يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱذْكُرُوا۟ نِعْمَتَ ٱللَّهِ عَلَيْكُمْ ۚ هَلْ مِنْ خَـٰلِقٍ غَيْرُ ٱللَّهِ يَرْزُقُكُم مِّنَ ٱلسَّمَآءِ وَٱلْأَرْضِ ۚ لَآ إِلَـٰهَ إِلَّا هُوَ ۖ فَأَنَّىٰ تُؤْفَكُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey odamlar! Allohning sizga bergan ne'matlarini eslang! Sizlarga osmon va yerdan rizq beradigan Allohdan boshqa xoliq bormi? Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Bas, qayon ketmoqdasiz?!Эй одамлар! Аллоҳнинг сизга берган неъматларини эсланг! Сизларга осмон ва ердан ризқ берадиган Аллоҳдан бошқа холиқ борми? Ундан ўзга ибодатга сазовор зот йўқ. Бас, қаён кетмоқдасиз?!Alauddin Mansour: Ey insonlar, sizlarga Alloh ato etgan son-sanoqsiz neʼmatni eslangiz! Sizlarga osmonu zamindan rizqu roʻz beradigan Allohdan oʻzga bironta yaratguvchi bormi?! Hech bir iloh yoʻq, magar Uning Oʻzigina bordir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!Эй инсонлар, сизларга Аллоҳ ато этган сон-саноқсиз неъматни эслангиз! Сизларга осмону заминдан ризқу рўз берадиган Аллоҳдан ўзга биронта яратгувчи борми?! Ҳеч бир илоҳ йўқ, магар Унинг Ўзигина бордир. Бас, қаёққа бурилиб кетмоқдасизлар?!
Alloh taolo osmonlaru yerda odamlar uchun beadad neʼmatlarni ato qilib qoʻyibdi. Inson hamma tarafidan Allohning neʼmatlari bilan oʻralgandir. Uning oʻzi, jismi, aqli, his qilish aʼzolari va hatto tuklarigacha Allohning neʼmati. Insonning his etish-sezish aʼzolariga taʼsir qiladigan va taʼsirsiz qoladigan hamma-hamma narsa insonga Alloh bergan neʼmatdir. Ularning barini insonga beminnat berib qoʻygan Alloh Oʻzi yaratgan shu bandasidan birgina narsani talab qilmoqda:
«Ey odamlar! Allohning sizga bergan neʼmatlarini eslang!»
Bir eslang! Sizdan eslash talab qilinayotibdi, xolos. Boshqa narsa emas. Alloh sizga havoni rizq qilib berib qoʻyibdi. Undan nafas olib yashab yuribsiz. Alloh sizga rizq qilib suvni berib qoʻyganini eslang. Siz undan ichmoqdasiz va boshqa foydalar olmoqdasiz. Alloh sizga turli ozuqalarni rizq qilib berib qoʻyibdi. Siz ulardan bahramand boʻlib yashab yuribsiz. Bundan boshqa xohlagan narsalarni ham bir eslab koʻrishingiz mumkin.
Soʻngra quyidagi savolga javob izlang.
«Sizlarga osmon va yerdan rizq beradigan Allohdan boshqa xoliq bormi?!»
Boʻlsa, ayting! Falonchi menga rizq bergan, deng. Falonchi menga nafas olishim uchun havo beradi, fistonchi menga suv beradi, deng. Shuningdek, boshqa rizqlarni beradigan xoliqlar boʻlsa, ularni ham ayting. Yoʻq, ayta olmaysiz. Chunki, dunyoda Allohdan oʻzga rizq berguvchi zot yoʻq. Shunday ekan:
«Undan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq».
Inson oʻziga rizq beruvchi, bu dunyoda uning borligini taʼminlovchi zotga qullik qilishi lozim ekanmi? Bu dunyoda Alloh taolodan oʻzga rizq beruvchi yoʻq ekanmi, demak, bu dunyoda insonlarning ibodatiga sazovor yagona zot ham faqat U zotning Oʻzidir.
«Bas, qayon ketmoqdasiz?!»
Ey odamlar! Haqiqiy rizq berguvchi xoliqingiz boʻlmish Alloh taologa ibodat etmay, Oʻsha zotning aytganlarini qilmay, qayoqqa ketmoqdasiz?! U zotning sizga yuborgan Paygʻambariga iymon keltirmay, Oʻsha zotning sizga nozil qilgan Qurʼoniga amal etmay, qayoqqa ketmoqdasiz?! U zotning oxirgi va barkamol dini Islomga amal qilmay, qayoqqa ketmoqdasiz?!
Keyingi oyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilinib, mushriklarning munosabatlaridan xafa boʻlmaslikka chaqirilib, tasalli beriladi: