ٱتْلُ مَآ أُوحِىَ إِلَيْكَ مِنَ ٱلْكِتَـٰبِ وَأَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ ۖ إِنَّ ٱلصَّلَوٰةَ تَنْهَىٰ عَنِ ٱلْفَحْشَآءِ وَٱلْمُنكَرِ ۗ وَلَذِكْرُ ٱللَّهِ أَكْبَرُ ۗ وَٱللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Senga kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil va namozni to`kis ado et, albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir. Alloh nima qilsangiz, bilur.Сенга китобдан ваҳий қилинган нарсани тиловат қил ва намозни тўкис адо эт, албатта, намоз фоҳиша ва мункар ишлардан қайтарур. Албатта, Аллоҳнинг зикри буюк ишдир. Аллоҳ нима қилсангиз, билур.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), siz oʻzingizga vahiy qilingan Kitob — Qurʼondan boʻlgan (oyatlar)ni tilovat qiling va namozni toʻkis ado qiling! Albatta namoz buzuqlik va yomonlikdan toʻsur. Aniqki, Allohni zikr qilmoq (barcha narsadan) ulugʻroqdir. Alloh qilayotan ishlaringizni bilib turur.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), сиз ўзингизга ваҳий қилинган Китоб — Қуръондан бўлган (оятлар)ни тиловат қилинг ва намозни тўкис адо қилинг! Албатта намоз бузуқлик ва ёмонликдан тўсур. Аниқки, Аллоҳни зикр қилмоқ (барча нарсадан) улуғроқдир. Аллоҳ қилаётан ишларингизни билиб турур.
Ey Paygʻambar:
«Senga kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil».
Qurʼonni tilovat qilib, kishilarga yetkazish Islom daʼvatining asosiy omilidir. Ushbu ilohiy kitob maʼnolarini kishilarga yetkazish, uning taʼlimotlariga amal qilishga chaqirish daʼvatchining asosiy ishi boʻlmogʻi lozim.
«...va namozni toʻkis ado et.»
Biz «namozni toʻkis ado et» deb tarjima qilgan jumlani toʻgʻridan-toʻgʻri, soʻzma-soʻz oʻzbekchaga agʻdaradigan boʻlsak, «namozni tik turgʻiz» boʻlib chiqadi. Demak, namozni oʻqish bilan namozni tik turgʻizish, yaʼni, toʻkis ado etish orasida farq bor. Alloh taolo Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga, namoz oʻqi, deb emas, namozni toʻkis ado et, deb xitob qilmoqda. Ha, toʻkis ado qilinganda:
«Albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur».
Mana shu nuqtadan kimning namozi haqiqiy, kimniki soxta ekanini bilib olamiz. Namozni hamma ham oʻqiyveradi, lekin namozxon fohisha va munkar ishlardan qaytmasa, uning oʻqigan namozi haqiqiy boʻlmaydi. Qachonki namozxon namozni toʻkis ado qilsa, fohisha va munkar ishlardan qaytadi.
Imom ibn Jarir Tobariy Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir namoz oʻqisa-yu, namozi uni fohisha va munkar ishlardan qaytarmasa, u kishining oʻz namozi ila Allohdan uzoq boʻlishi ziyoda boʻladi, xolos», deganlar.
Chunki, namoz Allohning zikridir.
«Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir.»
Dunyoda Allohni zikr etishdan buyukroq amal yoʻqdir. Ushbu buyuk ishni tark etgan odam har qanday jazoga loyiqdir. Bunday buyuk ishni toʻkis ado etmagan odam Allohdan uzoqlashmay, kim uzoqlashsin?!
«Alloh nima qilsangiz, bilur.»
Jumladan, namozni toʻla-toʻkis ado etsangiz ham, bilur, chala-noqis oʻqisangiz ham, bilur. Undan hech bir ish maxfiy boʻlib qolmas.
Ushbu ishda ham iymon sinovi, haqiqiy moʻminni munofiqdan ajratish omili yaqqol koʻrinib turibdi. Haqiqiy moʻmin sinovlarga bardosh berib, namozini toʻkis ado qiladi. Munofiq esa, namozda nomiga oʻtirib-turadi, xolos.
Iymon ahli kitoblar bilan boʻlgan aloqada ham sinaladi. Bu masalada alohida yondashuv, ehtiyotkorlik kerak boʻladi. Chunki, ahli kitoblarda musulmonlarga oʻxshash belgilar uchraydi. Ular ham Allohga, Paygʻambarga, ilohiy kitobga, qiyomat kuniga va boshqa shunga oʻxshash narsalarga iymon keltirishlarini daʼvo qiladilar. Ular ham Allohga ibodat qilishlarini aytadilar. Albatta, ular bilan boʻladigan aloqa oʻziga xos tayyorgarlikni taqozo etadi. Endi kelajak oyatlarda Alloh taolo musulmonlarga ahli kitoblar bilan qanday muomala qilishni oʻrgatadi: