ٱسْتَغْفِرْ لَهُمْ أَوْ لَا تَسْتَغْفِرْ لَهُمْ إِن تَسْتَغْفِرْ لَهُمْ سَبْعِينَ مَرَّةً فَلَن يَغْفِرَ ٱللَّهُ لَهُمْ ۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمْ كَفَرُوا۟ بِٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ ۗ وَٱللَّهُ لَا يَهْدِى ٱلْقَوْمَ ٱلْفَـٰسِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular uchun istig`for aytsang ham yoki istig`for aytmasang ham, baribir. Agar ular uchun yetmish marta istig`for aytsang ham, Alloh ularni zinhor mag`firat qilmas. Bu, ularning Alloh va Uning Rasuliga kufr keltirganlari uchundir. Alloh fosiq qavmlarni hidoyat qilmas.Улар учун истиғфор айтсанг ҳам ёки истиғфор айтмасанг ҳам, барибир. Агар улар учун етмиш марта истиғфор айтсанг ҳам, Аллоҳ уларни зинҳор мағфират қилмас. Бу, уларнинг Аллоҳ ва Унинг Расулига куфр келтирганлари учундир. Аллоҳ фосиқ қавмларни ҳидоят қилмас.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), xoh ular uchun magʻfirat soʻrang, xoh magʻfirat soʻramang — agar yetmish martalab ular uchun magʻfirat soʻrasangiz ham, Alloh ularni aslo magʻfirat qilmas. Bunga sabab ularning Alloh va Uning paygʻambariga kofir boʻlganlaridir. Alloh esa itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), хоҳ улар учун мағфират сўранг, хоҳ мағфират сўраманг — агар етмиш марталаб улар учун мағфират сўрасангиз ҳам, Аллоҳ уларни асло мағфират қилмас. Бунга сабаб уларнинг Аллоҳ ва Унинг пайғамбарига кофир бўлганларидир. Аллоҳ эса итоатсиз қавмни ҳидоят қилмас.
«Munofiqlar» surasidan maʼlumki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolodan munofiqlarning gunohlarini magʻfirat qilishni soʻrab, ular uchun istigʻfor aytish taklif qilingan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu ishga moyil boʻlganlar. Oʻshanda ham xuddi shu maʼnodagi oyati karima nozil boʻlgan. Biz oʻrganayotgan oyati karimadan bilinib turibdiki, Tabuk gʻazoti asnosida munofiqlarning kirdikorlari ketma-ket fosh boʻlgandan keyin, yana ular uchun istigʻfor aytish taklifi boʻlgan yoki holat shuni taqozo qilib qolgan. Alloh taolo Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, munofiqlar uchun istigʻfor aytishlari va aytmasliklari baribir ekanligini, foydasi yoʻqligini bildirmoqda. Faqat, bu oyatda taʼkid qattiqroq boʻlmoqda:
«Ular uchun istigʻfor aytsang ham yoki istigʻfor aytmasang ham, baribir. Agar ular uchun yetmish marta istigʻfor aytsang ham, Alloh ularni zinhor magʻfirat qilmas».
Arablarning odatida, bir narsani koʻp marta takrorlashni anglatish uchun «yetmish» soʻzi ishlatiladi. Bundan sanab yetmish marta istigʻfor aytish tushunilmaydi. Balki, qancha koʻp istigʻfor aytsang ham, baribir, magʻfirat qilinmaydi, degan maʼno chiqadi.
Oyati karimaning oxirida esa, nima uchun ularga bundoq munosabatda boʻlinayotgani bayon qilinadi.
«Bu, ularning Alloh va Uning Rasuliga kufr keltirganlari uchundir. Alloh fosiq qavmlarni hidoyat qilmas».
Kelasi oyati karimada Tabuk gʻazotiga chiqmay ortda qolganlar haqida soʻz yuritiladi. Albatta, ular ham, asosan, munofiqlar edi: