كَٱلَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ كَانُوٓا۟ أَشَدَّ مِنكُمْ قُوَّةً وَأَكْثَرَ أَمْوَٰلًا وَأَوْلَـٰدًا فَٱسْتَمْتَعُوا۟ بِخَلَـٰقِهِمْ فَٱسْتَمْتَعْتُم بِخَلَـٰقِكُمْ كَمَا ٱسْتَمْتَعَ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِكُم بِخَلَـٰقِهِمْ وَخُضْتُمْ كَٱلَّذِى خَاضُوٓا۟ ۚ أُو۟لَـٰٓئِكَ حَبِطَتْ أَعْمَـٰلُهُمْ فِى ٱلدُّنْيَا وَٱلْـَٔاخِرَةِ ۖ وَأُو۟لَـٰٓئِكَ هُمُ ٱلْخَـٰسِرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: O`zingizdan avvalgilarga o`xshaysiz. Ular sizlardan ko`ra quvvatliroq, molu dunyo va bola-chaqalari ko`proq edilar. Bas, o`z nasibalari ila maza qildilar. O`zingizdan oldingilar nasibalari ila maza qilganlaridek, siz ham o`z nasibangiz ila maza qildingiz. Ular sho`ng`igandek siz ham sho`ng`idingiz. Ana o`shalarning amallari dunyoyu oxiratda habata bo`ldi. Ana o`shalar o`zlari ziyon ko`rguvchilardir.Ўзингиздан аввалгиларга ўхшайсиз. Улар сизлардан кўра қувватлироқ, молу дунё ва бола-чақалари кўпроқ эдилар. Бас, ўз насибалари ила маза қилдилар. Ўзингиздан олдингилар насибалари ила маза қилганларидек, сиз ҳам ўз насибангиз ила маза қилдингиз. Улар шўнғигандек сиз ҳам шўнғидингиз. Ана ўшаларнинг амаллари дунёю охиратда ҳабата бўлди. Ана ўшалар ўзлари зиён кўргувчилардир.Alauddin Mansour: (Ey munofiqlar), sizlar ham xuddi sizlardan ilgari oʻtgan (munofiqlar)ga oʻxshaysizlar. Ular sizlardan koʻra quvvatliroq va mol-mulk, bola-chaqalari ham koʻproq edi. Bas, (bu dunyodagi) oʻz nasibalarini koʻrdilar. Sizlar ham, ilgari oʻtganlar nasibalarini koʻrganlaridek, oʻz nasibangizni koʻrdingiz va ular shoʻngʻigan narsaga (yaʼni, nohaq yoʻlga) shoʻngʻidingiz. Ularning (yaʼni, barcha munofiqlarning) qilgan amallari dunyoyu Oxiratda behuda ketdi. Ana oʻshalar haqiqiy ziyon koʻrguvchilardir.(Эй мунофиқлар), сизлар ҳам худди сизлардан илгари ўтган (мунофиқлар)га ўхшайсизлар. Улар сизлардан кўра қувватлироқ ва мол-мулк, бола-чақалари ҳам кўпроқ эди. Бас, (бу дунёдаги) ўз насибаларини кўрдилар. Сизлар ҳам, илгари ўтганлар насибаларини кўрганларидек, ўз насибангизни кўрдингиз ва улар шўнғиган нарсага (яъни, ноҳақ йўлга) шўнғидингиз. Уларнинг (яъни, барча мунофиқларнинг) қилган амаллари дунёю Охиратда беҳуда кетди. Ана ўшалар ҳақиқий зиён кўргувчилардир.
Har vaqt va har yerda munofiqlar bir-birlariga oʻxshaydilar:
«Oʻzingizdan avvalgilarga oʻxshaysiz. Ular sizlardan koʻra quvvatliroq, molu dunyo va bola-chaqalari koʻproq edilar».
Yaʼni, ular doimo moddiy quvvatga suyanadilar, molu dunyoni, bola-chaqani koʻpaytirishga va oʻsha narsalar bilan faxrlanishga urinadilar.
«Bas, oʻz nasibalari ila maza qildilar. Oʻzingizdan oldingilar nasibalari ila maza qilganlaridek, siz ham oʻz nasibangiz ila maza qildingiz».
Yaʼni, avval oʻtgan munofiqlar bu dunyoda ayshu ishrat qilib, oʻz nasibasidan rohatlanishga urindilar. Siz ham ey, hozirgi munofiqlar, xuddi oʻsha avval oʻtgan munofiqlarga oʻxshab, bu dunyoda ayshu ishrat qilib, oʻz nasibangizdan rohatlanishga urindingizlar.
«Ular shoʻngʻigandek siz ham shoʻngʻidingiz».
Yaʼni, avval oʻtgan munofiqlar nimaga, qandoq shoʻngʻigan boʻlsalar, siz ham oʻsha narsaga, ularga oʻxshab shoʻngʻidingiz.
«Ana oʻshalarning amallari dunyoyu oxiratda habata boʻldi. Ana oʻshalar oʻzlari ziyon koʻrguvchilardir».
Yaʼni, ana oʻshandoq munofiqlarning; avval oʻtganlarining ham, bu oyati karima nozil boʻlgan paytdagilarining ham va ulardan keyingilarining ham qilgan barcha amallari dunyoyu oxiratda habata–behuda boʻldi. Xuddi molning qornini shishirib yorib yuborishga sabab boʻlgan zararli alafdek boʻldi. Ana oʻsha munofiq va kofirlarning barchalari, ha, ana oʻshalar, boshqalar emas, ziyon koʻrguvchilardir.
Tafsirchi ulamolarimizdan birlari dunyoda munofiqlikning rivoj topishiga asosan zolim va fosiq podshohlar sabab boʻlishini, ularning davrida muxlis–sodiq kishilar va xayrli ishlardan koʻra, munofiq, riyokorlar va ularning qabih ishlari koʻp boʻlishini va qadrlanishini aytadilar. Podshoh, amir va raislarning buzgʻunchi ekanliklarining eng katta dalili munofiq va tilyogʻlamachilarni oʻzlariga yaqinlashtirganlari hamda rostgoʻy va nasihatchi kishilarni oʻzlaridan uzoqlashtirganlaridir, deb quyidagi hadisi sharifni keltiradilar:
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ruhlar safarbar qilingan lashkarlarga oʻxshaydilar, bir-birlari bilan tanishganlari ulfat boʻladi, bir-biriga yoqmaganlari xilof qiladi»,–degan ekanlar.
Oldingi oyatda munofiqlar ilgari oʻtgan kofirlarga oʻxshatilgan edi. Kelasi oyatda oʻsha oldingi oʻtganlardan baʼzilari zikr qilinadi: