وَمِنَ ٱلنَّاسِ مَن يَقُولُ ءَامَنَّا بِٱللَّهِ فَإِذَآ أُوذِىَ فِى ٱللَّهِ جَعَلَ فِتْنَةَ ٱلنَّاسِ كَعَذَابِ ٱللَّهِ وَلَئِن جَآءَ نَصْرٌ مِّن رَّبِّكَ لَيَقُولُنَّ إِنَّا كُنَّا مَعَكُمْ ۚ أَوَلَيْسَ ٱللَّهُ بِأَعْلَمَ بِمَا فِى صُدُورِ ٱلْعَـٰلَمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va odamlardan, Allohga iymon keltirdik, deydigan, so`ngra Allohning yo`lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor. Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular, albatta, biz siz bilan birga edik, derlar. Alloh olamlarning ko`ksilaridagi narsalarni o`ta bilguvchi Zot emasmi?!Ва одамлардан, Аллоҳга иймон келтирдик, дейдиган, сўнгра Аллоҳнинг йўлида озорланса, одамларнинг фитнасини Аллоҳнинг азобидек қабул қиладиганлари ҳам бор. Агар Роббинг томонидан нусрат келса, улар, албатта, биз сиз билан бирга эдик, дерлар. Аллоҳ оламларнинг кўксиларидаги нарсаларни ўта билгувчи Зот эмасми?!Alauddin Mansour: Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, oʻzlari: «Allohga iymon keltirdik», deydi-da, soʻng Alloh yoʻlida (kofirlar tomonidan biron aziyat bilan) ozorlansa, odamlarning (bu) fitna-ozorlarini Allohning azobi kabi qilib olur (yaʼni, oʻtkinchi hokimlarning fitna-fasodlaridan Allohning azobidan qoʻrqqandek qoʻrqib oʻz iymon-eʼtiqodidan kechur). Qasamki, agar Parvardigoringiz tomonidan (siz — moʻminlarga) gʻalaba kelsa shak-shubhasiz, ular: «Albatta bizlar sizlar bilan birga edik», derlar. Axir Alloh barcha odamlarning dillaridagi narsalarni juda yaxshi bilguvchi emasmi?!Одамлар орасида шундай кимсалар ҳам борки, ўзлари: «Аллоҳга иймон келтирдик», дейди-да, сўнг Аллоҳ йўлида (кофирлар томонидан бирон азият билан) озорланса, одамларнинг (бу) фитна-озорларини Аллоҳнинг азоби каби қилиб олур (яъни, ўткинчи ҳокимларнинг фитна-фасодларидан Аллоҳнинг азобидан қўрққандек қўрқиб ўз иймон-эътиқодидан кечур). Қасамки, агар Парвардигорингиз томонидан (сиз — мўминларга) ғалаба келса шак-шубҳасиз, улар: «Албатта бизлар сизлар билан бирга эдик», дерлар. Ахир Аллоҳ барча одамларнинг дилларидаги нарсаларни жуда яхши билгувчи эмасми?!
Koʻpchilikka qoʻshilib, qiziqib, osonlik, yengillik paytida Allohga iymon keltirib va buni boshqalarga pesh qilib, koʻkragiga urib, oʻzini din yoʻlida jonfido qilib koʻrsatadiganlar koʻp boʻladi. Bu holat doimo takrorlanib kelgan. Ayniqsa, yov qochganda botir koʻpayganidek, oʻzining iymonli ekanini pesh qiladiganlar ham kenglik paytlarida juda urchiydi. Ushbu oyati karimada xuddi ana shunday kishilar haqida soʻz ketmoqda.
«Va odamlardan, Allohga iymon keltirdik, deydigan, soʻngra Allohning yoʻlida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor.»
Bunday odamlar, iymon kalimasini aytsak boʻldi, hamma narsa oʻz-oʻzidan boʻlaveradi, hech qanday yomonlik yetmaydi, deb tasavvur qiladilar. Shuning uchun ham, Allohning yoʻlida ozgina qiynalsalar, kofir va munofiqlardan ularga ozor yetsa, sabr etolmay qoladilar. Odamlarning fitnasini Allohning azobi deb biladilar. Chiday olmay, turli holatlarga tushadilar va iymondan qaytadilar.
«Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular, albatta, biz siz bilan birga edik, derlar.»
Munofiqlar iymon kalimasini ogʻizda aytib, kutib turadilar. Agar Alloh taolo musulmonlarga nusrat bersa, ular ham oʻzlarini gʻalabaga sherik sanab:
«...biz siz bilan birga edik», deydilar.
Demak, ular shu maqsad bilangina iymon kalimasini aytganlar. Bu dunyo matohi umidida, musulmonlarga keladigan yaxshiliklarga sherik boʻlish maqsadida oʻzlarini moʻmin deb eʼlon qilganlar. Lekin, oyatning avvalida aytilganidek, sinovga duch kelsalar, shumliklari fosh boʻladi. Ular oʻzlaricha juda ham ustomonlik qilayotganga oʻxshaydilar. Lekin oʻta aqlsizlik qilayotganlari xayollariga ham kelmaydi. Axir, ustomonlik bilan Alloh taoloni aldab boʻlarmidi?!
«Alloh olamlarning koʻksilaridagi narsalarni oʻta bilguvchi Zot emasmi?!»
Axir, Alloh taolo nafaqat bir guruh munofiqlarning, balki butun olamlardagi odamlarning qalbida nima borligini bilib turguvchi zot-ku?! Holbuki, ularning munofiqliklari oddiy odamga ham ochiq-ravshan koʻrinib turibdi.