أَلَمْ يَعْلَمُوٓا۟ أَنَّ ٱللَّهَ يَعْلَمُ سِرَّهُمْ وَنَجْوَىٰهُمْ وَأَنَّ ٱللَّهَ عَلَّـٰمُ ٱلْغُيُوبِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular Alloh ularning sirlarini ham, yashirin gaplarini ham albatta bilishini va Alloh, albatta, g`ayblarni bilguvchi Zot ekanini bilmasmidilar?Улар Аллоҳ уларнинг сирларини ҳам, яширин гапларини ҳам албатта билишини ва Аллоҳ, албатта, ғайбларни билгувчи Зот эканини билмасмидилар?Alauddin Mansour: Ular Alloh ularning yashirgan sirlarini ham, oʻzaro shivir-shivirlarini ham bilishini va Alloh gʻaybni — koʻrinmas narsalarni ham aniq biluvchi ekanini bilmadilarmi?!Улар Аллоҳ уларнинг яширган сирларини ҳам, ўзаро шивир-шивирларини ҳам билишини ва Аллоҳ ғайбни — кўринмас нарсаларни ҳам аниқ билувчи эканини билмадиларми?!
Sirtdan moʻminman deb daʼvo qilib, ichida kufrni sir saqlagan paytlarida, musulmonlar ichida dindorlik haqida lof urib, oʻzlari qolgach, ularga qarshi yashirin gaplarni pichirlaganlarida Alloh hammasini bilib turganini xayollariga keltirmaydilarmi? Axir, Alloh taolo hamma gaplarni yaxshi bilguchi Zot-ku!
Ushbu oyatda munofiqlarning umumiy holatlari vasf qilinadi. Hamma zamon munofiqlari shu holda boʻladilar.
Ulamolarimiz bu oyatlarning nuzuliga bevosita sabab boʻlgan hodisa haqida ham rivoyat qilganlar. Imom ibn Jarir Tobariy Abu Amoma al-Bohiliydan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Saʼlaba ibn Hotib Ansoriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
«Duo qiling, Alloh menga molu dunyo bersin»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Shoʻring qursin, ey Saʼlaba, shukrini ado qilgan oz moling, sen chiday olmaydigan koʻp moldan yaxshiroq»,–dedilar. Saʼlaba yana oʻz soʻzlarini takrorladi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Shoʻring qursin, ey Saʼlaba, Allohning Paygʻambariga oʻxshashga rozi boʻlmaysanmi? Mening jonim qoʻlida boʻlgan zot bilan qasamki, agar mana shu togʻlar men bilan birga tillo va kumush boʻlib yurishlarini xohlasam, yurar edi»,–dedilar. Saʼlaba:
«Sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, agar Allohga duo qilsangiz, menga molu dunyo bersa, har bir haq egasiga haqqini berar edim»,–dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey, bor xudoyo, Saʼlabaga molu dunyo bergin»,–deb duo qildilar. Saʼlaba qoʻy boqdi. Qoʻylari qurtdek koʻpayib ketdi. Madiynaga sigʻmay qoldi. U shahardan chetga chiqib, vodiylardan biriga joylashdi. Peshin va asr namozlarini jamoat bilan oʻqib, qolganlarini oʻqimay qoʻydi. Qoʻylari esa, tobora koʻpayib borardi. U jumadan boshqa namozga kelmay qoʻydi. Qoʻylari yana koʻpayaverdi. U jumaga ham kelmay qoʻydi. Juma kuni otliqlarning oldini toʻsib, nima xabar borligini soʻraydigan boʻldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Saʼlabaga nima qildi»,–deb soʻrab qoldilar. Odamlar:
«Ey, Allohning Rasuli, u qoʻy boqqan edi. Madiyna torlik qilib qoldi», deb uning xabarini aytib berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Saʼlabaning shoʻri qursin, Saʼlabaning shoʻri qursin!»–dedilar. Keyin Alloh taolo: «Ularning mollaridan sadaqa ol», oyatini nozil qildi. Zakotning farzlari nozil boʻldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kishini musulmonlardan zakot yigʻishga yubordilar. Biri Juhayna qabilasidan, ikkinchisi Salim qabilasidan edi. Ularga musulmonlardan zakotni qanday olishlarini yozdirib berdilar. Ularga, Saʼlabaning va falonchining, deb Bani Salimlik bir odamning ismini aytib, «Ularning oldilariga borib, zakotlarini olinglar»,–deb buyurdilar. Ular yoʻlga chiqib, Saʼlabaning oldiga keldilar, zakotni soʻradilar va unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yozdirib bergan maktubni oʻqitdilar. U esa:
«Bu jizyadan boshqa narsa emas. Bu jizyaning singlisidan boshqa narsa emas. Men buning nimaligini bilmayman. Sizlar ketaveringlar, ishni tamom qilganlaringizdan soʻng oldimga kelinglar»,–dedi.
Silmiy (Bani Salimlik odam) esa, zakot yigʻuvchilarning kelganlarini eshitib, tuyalarining tishiga qarab, eng yaxshilarini zakotga ajratib qoʻydi va ikkovlarini xursandlik bilan kutib oldi. Ular tuyalarni koʻrganlaridan keyin:
«Senga bularni berish vojib emas, biz sendan buni olmaymiz»,–dedilar. U:
«Iltimos, olinglar. Chin koʻngildan chiqarib qoʻyganman. Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib boringlar»,–dedi. Undan qabul qilib oldilar va boshqa odamlarning zakotlarini ham yigʻdilar. Soʻngra, ikkovlari Saʼlabaning oldiga qaytib bordilar. U, maktubingizni koʻrsating, dedi-da, uni oʻqib koʻrib:
«Bu jizyadan boshqa narsa emas. Bu jizyaning singlisidan bosh- qa narsa emas. Sizlar boraveringlar, men bir oʻylab koʻray»,–dedi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytib bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vakillarini koʻrishlari bilan, hali hech gap soʻramay turib:
«Saʼlabaning shoʻri qursin»,–dedilar. Silmiyga baraka tilab duo qildilar. Ikkala zakotchi u zot sollallohu alayhi vasallamga Saʼlaba nima qilganini va Silmiy nima qilganini aytib berdilar. Alloh taolo: «Ulardan: «Agar U zot Oʻz fazlidan bersa, albatta, sadaqa qilamiz...» oyatlarini nozil qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida Saʼlabaning qarindoshlaridan biri turgan edi. Bu gaplarni eshitgandan soʻng tezlab uning oldiga bordi va:
«Shoʻring quridi, ey Saʼlaba, Alloh sening haqingda, bundaybunday oyatlarni nozil qildi»,–dedi. Saʼlaba tezda yoʻlga chiqdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, zakotni qabul qilishlarini soʻradi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh menga sendan zakotingni qabul etishni man qildi»,– dedilar. Saʼlaba oʻzini har tomon urib, boshiga tuproq socha boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Oʻzing qilding, men senga buyursam, itoat qilmading»,–dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zakotni qabul etmaganlaridan keyin Saʼlaba manziliga qaytdi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan hech narsani qabul qilmay vafot etib ketdilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu xalifa boʻlganlarida Saʼlaba oldilariga kelib:
«Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridagi eʼtiborimni bilasan, Ansoriylar ichidagi obroʻyimni ham bilasan, zakotimni qabul qil»,–dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu:
«Sening zakotingni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabul qilmaganlar»,–deb uning zakotini qaytardilar. Abu Bakr roziyallohu anhu ham undan zakot qabul qilmay vafot etib ketdilar. Hazrati Umar xalifa boʻlganlarida, Saʼlaba u kishining oldilariga ham keldi:
«Ey, moʻminlarning amiri, zakotimni qabul qil»,–dedi. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr qabul etmagan zakotingni men qabul qilaymi?»–dedilar. U kishidan soʻng Hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa boʻlganlarida huzurlariga kelib:
«Zakotimni qabul qil»,–dedi. U kishi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar qabul qilmagan zakotingni men qabul etaymi?»–dedilar. Saʼlaba hazrati Usmon xalifalik davrlarida vafot etdi».
Hodisaga diqqat bilan nazar soladigan boʻlsak, ayrim munofiqlarni hisobga olmaganda, musulmonlar ommasi zakotni oʻzlariga Alloh tomonidan qurbat hosil qilish uchun yaratib berilgan qulay fursat deb tushunganlar va uni ortigʻi bilan ado etishga doimo harakatda boʻlganlar.
Munofiqlar boʻlsa, aksincha tushunganlar. Molu-dunyoga ega boʻlgunlaricha, zakotni oʻz vaqtida ado etishni qayta-qayta takrorlashdan charchamasalar ham, molu-mulkka ega boʻlganlaridan keyin, zakotni xuddi gʻayridinlardan olinadigan jizyaga teng koʻrganlar.
Kelasi oyatlarda munofiqlarning zakot haqidagi notoʻgʻri tasavvuridan bir koʻrinish bayon qilinadi: