Muoviya ibn al-Hakam as-Sulamiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh ﷺ bilan namoz oʻqiyotganimda, jamoadan bir kishi aksa urdi. Men: «Yarhamukalloh (Alloh senga rahm qilsin)», dedim. Shunda jamoa menga koʻzlari bilan tikilib qarashdi. Men: «Voy, onam yoʻqotgur, sizlarga nima boʻldi, nega menga qaraysizlar?» dedim. Shunda ular qoʻllari bilan sonlariga ura boshlashdi. Ularning meni jim qildirmoqchi boʻlayotganini koʻrgach, men jim boʻldim. Rasululloh ﷺ namozni oʻqib boʻlgach — otam-onam u zotga fido boʻlsin, men u zotdan oldin ham, keyin ham undan koʻra yaxshiroq taʼlim beradigan muallimni koʻrmaganman — Alloh haqi, u zot meni na boʻralab soʻkdilar, na urdilar, na haqorat qildilar — u zot: «Bu namozda odamlarning kalomidan biror narsa toʻgʻri kelmaydi. U faqat tasbeh, takbir va Qurʼon oʻqishdir», dedilar. Yoki Rasululloh ﷺ aytganlaridek (deganlar). Men: «Yo Rasululloh! Men johiliyatga yaqin (zamonda yashagan) odamman, Alloh esa Islomni keltirdi. Bizdan baʼzi kishilar kohinlarga boradilar», dedim. U zot: «Ularga borma», dedilar. (
Muoviya) dedi: «Bizdan baʼzi kishilar fol ochadilar (qush uchirib yaxshi-yomon belgi oladilar)», dedi. U zot: «Bu ularning koʻngillarida topadigan bir narsadir; bas, u ularni (ishdan) toʻsmasin», dedilar. Ibn as-Sabboh: «Sizlarni toʻsmasin», dedi. (
Muoviya) dedi: Men: «Bizdan baʼzi kishilar (yerga) chiziq tortadilar», dedim. U zot: «Paygʻambarlardan bir paygʻambar chiziq tortar edi; bas, kimning chizigʻi unikiga muvofiq kelsa, oʻsha (toʻgʻri)dir», dedilar. (
Muoviya) dedi: Mening Uhud va Javvoniya tomonda qoʻylarimni boqib yuradigan bir choʻri qizim bor edi. Bir kuni borib qarasam, boʻri uning qoʻyilaridan birini olib ketibdi. Men ham odam bolasidan boʻlgan bir kishiman, ular afsuslanganidek afsuslandim va uni bir shapaloq urdim. Soʻng Rasululloh ﷺ ning huzuriga keldim, u zot buni mening uchun (gunoh deb) ulugʻladilar. Men: «Yo Rasululloh! Uni ozod qilaymi?» dedim. U zot: «Uni mening oldimga olib kel», dedilar. Men uni olib keldim. U zot unga: «Alloh qayerda?» dedilar. U: «Osmonda», dedi. U zot: «Men kimman?» dedilar. U: «Siz Allohning Rasulisiz», dedi. U zot: «Uni ozod qil, chunki u moʻminadir», dedilar.