ٱلَّذِىٓ أَحْسَنَ كُلَّ شَىْءٍ خَلَقَهُۥ ۖ وَبَدَأَ خَلْقَ ٱلْإِنسَـٰنِ مِن طِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U O`zi yaratgan har bir narsani go`zal etgan va insonni yaratishni loydan boshlagan Zotdir.У Ўзи яратган ҳар бир нарсани гўзал этган ва инсонни яратишни лойдан бошлаган Зотдир.Alauddin Mansour: U barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. U insonni (yaʼni, Odamni) dastavval loydan yaratdi.У барча нарсани чиройли қилиб яратган Зотдир. У инсонни (яъни, Одамни) даставвал лойдан яратди.
Avvalgi oyatlarda dunyodagi barcha narsalarni–osmonlaru yerni va ular orasidagi narsalarni Alloh taoloning yagona Oʻzi yaratganligi uqtirilgan edi. Bu oyati karimada esa, Alloh taolo oʻsha narsalarni goʻzal qilib yaratganligi taʼkidlanmoqda:
«U Oʻzi yaratgan har bir narsani goʻzal etgan...»
Dunyodagi nimaiki boʻlsa, hammasi ham goʻzaldir. Alloh taolo yaratgan narsalarning goʻzalligi insonni mahliyo qilishini hamma biladi. Asrlar davomida shoirlar Alloh yaratgan goʻzallikni kuylab oxiriga yeta olmayaptilar. Rassomlar Alloh yaratgan goʻzallikni tasvirlab, bir oz oʻxshatib qoʻyib, mahoratlaridan maqtanib oʻtmoqdalar. Ammo, Alloh yaratgan goʻzallikni mukammal chiza bilmasliklarini tan olmoqdalar. Yozuvchilar, soʻz ustalari va voizlar ham bu ishning imkonsizligiga tobora ishonib bormoqdalar. Alloh taolo narsalarni nafaqat chiroyli, balki pishiq-puxta va benuqson qilib yaratgandir, ular goʻzalligining boisi ham shundadir. Alloh yaratgan narsalardan birortasining bir aʼzosi yoki boʻlagini boshqa joyga qoʻyib tasavvur qilib koʻrgan kishining oʻzi bu haqiqatni tushunib yetadi. Uzoqqa bormay, oʻzimizni, insonni olib koʻraylik. Misol uchun, koʻzni, inson koʻzining joyi oʻzgargan holatini tasavvur qilaylik. Insonning ikki koʻzi tananing hozirgidan boshqa qayerida joylashsa, bundan koʻra chiroyli boʻlardi?
Ehtimol, shu haqiqatni doimo eslab turishimiz uchun Alloh taolo baʼzi bandalarning koʻzlarini nuqsonli qilib qoʻygandir. Ey bandam, ikki chiroyli va puxta-benuqson koʻz berganimga shukr qil, boʻlmasa, manavi birodaringga oʻxshatib qoʻyishim mumkin edi, deyayotgandir. Bu fikrni har bir aʼzoga nisbatan tatbiq etsak ham toʻgʻri boʻladi.
«...va insonni yaratishni loydan boshlagan zotdir.»
Bu haqiqatni hamma biladi. Alloh insonning asli–Odam Atoni tuproqdan loy qilib turib yasagan.