллоҳ йўлида (яъни, жиҳодга ёки ҳажга кетаётганларга) ҳамда йўловчи мусофирларга берилур. Аллоҳ билим ва ҳикмат Соҳибидир.
«Sadaqalar» deganda «zakot» nazarda tutilgandir. Bu oyati karima Alloh taolo boylarga, yaʼni, moli nisobga yetgan musulmonlarga farz qilgan zakotga kimlar haqli ekanligini bayon qiladi. Demak, sadaqalarni har kim ham olavermaydi, balki Alloh taolo Oʻzi tayinlagan kishilargina oladilar. Boshqalarga zakot olish haromdir. Zakotga haqdor toifalar ushbu oyati karimaga asosan sakkiztadir:
Birinchi toifa:
«faqirlar»–bir oz molga ega-yu, lekin mulki zakot beradigan darajada nisobga yetmagan kambagʻal odam.
Ikkinchi toifa:
«miskinlar»–hech narsasi yoʻq, juda ham kambagʻal odam.
Uchinchi toifa:
«sadaqa ishida ishlovchilar»–ularni «Omili zakot» deyiladi. Islom davlatida zakot hukumat tomonidan yigʻiladi. Zakot yigʻish va unga bogʻliq boshqa ishlarni bajarish uchun hukumat qoʻygan odam «Omili zakot» boʻladi. Ana oʻsha ishda ishlovchilarning maoshi ham zakotdan beriladi.
Toʻrtinchi toifa:
«koʻngillarini ulfat qilinadiganlar».
Yaʼni, baʼzi kishilarning koʻngillarini Islomga moyil qilish uchun ham zakotdan tushgan moldan beriladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam baʼzi odamlarga, Islomga kirib qolsa ajab emas, degan maʼnoda ham zakot ulashganlar. Islomga yangi kirgan baʼzi kishilarga ular dinda sobit qolsinlar uchun, koʻngillarini Islomga yanada qiziqtirish uchun zakotdan beriladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Uyayna ibn Xisn, Aqraʼ ibn Hobis va Abbos ibn Mirdas al-Silmiylarga shu maʼnoda zakotdan berganlari maʼlum. Yana baʼzi kishilar borki, zakotdan olsalar, Islomga, musulmonlarga yomonlik qilmay turadilar, oʻshalarga ham, toʻgʻri deb topilsa, zakotdan beriladi. Koʻpchilik ulamolar, jumladan, hanafiy mazhabi ulamolari bu toifadagi odamlarga hozir zakot taqsim etilmaydi, deganlar. Zamondosh ulamolarimizdan baʼzilari bu fikrni aytgan ulugʻlarimiz davrida Islom quvvatli boʻlib, kishilarning qalblarini moyil qilishga hojat yoʻq, degan fikrga kelganlar, ammo hozir vaziyat oʻzgardi, shuning uchun, bu toifadagilar zakotdan olsa joiz, deydilar.
Beshinchi toifa:
«qul ozod qilishga»–maʼlumki, ushbu oyat nozil boʻlgan paytda dunyoda quldorlik tuzumi mavjud edi. Islom quldorlikka qarshi kurash boshladi. Turli uslublar bilan insonlarni qullikdan ozod qilish choralarini koʻrdi. Jumladan, bu ishni ibodat darajasiga koʻtardi. Zakot moliyaviy ibodat hisoblanib, Islomning besh ruknidan biridir. Boy musulmonlardan yigʻilgan zakotdan bir qismini qul ozod etish ishiga sarflashga amr qilindi. Xususan, zakot qullarning «mukotab» deb nomlanadigan turiga beriladigan boʻldi. Qul odam oʻz xojasi bilan maʼlum miqdor mol evaziga ozod boʻlishga kelishsa, bunga «mukotab» deyiladi. Demak, oʻsha mukotabga ozod boʻlishi uchun kelishilgan molni toʻlashga yordam tariqasida zakotdan beriladi.
Oltinchi toifa:
«qarzdorlarga»–turli sabablarga koʻra qarz boʻlib qolgan odamga qarzini uzish uchun yordam tariqasida zakotdan beriladi.
Yettinchi toifa:
«Allohning yoʻliga»–eng avvalo, Allohning yoʻlida jihod qilayotganlarni, qolaversa, dinu diyonat, musulmonlar ommasi foydasi uchun boʻladigan ishlarni ichiga oladi.
Sakkizinchi toifa:
«yoʻl oʻgʻli»–yaʼni, safarda, vatanidan uzoqda ogʻir iqtisodiy holga tushib qolgan shaxs, garchi oʻz yurtida boy boʻlsa ham, nochor ahvoliga koʻra, zakot olishga haqdor boʻladi.
Ushbu sakkiz toifadan boshqalarga zakot berib boʻlmaydi. Agar berilsa, zakot oʻrniga oʻtmaydi. Olgan uchun ham harom boʻladi.
Baʼzi kishilar oʻylaganidek, zakot olish tilanchilik emas, zakot berish tilanchini rozi qilish ham emas, balki Alloh buyurgan moliyaviy ibodatdir. Zakot boy shaxsning boʻynidagi farzdir. U zakotni «Ma, ol, yalangoyoq» qabilida emas, takabburlik holida emas, aksincha, tavozuʼ bilan, oluvchiga shirin muomala qilib, rahmat aytib berishi kerak. Oluvchi ham tilanchidek emas, balki Alloh ajratib bergan haqni olayotgandek his etib olishi kerak.
Munofiqlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sadaqalarni taqsimlashda ayblashlari nooʻrin ekanini bayon qilib, sadaqa–zakotni taqsimlash qoidasi tushuntirilganidan keyin, yana munofiqlar va ularning kirdikorlari haqidagi soʻz davom etadi: