يَحْلِفُونَ بِٱللَّهِ مَا قَالُوا۟ وَلَقَدْ قَالُوا۟ كَلِمَةَ ٱلْكُفْرِ وَكَفَرُوا۟ بَعْدَ إِسْلَـٰمِهِمْ وَهَمُّوا۟ بِمَا لَمْ يَنَالُوا۟ ۚ وَمَا نَقَمُوٓا۟ إِلَّآ أَنْ أَغْنَىٰهُمُ ٱللَّهُ وَرَسُولُهُۥ مِن فَضْلِهِۦ ۚ فَإِن يَتُوبُوا۟ يَكُ خَيْرًا لَّهُمْ ۖ وَإِن يَتَوَلَّوْا۟ يُعَذِّبْهُمُ ٱللَّهُ عَذَابًا أَلِيمًا فِى ٱلدُّنْيَا وَٱلْـَٔاخِرَةِ ۚ وَمَا لَهُمْ فِى ٱلْأَرْضِ مِن وَلِىٍّ وَلَا نَصِيرٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular gapirmaganlari haqida Allohning nomi ila qasam icharlar. Batahqiq, kufr kalimasini aytdilar va Islomlaridan keyin kufr keltirdilar hamda yeta olmagan narsalariga qasd qildilar. Holbuki, ular Alloh va Uning Rasuli ularni O`z fazlidan boy qilib qo`yganlaridan boshqa «ayb» topa olmadilar. Agar tavba qilsalar, o`zlariga yaxshi bo`ladir. Gar yuz o`girib ketsalar, Alloh ularni bu dunyoyu oxiratda alamli azob bilan azoblaydir. Yer yuzida ularga do`st ham, yordamchi ham yo`q.Улар гапирмаганлари ҳақида Аллоҳнинг номи ила қасам ичарлар. Батаҳқиқ, куфр калимасини айтдилар ва Исломларидан кейин куфр келтирдилар ҳамда ета олмаган нарсаларига қасд қилдилар. Ҳолбуки, улар Аллоҳ ва Унинг Расули уларни Ўз фазлидан бой қилиб қўйганларидан бошқа «айб» топа олмадилар. Агар тавба қилсалар, ўзларига яхши бўладир. Гар юз ўгириб кетсалар, Аллоҳ уларни бу дунёю охиратда аламли азоб билан азоблайдир. Ер юзида уларга дўст ҳам, ёрдамчи ҳам йўқ.Alauddin Mansour: Ular (yaʼni, munofiqlar sizga yetib kelgan haqorat soʻzlarini) aytmaganliklariga qasam ichadilar. Holbuki, kufr soʻzini aniq aytgan edilar va Islomga kirganlaridan soʻng yana kufrga qaytgan edilar hamda oʻzlari yetolmagan narsa (yaʼni, paygʻambar joniga suiqasd qilishga) qasd qilgan edilar. Ular (munofiqlar) faqat Alloh va Uning paygʻambari ularni Oʻz fazlu karamidan boy-badavlat qilib qoʻygani uchungina (Alloh va Uning paygʻambarini) yomon koʻrdilar, xolos. Bas, endi agar tavba qilsalar, oʻzlari uchun yaxshi boʻlur. Agar yuz oʻgirsalar, Alloh ularni dunyoyu Oxiratda alamli azob bilan azoblar va ular uchun Yer yuzida biron doʻst va yordamchi boʻlmas!Улар (яъни, мунофиқлар сизга етиб келган ҳақорат сўзларини) айтмаганликларига қасам ичадилар. Ҳолбуки, куфр сўзини аниқ айтган эдилар ва Исломга кирганларидан сўнг яна куфрга қайтган эдилар ҳамда ўзлари етолмаган нарса (яъни, пайғамбар жонига суиқасд қилишга) қасд қилган эдилар. Улар (мунофиқлар) фақат Аллоҳ ва Унинг пайғамбари уларни Ўз фазлу карамидан бой-бадавлат қилиб қўйгани учунгина (Аллоҳ ва Унинг пайғамбарини) ёмон кўрдилар, холос. Бас, энди агар тавба қилсалар, ўзлари учун яхши бўлур. Агар юз ўгирсалар, Аллоҳ уларни дунёю Охиратда аламли азоб билан азоблар ва улар учун Ер юзида бирон дўст ва ёрдамчи бўлмас!
