مَآ أَغْنَىٰ عَنْهُ مَالُهُۥ وَمَا كَسَبَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Unga moli va kasb qilgan narsalari foyda bermadi.Унга моли ва касб қилган нарсалари фойда бермади.Alauddin Mansour: Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yoʻq!Мол-мулки ва касб қилиб топган нарсалари унга асқотгани йўқ!
Yaʼni, Abu Lahabga mol-dunyosi ham, kasb-kori ham foyda bermadi. «Kasb qilgan narsalari» deyilganda obroʻ-eʼtibori va farzandlari koʻzda tutilgan.
Ushbu oyat ham Abu Lahabning kufr yoʻlida aytgan gapiga raddiyadir. Alloma Ismoil ibn Kasir ushbu oyat tafsirida quyidagi maʼlumotni keltirganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz qavmlarini Iymonga daʼvat qilganlarida Abu Lahab, agar akamning oʻgʻli aytayotgan narsa haq boʻlsa, men oʻzimni molu dunyom va bolalarimni fido qilib azobdan qutqarib olaman, degan ekan.
Imom Olusiyning yozishlaricha, Abu Lahabning uchta oʻgʻli boʻlib, Utba, Meʼtab va Utayba deb nomlanar edilar. Ularning birinchi ikkisi, Fath kuni musulmon boʻldilar va Hunayn, Toif gʻazotlarida qatnashdilar. Utayba esa, musulmon boʻlmadi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Gulsumga uylangan edi. Utba esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa qizlari Ruqiyaga uylangan edi. Ushbu sura nozil boʻlganidan keyin Abu Lahab ikki oʻgʻliga: «Agar Muhammadning ikki qizini taloq qilmasangiz, mening boshim ikkovingizning boshingiz bilan bir joyda turishi haromdir»,–dedi. Bas, ular xotinlarini taloq qildilar.
Soʻng Utayba otasi bilan Shomga safar qiladigan boʻlib qoldi va: «Albatta borib Muhammadga ozor beraman», dedi. U borib: «Ey Muhammad! Men tushgan yulduzga kofirman, yaqinlashib zohir boʻlganga ham kofirman», deb turib tufurdi va u zot sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu «Gulsumni taloq qildi. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning achchiqlari keldi va: «Unga Oʻz itlaringdan bir itni masallat qilgin!»–deb duo qildilar. Utaybani sher yeb ketdi. Abu Lahab boʻlsa, Badr urushidan yetti kecha oʻtgandan soʻng, al-Adasa nomli yuqumli vabo kasalidan oʻldi. Uning oʻligi oldiga birov bormay, uch kun yotib, sasib ketdi. Uning qarindoshlari or-nomus qilib, bir chuqur qazishdi va jasadni tayoqlari bilan surib chuqurga tushirishib, ustidan tosh otib koʻmishdi. Shundoq qilib, Abu Lahab haqida Qurʼoni Karim bergan xabarning bu dunyodagi qismi yuzaga chiqdi. Oxiratdagisi esa, quyidagicha boʻladi: