وَٱلْقَمَرَ قَدَّرْنَـٰهُ مَنَازِلَ حَتَّىٰ عَادَ كَٱلْعُرْجُونِ ٱلْقَدِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Oyni esa, toki eski (xurmo) shingili (holiga) qaytgunga qadar manzillarini bichib qo`yganmiz.Ойни эса, токи эски (хурмо) шингили (ҳолига) қайтгунга қадар манзилларини бичиб қўйганмиз.Alauddin Mansour: Biz oyni ham toki u eski (xurmo) butogʻi kabi boʻlib (egilib hilol holiga kelib) qolgunicha bir necha manzilga belgilab-tayinlab qoʻgandirmiz.Биз ойни ҳам токи у эски (хурмо) бутоғи каби бўлиб (эгилиб ҳилол ҳолига келиб) қолгунича бир неча манзилга белгилаб-тайинлаб қўгандирмиз.
Oy ham, quyosh ham dumaloq shakldagi samoviy jismdir. Insonning koʻziga quyosh doim bir xil suratda koʻrinadi. Lekin oy bir oy davomida yigirma sakkiz shaklga kiradi. Avval kichik hilol boʻlib koʻrinadi. Kundan-kunga kattalashib, toʻlin barkashga aylanadi. Keyin yana asta-sekin hilol holiga qaytadi. Chunki, Alloh taolo oy uchun manzillar bichib qoʻygandir. Alloh uning uchun yigirma sakkiz manzilni bichib qoʻygan. Har kuni har xil manzildan chiqadi, har kuni har xil hajmda koʻrinadi.
Ulamolarimiz oyati karimadagi
«toki eski (xurmo) shingili (holiga) qaytgunga qadar» degan jumlaga alohida eʼtibor beradilar. Arab tilida xurmo mevasini tutib turuvchi shingil «arjun» deyiladi. Oyatda oy «xuddi eski arjun (holi)ga qaytgunga qadar» deb vasf qilinmoqda. Yaʼni, oyni oxirida eski arjun holiga qaytaramiz, deyilmoqda. Mevasi chiqarib olingan shingil hilolga oʻxshab qolar ekan. Lekin hilol bilan hilolning farqi bor. Yangi tugʻilgan hilol tamoman boshqacha boʻladi. Unda yangilik, goʻzallik, hayot alomatlari barq urib turadi. Oxirida hilol shakliga kelgan oy esa, eski arjun–qurib qolgan shingilga oʻxshab, koʻrimsiz boʻlib qoladi.
Bu oyatda oyning yaratilishi, osmonda tutib turilishi, inson uchun beminnat xizmatkor qilib qoʻyilishi va unga tegishli bosh- qa moʻʼjizalar haqida emas, uning yangidan paydo boʻlib, yana eski holiga qaytishi, soʻngra yana yangidan tugʻilishi va bu hol bardavom ekanligi haqida gap ketmoqda.
Dunyo bunyod boʻlganidan beri oyni shunday bir nizomga solib qoʻygan Zot oʻlgan odamlarni qayta tiriltira olmaydimi?!