يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ جَـٰهِدِ ٱلْكُفَّارَ وَٱلْمُنَـٰفِقِينَ وَٱغْلُظْ عَلَيْهِمْ ۚ وَمَأْوَىٰهُمْ جَهَنَّمُ ۖ وَبِئْسَ ٱلْمَصِيرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Payg`ambar, kofirlar va munofiqlarga qarshi jiddu jahd qil va ularga nisbatan qattiqqo`l bo`l. Ularning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon qaytadigan joy.Эй Пайғамбар, кофирлар ва мунофиқларга қарши жидду жаҳд қил ва уларга нисбатан қаттиққўл бўл. Уларнинг жойи жаҳаннамдир. У қандай ҳам ёмон қайтадиган жой.Alauddin Mansour: Ey paygʻambar, kofir va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga qattiqqoʻl boʻling. Ularning joylari jaxannamdir. Naqadar yomon oqibat bu!Эй пайғамбар, кофир ва мунофиқларга қарши курашинг ва уларга қаттиққўл бўлинг. Уларнинг жойлари жаханнамдир. Нақадар ёмон оқибат бу!
Maʼlumki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam avvalda munofiqlarga nisbatan juda ham kechirimli boʻlganlar. Ularning koʻpgina beodoblik va dushmanliklarini afv qilganlar. Hatto baʼzi sahobalar haddan oshib ketgan munofiqlarni oʻldirishga izn soʻraganlarida ham, qoʻy, odamlar, oʻz sheriklarini oʻldiryapti, demasin, deganlar. Ammo, ushbu oyati karima endi yumshoq muomalalarning vaqti oʻtganini, endi munofiqlarga ham kofirlarga qilgandek muomala qilish vaqti kelganini bildirmoqda. Ularga qarshi jihod qilib, qattiqqoʻl boʻlish tayinlanmoqda.
«Ey Paygʻambar, kofirlar va munofiqlarga qarshi jihod qil va ularga nisbatan qattiqqoʻl boʻl».
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam munofiqlarga qarshi urush qilmaganlarini, ularni oʻldirmaganlarini alohida taʼkidlaydilar. Lekin shu oyatdan keyin muomala keskin oʻzgarib, ularga nisbatan qattiqqoʻl boʻlingan va kirdikorlari ayovsiz fosh etilgan.
Oxiratda munofiqlarning joylari jahannam boʻlishi aniq.
«Ularning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon qaytadigan joy».
Kelasi oyati karimada ana shundoq ogʻir jazoga giriftor boʻladiganlarning baʼzi kirdikorlari fosh etiladi.