أَوَلَمْ يَسِيرُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ فَيَنظُرُوا۟ كَيْفَ كَانَ عَـٰقِبَةُ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ وَكَانُوٓا۟ أَشَدَّ مِنْهُمْ قُوَّةً ۚ وَمَا كَانَ ٱللَّهُ لِيُعْجِزَهُۥ مِن شَىْءٍ فِى ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَلَا فِى ٱلْأَرْضِ ۚ إِنَّهُۥ كَانَ عَلِيمًا قَدِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Axir, ular yer yuzida yurib o`zlaridan oldin o`tganlarning oqibati qandoq bo`lganiga nazar solmaydilarmi?! Holbuki, o`shalar bulardan ko`ra quvvatliroq edilar. Na osmonlarda va na yerda biror narsa Allohni ojiz qoldira olmas. Albatta, U zot o`ta ilmli va o`ta qodirdir.Ахир, улар ер юзида юриб ўзларидан олдин ўтганларнинг оқибати қандоқ бўлганига назар солмайдиларми?! Ҳолбуки, ўшалар булардан кўра қувватлироқ эдилар. На осмонларда ва на ерда бирор нарса Аллоҳни ожиз қолдира олмас. Албатта, У зот ўта илмли ва ўта қодирдир.Alauddin Mansour: Axir ular Yer yuzida sayr qilib oʻzlaridan avvalgi (dinsiz kimsalarning) oqibati qanday boʻlganini koʻrmaydilarmi?! Holbuki, (avvalgilar) bulardan koʻra kuchli-quvvatliroq edilar. Na osmonlardagi va na Yerdagi biron narsa Allohdan qochib qutulguvchi emasdir. Zotan, U bilim va qudrat egasi boʻlgan Zotdir.Ахир улар Ер юзида сайр қилиб ўзларидан аввалги (динсиз кимсаларнинг) оқибати қандай бўлганини кўрмайдиларми?! Ҳолбуки, (аввалгилар) булардан кўра кучли-қувватлироқ эдилар. На осмонлардаги ва на Ердаги бирон нарса Аллоҳдан қочиб қутулгувчи эмасдир. Зотан, У билим ва қудрат эгаси бўлган Зотдир.
Dunyo tarixidagi hodisalar barcha ummat va xalqlarga ibrat boʻlishi kerak. Keyingi avlodlar oʻzlaridan oldin oʻtganlarning tajribalaridan foydalanishlari lozim. Arab mushriklari bunga amal etmadilar. Ular oʻzlaridan oldin oʻtganlarning xatolarini takrorladilar. Ularning tajribalaridan oʻrnak olmadilar. Holbuki, ilgari oʻtganlarning bu mushriklarga oʻxshaganlari halokatga uchragan edilar. Arab mushriklari ana oʻshalardan oʻrnak olsalar boʻlmasmidi?!
«Axir, ular yer yuzida yurib oʻzlaridan oldin oʻtganlarning oqibati qandoq boʻlganiga nazar solmaydilarmi?!»
Ular yer yuzini kezsalar, oʻtgan kofir-mushrik qavmlarning yashagan joylarini koʻrar va ularning oqibati nima bilan tugaganini bilar edilar. Kufr va isyon bilan dunyodan oʻtganlarning oqibati halokat boʻlganiga yer yuzida dalillar koʻp; ashyoviy hujjatlar toʻlib yotibdi.
«Holbuki, oʻshalar bulardan koʻra quvvatliroq edilar.»
Lekin ular halok boʻldilar. Bularning halokati esa turgan gap.
«Na osmonlarda va na yerda biror narsa Allohni ojiz qoldira olmas.»
Undan hech kim qochib qutula olmaydi. Uni hech kim aldab keta bilmaydi. Uning irodasiga qarshi chiqqanlarning hammasi halokatga uchraydi.
«Albatta, U zot oʻta ilmli va oʻta qodirdir.»
Oʻsha ilmi ila kofir-mushriklar nima qilayotganlarini toʻliq bilib turadi. Oʻsha qodirligi tufayli har birining jazosini ham beradi.