وَقَـٰرُونَ وَفِرْعَوْنَ وَهَـٰمَـٰنَ ۖ وَلَقَدْ جَآءَهُم مُّوسَىٰ بِٱلْبَيِّنَـٰتِ فَٱسْتَكْبَرُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ وَمَا كَانُوا۟ سَـٰبِقِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qorun, Fir'avn va Homonlarni (ham halok qildik). Batahqiq, Muso ularga ochiq-oydin hujjatlar keltirdi. Bas, ular yer yuzida mutakabbirlik qildilar va qochib qutulguvchi bo`lmadilar.Қорун, Фиръавн ва Ҳомонларни (ҳам ҳалок қилдик). Батаҳқиқ, Мусо уларга очиқ-ойдин ҳужжатлар келтирди. Бас, улар ер юзида мутакаббирлик қилдилар ва қочиб қутулгувчи бўлмадилар.Alauddin Mansour: Qorun, Firʼavn va Homonni ham (halok qildik). Darhaqiqat, Muso ularga (paygʻambar ekanligini dalolat qiladigan) aniq hujjatlar keltirganida ular Yer (yuzi)da kibr-havo qildilar va (Bizning azobimizdan) qochib qutulguvchi boʻlmadilar.Қорун, Фиръавн ва Ҳомонни ҳам (ҳалок қилдик). Дарҳақиқат, Мусо уларга (пайғамбар эканлигини далолат қиладиган) аниқ ҳужжатлар келтирганида улар Ер (юзи)да кибр-ҳаво қилдилар ва (Бизнинг азобимиздан) қочиб қутулгувчи бўлмадилар.
Ushbu oyati karimada nomlari zikr etilgan Qorun, Firʼavn va Homonlar molu mulklari, mansablari bilan tugʻyonga ketgan, yer yuzida oʻzlarini katta olib, Allohning yoʻliga yurmagan, boshqalarga zulm qilgan shaxslardir. Ular yer yuzida kufru tugʻyon ila buzgʻunchilik qilib, kishilarga zulm oʻtkazib, Allohni va Uning yoʻlini tan olmay, hokimiyat va molu mulk vositasida odamlarni oʻzlariga qul qilishga intiluvchi podshoh va mulkdorlarning vakillaridir. Ular bu dunyoda halokatga uchradilar. Bu haqda Alloh taolo ushbu oyatda xabar berib:
«Qorun, Firʼavn va Homonlarni (ham halok qildik)», demoqda.
Xoʻsh, Alloh taolo nima uchun ularni halok qildi? Biror sababi bormi? Yoki hukmdor va mulk egasi boʻlganlari uchungina halok qildimi? Yoʻq, faqat hukm yoki molu mulk egasi boʻlishlik halokatga olib kelavermaydi. Hukmdor boʻla turib ham, Allohga yaqin va suyukli banda boʻlish mumkin. Molu dunyoga sohiblik qila turib ham, Allohga yaqin va suyukli banda boʻlish mumkin. Gap boshqa tomonda.
«Batahqiq, Muso ularga ochiq-oydin hujjatlar keltirdi.»
Allohning Paygʻambari Muso alayhissalom Firʼavn, Homon va Qorunlarga Allohning yagonaligiga, barcha Unga ibodat qilishi lozimligiga ochiq-oydin hujjatlar keltirdi. Ana shunda ular iymon keltirib, Allohning yoʻlida yurishlari kerak edi. Ammo ular bunday qilmadilar.
«Bas, ular yer yuzida mutakabbirlik qildilar.»
Ilohiy koʻrsatmalarga boʻysunishdan bosh tortdilar. Oʻzlariga berilgan saltanatni, molu dunyoni ilohiy dinga qarshi qoʻlladilar. Kishilarni oʻz xohishlariga boʻysundirishga harakat qildilar. Oʻzlarini yuqori tutdilar. Ammo ularning oʻylagani boʻlmadi.
«...va qochib qutulguvchi boʻlmadilar.»
Allohning azobiga duchor boʻldilar. Qochib qayoqqa ham borar edilar.
Endi, ulardan keyin keladigan hukmdorlar va molu dunyo sohiblari ibrat olsinlar, ularning xatolarini takrorlamasinlar. Allohning Paygʻambarlarining gapiga kirib, ilohiy yoʻlga yursinlar, yer yuzida mutakabbirlik qilmasinlar, bandalik burchini ado etsinlar.
Chunki, hukm, molu mulk, kuch-quvvat va boshqa imkoniyatlar Allohning azobidan saqlab qololmaydi. Allohning yoʻliga yurmaganlar baribir halokatga uchraydilar.