Oyati karimadagi vasflar barcha munofiqlar uchun umumiydir. Ular bir gapni aytib qoʻyib, keyin, aytganim yoʻq, deb turaveradilar. Oyati karimaning nozil boʻlishiga esa, tubandagi hodisa sabab boʻlgan:
Imom Ahmad roziyallohu anhu Abu Tufayl roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk gʻazotidan qaytayotganlarida jarchiga buyurib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tepalik yoʻliga yurdilar, hech kim u yoʻlga yurmasin»,–deb jar chaqirtirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ulovlarini Huzayfa yetaklab, Ammor haydab ketishayotgan edi, toʻsatdan bir guruh yuzini berkitib olgan otliqlar tezlab kelib, Ammor roziyallohu anhuni oʻrab olishdi. Ammor roziyallohu anhu haligi otlarning yuziga urib hayday boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xuzayfaga:
«Yetakla, yetakla!!!»–dedilar. Soʻngra, ulovdan tushib oldilar. Ammor qaytib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Ammor! Haligi odamlarni tanidingmi?»–dedilar. Ammor roziyallohu anhu:
«Hamma otliqlarni bilardim. Ammo, bular yuzlarini berkitib olgan ekanlar»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nima qilishmoqchi boʻlganlarini bildingmi?»–dedilar. Ammor:
«Alloh va Uning Rasuli biladi»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ular Rasulullohning mingan ulovini olib qochib, soʻngra uni yiqitmoqchi boʻldilar»,–dedilar. Shunda Ammor roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biriga:
«Alloh uchun rostini ayt, tepalikdagi oʻtgan odamlar nechta edi?»– deb savol berdi. U kishi:
«Oʻn toʻrt kishi edi»,–deb javob berdi. Ammor roziyallohu anhu esa:
«Agar sen ham ular bilan boʻlsang, oʻn beshta ekan»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan uchtasini (nomini aytib) sanadilar. Ular:
«Allohga qasamki, biz Rasulullohning jarchilarini eshitmabmiz, haligi odamlarning niyatidan ham bexabar edik»,–deyishdi. Ammor roziyallohu anhu:
«Guvohlik beramanki, qolgan oʻn ikkitasi bu dunyoyu u dunyoda Allohga va Uning Rasuliga urush ochganlardir»,–dedilar».
Koʻrinib turibdiki, munofiqlar paytini topsalar, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suiqasd qilishdan ham toymaydilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida munofiqlar bir necha bor kufr gaplarni aytganlaridan keyin tonib, aytganimiz yoʻq, deb qasam ichishgan. Oyati karimada oʻsha haqiqat taʼkidlanib, ular kufr gapni aytganlari va shu bilan musulmonlikdan chiqib qayta kofir boʻlganliklari bayon qilinmoqda.
«Ular gapirmaganlari haqida Allohning nomi ila qasam icharlar. Batahqiq, kufr kalimasini aytdilar va Islomlaridan keyin kufr keltirdilar hamda yeta olmagan narsalariga qasd qildilar».
Oyatdagi «yeta olmagan narsalarga qasd qildilar»dan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni oʻldirmoqqa qasd qilganlari va maqsadlariga yeta olmaganlaridir.
Nima uchun ular Islomga, musulmonlarga va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga bu qadar dushmanlikda boʻlganlar? Islom munofiqlarga nima yomonlik qilibdi? Ular Islomga kirganlari, musulmonlarga qoʻshilganlaridan keyin qanday va qancha zarar koʻrdilar? Islomga nima ayb qoʻyadilar? Oyatda aytilishicha, ular Islomga faqat bitta ayb qoʻyishlari mumkin, u ham boʻlsa, Islomga kirganlaridan keyin:
«Alloh va Uning Rasuli ularni Oʻz fazlidan boy qilib qoʻyganlaridan boshqa «ayb» topa olmadilar».
Islomning «aybi» shu: mazkur nobakorlar kambagʻal edilar, boy qilib qoʻydi, qashshoq edilar, farovon turmush kechiradigan qilib qoʻydi. Shuning uchun, munofiqlar undan «oʻch» olmoqchilar. Lekin, baribir, Allohning dargohi keng, ularga tavba eshigini ochib qoʻyaveradi:
«Agar tavba qilsalar, oʻzlari uchun yaxshi».
Oʻtgan gunohlari kechiriladi. Ikki dunyoning saodatiga erishish uchun yoʻl ochiladi. Oʻzlari uchun yaxshi boʻladi. Kimki oʻsha munofiqlik yoʻlida davom etishni xohlab:
«Gar yuz oʻgirib ketsalar, Alloh ularni bu dunyoyu oxiratda alamli azob bilan azoblaydir».
Bu ham muqarrar. Undoq kishilar ikki dunyoda xoru zor boʻladilar. Qancha urinmasinlar, bu xorlikdan qutula olmaydilar. Chunki:
«Yer yuzida ularga doʻst ham, yordamchi ham yoʻq».
Keyingi oyatlarda munofiqlarning yana baʼzi qilmishlari bayon etiladi: