وَيَنصُرَكَ ٱللَّهُ نَصْرًا عَزِيزًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va Alloh senga izzatli nusrat berishi uchun.Ва Аллоҳ сенга иззатли нусрат бериши учун.Alauddin Mansour: hamda Alloh sizga qudratli yordam berishi uchun (sizga ochiq fath ato etdik).ҳамда Аллоҳ сизга қудратли ёрдам бериши учун (сизга очиқ фатҳ ато этдик).
«Izzatli» deganimiz–ustidan hech kim gʻolib kela olmaydigan, degani. Yaʼni, Alloh Paygʻambarimiz alayhissalomga shunday izzatli yordam beradiki, undan hech kim va hech narsa gʻolib kela olmaydi.
Yuqoridagi oyatlarda zikr etilgan ulugʻ ilohiy marhamatlar: ravshan fath, avvalu oxir gunohlarning magʻfirat qilinishi, Alloh neʼmatlarining batamom qilib berilishi, sirotul mustaqiymga hidoyat qilinishi va izzatli nusrat berilishi–hamma-hammasi Hudaybiya sulhiga bogʻlanmoqda.
Nima sababdan shuncha narsa sulhga bogʻlanyapti? Negaki, Paygʻambarimiz alayhissalom sulhni Baytullohni ulugʻlaganliklaridan tuzdilar, natijada Alloh u zotni mazkur ish bilan mukofotladi.
Oʻylab koʻrsak, oʻsha paytda Baytulloh kofirlarning qoʻlida boʻlib, ular musulmonlar bilan urush chiqarish uchun qoʻllaridan kelgan barcha choralarni koʻrar edilar. Hatto, qirq-ellik kishini yuborib, musulmonlar ichida fitna chiqarishga urinib ham koʻrishdi. Lekin Paygʻambar alayhissalom boshchiliklaridagi musulmonlar sabr-chidam koʻrsatib, fitnaga uchmadilar, Baytullohning hurmatini joyiga qoʻydilar. Allohga eng itoatkor bandalar ekanliklarini isbotladilar. Rasuli Akramning tuyalari yotib olganida: «Buni filni ushlagan narsa ushladi», dedilar. Holbuki, fil bilan kelgan Abraha va uning odamlari Baytullohni buzish niyatida edi, Rasuli Akram va sahobai kiromlar esa, uni ulugʻlab ziyorat etishga kelayotgan edilar. Yana, sulh kuni Paygʻambar alayhissalom: «Mening nafsim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, bugun Quraysh Allohni ulugʻlagan narsalarini ehtirom etuvchi nimani soʻrasa, beraman», dedilar. U zoti bobarakot Alloh subhanahu va taologa itoat etib, sulhga koʻnganliklari uchun, Alloh u kishiga ulugʻ neʼmatlar ato qildi.
Shu oʻringacha oʻrgangan oyatlarimiz faqat Rasuli Akram alayhissolatu vassalomning oʻzlariga xos edi. Endigi oyatlarda Alloh taolo musulmon bandalariga bergan neʼmatlarini vasf qilishni boshlaydi.