وَوَصَّيْنَا ٱلْإِنسَـٰنَ بِوَٰلِدَيْهِ حُسْنًا ۖ وَإِن جَـٰهَدَاكَ لِتُشْرِكَ بِى مَا لَيْسَ لَكَ بِهِۦ عِلْمٌ فَلَا تُطِعْهُمَآ ۚ إِلَىَّ مَرْجِعُكُمْ فَأُنَبِّئُكُم بِمَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik. Agar ular sening o`zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma. Qaytishlaringiz Mengaginadir. Bas, sizlarga qilgan narsalaringiz xabarini berurman.Ва инсонга ота-онасига яхшилик қилишни тавсия қилдик. Агар улар сенинг ўзинг билмаган нарсани Менга ширк келтиришинг учун жиҳод қилсалар, бас, уларга итоат қилма. Қайтишларингиз Менгагинадир. Бас, сизларга қилган нарсаларингиз хабарини берурман.Alauddin Mansour: Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik (yaʼni, ota-ona xoh yaxshi, xoh yomon boʻlsin, xoh musulmon, xoh kofir boʻlsin, ularga yaxshilik qilish farzandning burchidir, ammo) agar ular sen oʻzing bilmagan narsalarni (yaʼni, soxta «xudo»larni) Menga sherik qilishing uchun zoʻrlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, (ana oʻsha kunda) Men sizlarga qilib oʻtgan amallaringizning xabarini berurman.Биз инсонни ота-онасига яхшилик қилишга буюрдик (яъни, ота-она хоҳ яхши, хоҳ ёмон бўлсин, хоҳ мусулмон, хоҳ кофир бўлсин, уларга яхшилик қилиш фарзанднинг бурчидир, аммо) агар улар сен ўзинг билмаган нарсаларни (яъни, сохта «худо»ларни) Менга шерик қилишинг учун зўрласалар, у ҳолда уларга итоат этмагин! (Барчангиз) Менга қайтурсиз, бас, (ана ўша кунда) Мен сизларга қилиб ўтган амалларингизнинг хабарини берурман.
Ota-ona har bir inson uchun juda moʻʼtabar, eʼzozli kishilardir. Islom dini, ota-ona kim boʻlishidan qatʼinazar, ularni hurmat-ehtirom qilishga buyuradi. Dunyoda ota-onaning hurmatini Islomchalik yuqori qoʻygan taʼlimot, tuzum yoʻqdir. Bu haqda koʻplab oyatlar bor. Jumladan, ushbu oyati karimaning avvalida ham:
«Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik», deyilmoqda.
Ota-ona moʻmin boʻlsalar ham, kofir boʻlsalar ham, kim boʻlishlaridan qatʼinazar, ularga yaxshilik qilish musulmon farzandning burchidir. Ularning amrini bajarish ham farzandlik vazifasi hisoblanadi.
Ammo iymon masalasida, din ahkomlari masalasida bu qoida amaldan toʻxtaydi.
«Agar ular sening oʻzing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma.»
Xoliqqa maʼsiyat boʻladigan ishlarda maxluqqa itoat qilinmaydi.
«Qaytishlaringiz Mengaginadir.»
Qiyomat kuni Menga qaytursizlar. Boshqaga emas. Shuning uchun, gunoh boʻladigan ishlarda hech kimga itoat qilinmaydi.
«Bas, sizlarga qilgan narsalaringiz xabarini berurman.»
Bas, bu dunyoda kim nima amal qilgan boʻlsa, oxiratda hammasining xabarini berurman. Ana oʻshani hisobga olib yashash kerak.
Allohga shirk keltirib, unga osiy boʻlib qolish ehtimoli bor ishlarda inson uchun eng haqli kishilar–ota-onaning amri, istakxohishi ham inobatga olinmaydi. Shunday ekan, boshqa qarindoshlarning amrlari, istak-xohishlari umuman oʻtmaydi.
Ulamolarimiz ushbu oyati karima Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu haqida nozil boʻlganini taʼkidlashadi. U kishi Makka yoshlari ichida onasini hurmat qilish bilan nom chiqargan edilar. Boshqa yoshlarga onani ehtirom etishda Saʼd roziyallohu anhu misol qilib koʻrsatilar edi. Iymonga kelganlaridan soʻng Saʼd ushbu nozik nuqtada sinovga uchradilar.
Imom Termiziy bu haqda quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Ushbu oyat Saʼd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu va uning onasi Hamna binti Abu Sufyon haqida nozil boʻlgan. U onasiga yaxshilik qiluvchi edi. Onasi unga:
«Bu yangi dining nima oʻzi? Allohga qasamki, avvalgi holingga qaytmaguningcha, oʻlsam ham ovqat ham yemayman, ichimlik ham ichmayman. Keyin umrbod shu bilan or-nomusga qolib ketasan. Seni, ey, onasini oʻldirgan, deb chaqirishadi», dedi. Soʻngra ayol bir kechayu bir kunduz taom yemay, ichimlik ichmay yotdi. Soʻngra Saʼd roziyallohu anhu uning oldiga kelib:
«Ey onaginam, agar sening yuzta joning boʻlsa-yu, bitta-bittadan chiqib tursa ham, men dinimdan qaytmayman. Agar xohlasang, yeb-ich, xohlamasang, yeb-ichma», dedi. Saʼdning dinidan qaytishidan noumid boʻlgan onasi yeb-ichdi. Ana shunda Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qildi».