وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا نُوحًا إِلَىٰ قَوْمِهِۦ فَلَبِثَ فِيهِمْ أَلْفَ سَنَةٍ إِلَّا خَمْسِينَ عَامًا فَأَخَذَهُمُ ٱلطُّوفَانُ وَهُمْ ظَـٰلِمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va, batahqiq, Biz Nuhni qavmiga Payg`ambar etib yubordik. Bas, u ular ichida ellik yili kam ming yil turdi. So`ngra ularni zolim bo`lgan hollarida to`fon oldi.Ва, батаҳқиқ, Биз Нуҳни қавмига Пайғамбар этиб юбордик. Бас, у улар ичида эллик йили кам минг йил турди. Сўнгра уларни золим бўлган ҳолларида тўфон олди.Alauddin Mansour: Aniqki, Biz Nuhni oʻz qavmiga (paygʻambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi (ammo ular iymon keltirmadilar), bas, ularni zolim-kofir boʻlgan hollarida toʻfon (balosi) tutdi.Аниқки, Биз Нуҳни ўз қавмига (пайғамбар қилиб) юбордик. Бас, у уларнинг орасида эллик йили кам минг йил турди (аммо улар иймон келтирмадилар), бас, уларни золим-кофир бўлган ҳолларида тўфон (балоси) тутди.
Nuh alayhissalom qavmlarini toʻqqiz yuz ellik yil davomida iymonga daʼvat qildilar. Ul zotning Paygʻambar boʻlguncha ham, toʻfon balosidan keyin ham yashaganlari eʼtiborga olinsa, umrlari bundan ham uzoq kechgani oydinlashadi.
Bu haqda imom Jaloliddin Suyutiy oʻzlarining «Ad-Durrul Mansur fit-tafsiri bil maʼsur» kitoblarida ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Alloh taolo Nuh alayhissalomni qirq yoshligida Paygʻambar qilib yubordi. U oʻz qavmini ellik yili kam ming yil Allohga daʼvat qildi. Toʻfondan keyin oltmish yil yashadi, hatto, odamlar koʻpayib, keng dunyoni tor qildilar».
Bir odamning ming yildan ortiq hayot kechirgani koʻplarga gʻalati tuyulishi mumkin. Lekin bu narsa inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir. Qurʼoni Karimda kelgan xabarni inkor qilgan odam kofir boʻladi. Ayni choqda, bu hol aql tarozusida tortsa boʻladigan oddiy bir ish. Qadimda kishilarning umrlari uzun boʻlgani hammaga maʼlum. Buning ustiga, oz sonli jonzotlarning umri uzun, adadi koʻplarniki qisqa boʻlishi ham tajribada koʻrilgan. Nuh alay- hissalom insoniyat toʻfon tufayli qirilib ketgan bir davrda yashaganliklari eʼtiborga olinsa, mazkur umruzoqlik oddiy bir hol ekani bilinadi.
Nuh alayhissalom davrlaridagi sinov-imtihon Alloh yoʻliga birovning qadam bosmay turib qolishidir.
Allohning Paygʻambari Nuh alayhissalom turli yoʻllar bilan toʻqqiz yuz ellik yil daʼvat qilsalar ham, ozgina odamdan boshqa hech kim iymonga kelmadi. Bunday holda koʻplar sinovga dosh bera olmay, qaytib ketishi mumkin. Ammo haqiqiy iymon sohiblari butun dunyo abadiy kofir boʻlib oʻtsa ham, oʻz iymonlaridan qaytmaydilar. Nuh alayhissalomning davrlarida ham shunday boʻldi. Nuh alayhissalom va u zotga iymon keltirganlar iymonlarida sobit qoldilar. Kofirlarni esa, shuncha yillar oʻtsa ham, hech kim azobdan qutqarib qola olmadi:
«...ularni zolim boʻlgan hollarida toʻfon oldi».
Toʻfon balosi ularni bitta qoʻymay halok qildi. Nuh alayhissalom va u kishiga iymon keltirganlar najot topdilar.