أَلَمْ يَأْتِهِمْ نَبَأُ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ قَوْمِ نُوحٍ وَعَادٍ وَثَمُودَ وَقَوْمِ إِبْرَٰهِيمَ وَأَصْحَـٰبِ مَدْيَنَ وَٱلْمُؤْتَفِكَـٰتِ ۚ أَتَتْهُمْ رُسُلُهُم بِٱلْبَيِّنَـٰتِ ۖ فَمَا كَانَ ٱللَّهُ لِيَظْلِمَهُمْ وَلَـٰكِن كَانُوٓا۟ أَنفُسَهُمْ يَظْلِمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularga o`zlaridan oldin o`tganlarning, Nuh, Od, Samud qavmining va Ibrohim qavmining, Madyan egalarining va to`ntarilgan (qishloq)larning xabari kelmadimi? Ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar. Bas, Alloh ularga zulm qilmas edi. Lekin ular o`zlariga zulm qilar edilar.Уларга ўзларидан олдин ўтганларнинг, Нуҳ, Од, Самуд қавмининг ва Иброҳим қавмининг, Мадян эгаларининг ва тўнтарилган (қишлоқ)ларнинг хабари келмадими? Уларга Пайғамбарлари очиқ-ойдин ҳужжатлар билан келдилар. Бас, Аллоҳ уларга зулм қилмас эди. Лекин улар ўзларига зулм қилар эдилар.Alauddin Mansour: Ularga oʻzlaridan ilgari oʻtgan kishilar boʻlmish Nuh, Od, Samud qavmlarining va Ibrohim qavmining, Madyan aholisining (yaʼni, Shuayb qavmining) hamda zeru zabar boʻlgan qishloqlarning (yaʼni, Lut qavmi qishloqlarining) holi-xabari kelmadimi?! Ularga paygʻambarlari ochiq dalil-hujjatlar keltirgan edilar (shunda ular paygʻambarlarini yolgʻonchi qilishgach, bu qavmlar ustiga Allohning balolari yogʻilgan edi). Bas, Alloh ularga zulm qilguvchi boʻlmadi, balki oʻzlari oʻzlariga zulm qilgan edilar.Уларга ўзларидан илгари ўтган кишилар бўлмиш Нуҳ, Од, Самуд қавмларининг ва Иброҳим қавмининг, Мадян аҳолисининг (яъни, Шуайб қавмининг) ҳамда зеру забар бўлган қишлоқларнинг (яъни, Лут қавми қишлоқларининг) ҳоли-хабари келмадими?! Уларга пайғамбарлари очиқ далил-ҳужжатлар келтирган эдилар (шунда улар пайғамбарларини ёлғончи қилишгач, бу қавмлар устига Аллоҳнинг балолари ёғилган эди). Бас, Аллоҳ уларга зулм қилгувчи бўлмади, балки ўзлари ўзларига зулм қилган эдилар.
Oyatda eslatilgan qavmlarning qissalari Arabiston yarim orolida keng tarqalgan edi. Ular bu qavmlarning qilmishlari va oqibatlari nima boʻlganini yaxshi bilishardi. Ammo, u qissalardan ibrat olish oʻrniga, yana oʻsha qavmlarning xatolarini takrorlashardi.
«Ularga oʻzlaridan oldin oʻtganlarning, Nuh, Od, Samud qavmining va Ibrohim qavmining, Madyan egalarining va toʻntarilgan (qishloq)larning xabari kelmadimi?»
Keyingi kofir va munofiqlar Nuh qavmini toʻfon bosib halokatga uchratganini ham, Od qavmini kuchli olovli shamol halok qilganini ham, Samud qavmini qattiq qichqiriq yakson etganini ham, Ibrohim alayhissalom oʻzi qutulib qolib, qavmlari qanday halok boʻlganini ham, Madyan egalarini zilzila olganini ham, Lut alayhissalomning qavmi yashagan qishloq qanday toʻntarilib, jinoyatkor aholisini bosib qolganini ham yaxshi bilishar edi.
«Ularga Paygʻambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar».
Paygʻambarlari ochiq-oydin hujjat bilan kelganida, ularni yolgʻonchiga chiqarib, boshlariga oʻsha musiybatlar tushganini ham yaxshi bilishardi.
«Bas, Alloh ularga zulm qilmas edi. Lekin ular oʻzlariga zulm qilar edilar».
Yaʼni, ular oʻz qilmishlari bilan oʻzlariga oʻzlari zulm qildilar. Boʻlmasa, Alloh ularga zulm qilmas edi.
Munofiqlarning qabih sifatlari zikridan soʻng, kelasi oyatda muxlis moʻminlarning goʻzal sifatlari zikr qilinadi. Zero, narsalarning haqiqati ziddiga duchor boʻlganda ochiladi.