لَّقَدْ صَدَقَ ٱللَّهُ رَسُولَهُ ٱلرُّءْيَا بِٱلْحَقِّ ۖ لَتَدْخُلُنَّ ٱلْمَسْجِدَ ٱلْحَرَامَ إِن شَآءَ ٱللَّهُ ءَامِنِينَ مُحَلِّقِينَ رُءُوسَكُمْ وَمُقَصِّرِينَ لَا تَخَافُونَ ۖ فَعَلِمَ مَا لَمْ تَعْلَمُوا۟ فَجَعَلَ مِن دُونِ ذَٰلِكَ فَتْحًا قَرِيبًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Batahqiq, Alloh Rasulining tushini haq ila tasdiqladi, albatta, Masjidul Haromga, inshoalloh, omonlikda, sochlaringiz olingan, qisqartirilgan holda, qo`rqmasdan kirasizlar. Bas, U siz bilmagan narsani biladi va sizlarga bundan boshqa yaqin fathni qildi.Батаҳқиқ, Аллоҳ Расулининг тушини ҳақ ила тасдиқлади, албатта, Масжидул Ҳаромга, иншоаллоҳ, омонликда, сочларингиз олинган, қисқартирилган ҳолда, қўрқмасдан кирасизлар. Бас, У сиз билмаган нарсани билади ва сизларга бундан бошқа яқин фатҳни қилди.Alauddin Mansour: Qasamki, Alloh Oʻz paygʻambariga (u kishi koʻrgan) tushni haqqi-rost qildi: albatta sizlar (ey moʻminlar), inshoalloh Masjidul-Xaromga tinch-omon boshlaringizni (sochlaringizni) qirdirgan va (yoki) qisqartirgan hollaringizda xavf-xatarsiz kirursizlar. Bas, (Alloh) sizlar bilmagan narsani bilib, undan (Makka fathidan) oldin yaqin bir gʻalabani (Xaybar jangidagi gʻalabani muyassar) qildi.Қасамки, Аллоҳ Ўз пайғамбарига (у киши кўрган) тушни ҳаққи-рост қилди: албатта сизлар (эй мўминлар), иншоаллоҳ Масжидул-Харомга тинч-омон бошларингизни (сочларингизни) қирдирган ва (ёки) қисқартирган ҳолларингизда хавф-хатарсиз кирурсизлар. Бас, (Аллоҳ) сизлар билмаган нарсани билиб, ундан (Макка фатҳидан) олдин яқин бир ғалабани (Хайбар жангидаги ғалабани муяссар) қилди.
Bu oyatda Alloh taolo moʻminlarga bir necha xushxabar yetkazmoqda.
Avvalo, Paygʻambar alayhissalomning tushlarini tasdiqlamoqda.
Qolaversa, Masjidul Haromga kirish albatta nasib etishining xabarini bermoqda. Ushbu xabarni Allohning Oʻzi taʼkidlab berayotganiga qaramay, yana Oʻzi «inshoalloh»–Alloh xohlasa, degan iborani ishlatmoqda. Bunday deyish iymon odoblaridan boʻlib, dunyodagi har bir ishni va voqeani Alloh taoloning xohishiga bogʻlashdan iboratdir. Bu vaʼda Hudaybiya sulhidan koʻp oʻtmay amalga oshdi.
Paygʻambar alayhissalom Hudaybiyadan Madiynai Munavvaraga hijriy oltinchi yilning Zulqaʼda oyida qaytib keldilar. Zulhijja va Muharram oylari oʻtib, safar oyida Xaybarni fath qildilar. Yettinchi hijriy yilning Zulqaʼda oyida, yaʼni, rosa bir yildan soʻng Hudaybiyada ishtirok etgan sahobalar bilan umraga otlandilar. Zul Hulayfa degan joydan ihrom bogʻlab, qurbonliklarini ham haydab oldilar. Rivoyatlarda kelishicha, oʻshanda Rasulullohning oʻzlari oltmishta tuya olgan ekanlar. Hammalari bir boʻlib, «labbayka»ni aytib, yoʻlga tushdilar. Marriz-Zahron degan joyga yaqinlashganlarida Muhammad ibn Salamani ot va qurollar bilan oldinga joʻnatdilar. Buni koʻrgan mushriklar, Rasulullohni oradagi oʻn yilgacha urush qilmaslik ahdini buzib, bizga gʻazot qilib kelayapti, deb oʻylab qoʻrquvga tushishdi va Makka ahliga bu xabarni yetkazishdi. Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom Marriz-Zahronga kelib, haramning belgilari koʻrinadigan joyga tushdilar va qurol-aslahalarini Botni Yaʼjij degan joyga yuborib, oʻzlari ahdnomada shartlashilganidek, qilichlarini qinida saqlagan holda Makkaga qarab yurdilar. Ular yoʻlda yurib borayotganlarida Quraysh tomonidan yuborilgan Makraz ibn Hafs ismli kishi kelib:
«Ey Muhammad! Biz seni ahdni buzasan deb oʻylamagan edik», dedi. Rasuli Akram alayhissalom:
«Nega bunday deyapsan?»–dedilar. U:
«Bizning ustimizga siloh, nayzalar bilan kelding», dedi. Paygʻambar alayhissalom aytdilarki:
«Unday boʻlgani yoʻq biz ularni Yaʼjijga yubordik». Ibn Hafs:
«Biz seni shunday deb–yaxshilik va vafo bilan tanigan edik», dedi.
Paygʻambarimiz boshliq sahobalar Makkai Mukarramaga kirib borganlarida mushriklarning rahbarlari ularni koʻrishga toqat qila olmay, shahardan tashqariga chiqib ketdilar. Qolganlar esa–erkak-ayol, yosh-yalang, qariyalar va bolalar yoʻl chetiga, tomlarning ustiga chiqib tomosha qilib oʻtirdilar.
Sahobalar Paygʻambarimizning atroflarida «labbayka»ni baralla aytib, kirib kelishdi. Rasuli Akram alayhissalom esa, Hudaybiya kuni mingan tuyalari Qasvoni mingan hollarida ona shaharlari Makkaga kirib keldilar. Abdulloh ibn Ravoha al- Ansoriy roziyallohu anhu Rasulullohning tuyalarini yuganidan tutib:
«Muhammad Rasuli boʻlgan Zot ismi bilan,
Dinidan oʻzga din yoʻq boʻlgan Zot ismi bilan!»
deb boshlanuvchi qasidani oʻqigan holda kelar edi.
Imom Ahmad Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Paygʻambarimiz sahobalar bilan Marriz-Zahronga kelib tushganlaridayoq Qurayshiylar ular haqida: ochlikdan tinkalari qurib qolibdi-ku, deb gap tarqatishgan edi. Buni bilgan sahobalar: minib kelgan hayvonlarimizdan soʻyib, goʻshtini yeb shoʻrvasini ichib olsak, ertaga anavilarning oldida tetikroq turarmidik, deb qolishdi. Shunda Paygʻambar alayhissalom: «Unday qilmanglar, qolgan ovqatlaringizni menga toʻplab kelinglar», dedilar. Jamlab keldilar. Rasuli Akramning sharaflari ila Alloh taolo u taomga baraka berdi. Toʻyib yeyishdi, ortib qolganidan idishlarini toʻldirib olishdi. Soʻngra, Rasululloh yurib ketdilar. Kaʼbaga yaqinlashganlarida, qurayshliklar Hijri Ismoil tarafdan oʻzlarini kuzatib turganlarini koʻrdilar-da sahobalarga: «Anavi qavm sizda zaiflik koʻrmasin», deb ridolarini qoʻltiqlari ostiga qisib, Hajari asvad ruknini istilom qildilar va pahlavonlarcha katta-katta qadam tashlab, ayricha yurish qilib ketdilar. Yaman rukniga kelib qurayshliklar koʻzidan uzoqlashganlarida oddiy yurish qildilar. Uch tavofni shunday tarzda, qolganini oddiy yurish ila qildilar. Ushbu amal shunday tartibi bilan sunnat boʻlib qoldi.
Shunday, qilib Rasululloh alayhissalomning tushlari tasdiqlanib, kelasi yili Makkai Mukarrama fathi boʻldi. U yerdagi barcha aholi Islomga kirdi. Islom Arabiston yarim orolining boshqa taraflariga ham tarqaldi. Keyinchalik esa, navbatdagi oyatda bayon qilinganidek, Allohning vaʼdasi yuzaga chiqib, Islom barcha dinlardan ustun boʻldi.