وَٱللَّهُ خَلَقَكُم مِّن تُرَابٍ ثُمَّ مِن نُّطْفَةٍ ثُمَّ جَعَلَكُمْ أَزْوَٰجًا ۚ وَمَا تَحْمِلُ مِنْ أُنثَىٰ وَلَا تَضَعُ إِلَّا بِعِلْمِهِۦ ۚ وَمَا يُعَمَّرُ مِن مُّعَمَّرٍ وَلَا يُنقَصُ مِنْ عُمُرِهِۦٓ إِلَّا فِى كِتَـٰبٍ ۚ إِنَّ ذَٰلِكَ عَلَى ٱللَّهِ يَسِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh sizlarni tuproqdan, so`ngra nutfadan yaratib, keyin juft-juft qilib qo`ydi. Qaysi bir urg`ochi nimaga homilador bo`lsa, nimani tug`sa, faqat Uning ilmi bilan bo`lur. Har bir umr ko`rguvchiga umr berilishi yoki uning umrining qisqartirilishi albatta kitobda bordir. Albatta, bu Allohga osondir.Аллоҳ сизларни тупроқдан, сўнгра нутфадан яратиб, кейин жуфт-жуфт қилиб қўйди. Қайси бир урғочи нимага ҳомиладор бўлса, нимани туғса, фақат Унинг илми билан бўлур. Ҳар бир умр кўргувчига умр берилиши ёки унинг умрининг қисқартирилиши албатта китобда бордир. Албатта, бу Аллоҳга осондир.Alauddin Mansour: Alloh sizlarni (avval) tuproqdan, soʻngra nutfadan yaratib, keyin sizlarni juft-juft (yaʼni, erkak-ayol) qilib qoʻydi. Har bir ayolning homilador boʻlishi ham, koʻzi yorishi ham shak-shubhasiz, Uning bilishi — ogohligi bilan boʻlur. Har bir umr koʻrguvchining umri uzun qilinmas va (yo) umridan kamaytirilmas, magar (bularning barchasi) Kitobda (yaʼni, Lavhul-Mahfuzda bitilgan boʻlur). Albatta bu Allohga osondir.Аллоҳ сизларни (аввал) тупроқдан, сўнгра нутфадан яратиб, кейин сизларни жуфт-жуфт (яъни, эркак-аёл) қилиб қўйди. Ҳар бир аёлнинг ҳомиладор бўлиши ҳам, кўзи ёриши ҳам шак-шубҳасиз, Унинг билиши — огоҳлиги билан бўлур. Ҳар бир умр кўргувчининг умри узун қилинмас ва (ё) умридан камайтирилмас, магар (буларнинг барчаси) Китобда (яъни, Лавҳул-Маҳфузда битилган бўлур). Албатта бу Аллоҳга осондир.
Hayot dunyodagi eng ulkan sirlardan biri sanaladi. Yaʼni, baʼzi bir maxluqotlarning, shu jumladan, insonning joni borligi jumboqdir. «Jon», «hayot» deb nomlangan bu narsaning asli qanday, mohiyati nima, bilib boʻlmaydi. Buni faqat Alloh taoloning Oʻzi biladi. Insonning bu boradagi urinishlari hozirgacha biror natija bergani yoʻq. Ushbu haqiqatni insof bilan taammul qilgan har bir inson Allohga iymon keltirishi kerak.
«Alloh sizlarni tuproqdan, soʻngra nutfadan yaratib, keyin juft-juft qilib qoʻydi.»
Insonning asli tuproqdir. Tuproq jonsiz narsa. Inson esa jonli maxluqot. Qanday qilib jonsiz narsadan yaralgan insonga jon kirib qoldi? Inson yaratilishining birinchi bosqichi tuproq boʻlsa, ikkinchi bosqichi nutfa, bir tomchi haqir suv. Jonsiz tuproq jonli nutfaga aylanadi. Qanday qilib nutfaga jon kirib qoldi? Nima uchun boshqa narsalarga jon kirmayapti? Nutfa juda ham kichik narsa, ammo undan inson juft qilib yaratilgan. Oʻsha kichik nutfaga erkaklik yoki ayollik xususiyatlarini kim joylab qoʻydi? Bu savollarning hammasiga javob bitta: Alloh. Boshqacha javob yoʻq. Boʻlsa, biladiganlar aytsin. Tuproqqa falonchi jonni, falonchi nutfaga erkaklik, boshqasi ayollik xususiyatini bergan, desin. Hech kim ayta olmaydi. Tuproqqa jon kirgizib odam qilgan zot–Alloh. Nutfaga jon ato qilgan zot–Alloh. Nutfaga erkaklik va ayollik xususiyatlarini bergan zot–Alloh.
«Qaysi bir urgʻochi nimaga homilador boʻlsa, nimani tugʻsa, faqat Uning ilmi bilan boʻlur.»
Nafaqat ayol kishilar, balki butun urgʻochi jonivorlar–hayvonlar, qushlar, baliqlar va boshqa suv hayvonlarining homilasini ham, tugʻishini ham yolgʻiz Alloh biladi. Bularning hammasi hayot bilan bogʻliq jarayonlardir. Ular Allohning qudrati, izni va ilmi bilan sodir boʻladi.
«Har bir umr koʻrguvchiga umr berilishi yoki uning umrining qisqartirilishi albatta kitobda bordir.»
Bu nafaqat insonga, balki har bir umr koʻruvchiga tegishlidir. Dunyoda yashaydigan sonsiz-sanoqsiz maxluqotlarning umri Allohning tasarrufidadir. Qaysi birining umri uzun yoki qisqa boʻlishi–hamma-hammasi Alloh taoloning huzuridagi kitobda bor.
«Albatta, bu Allohga osondir.»
Albatta, avval tuproqdan, soʻngra nutfadan odam yaratish, keyin uni juft-juft qilish, har bir homiladorning homilasini va tuqqanini bilish, maxluqotlarning umri uzun yoki qisqaligini kitobga yozib qoʻyish Alloh uchun juda ham osondir.
Ana shunday Zotga iymon keltirish kerak.