هُوَ ٱلَّذِىٓ أَنزَلَ ٱلسَّكِينَةَ فِى قُلُوبِ ٱلْمُؤْمِنِينَ لِيَزْدَادُوٓا۟ إِيمَـٰنًا مَّعَ إِيمَـٰنِهِمْ ۗ وَلِلَّهِ جُنُودُ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۚ وَكَانَ ٱللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U, iymonlariga iymon ziyoda bo`lishi uchun mo`minlar qalbiga sokinlikni nozil etgan Zotdir. Va osmonlaru yerning lashkari Allohnikidir. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.У, иймонларига иймон зиёда бўлиши учун мўминлар қалбига сокинликни нозил этган Зотдир. Ва осмонлару ернинг лашкари Аллоҳникидир. Ва Аллоҳ билувчи ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: U (Alloh) oʻz iymon-ishonchlariga yana ishonch qoʻshishlari uchun moʻminlarning dillariga sakinat-orom tushirgan Zotdir. Osmonlar va Yer qoʻshinlari (yaʼni, koinotdagi barcha jonzot va kuchlar) yolgʻiz Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat egasi boʻlgan Zotdir.У (Аллоҳ) ўз иймон-ишончларига яна ишонч қўшишлари учун мўминларнинг дилларига сакинат-ором туширган Зотдир. Осмонлар ва Ер қўшинлари (яъни, коинотдаги барча жонзот ва кучлар) ёлғиз Аллоҳникидир. Аллоҳ билим ва ҳикмат эгаси бўлган Зотдир.
Hudaybiya hodisasida moʻminlar qalbida hukm surgan holatni tasavvur qilishning oʻzi qiyin. Buning uchun ular bilan birga yashab, oʻsha holatlarni boshdan oʻtkazish zarur. Necha yillardan buyon oʻzlari uchun eng sevimli va muqaddas Makkaga borish, Baytullohni ziyorat qilish baxtidan mahrum boʻlib yurgan edilar. Birdan, ular uchun oʻzlaridan ham aziz boʻlgan inson, yoʻlboshchilari, Paygʻambar alayhissalom, tushlarida sahobalar bilan umra qilib yurganliklarini koʻrganliklarini aytib, ularni Baytulloh ziyoratiga chorladilar. Ular bilardilarki, Paygʻambarning tushlari Allohdan kelgan vahiy boʻladi, demak, orziqib kutilgan baxtga erishishlariga shubha qolmadi. Ming toʻrt yuz kishi ihrom bogʻlab, qurbonlik yetaklab, takbir aytib Makka tomon yurganlarida, qalblaridan nimalar kechdi ekan?! Makkaga yaqinlashib qolishganida, Quraysh ularni qurol bilan qarshi olayotganining xabari qalblariga qanday taʼsir qildi ekan?! Hudaybiyaga joylashib, muqaddas Makkaning hidi dimoqlariga urilganida, qalb-laridan nimalar kechdi ekan?! Toʻsatdan Paygʻambar alayhissalomning tuyalari Qasvo yurmay yotib olgan, hamma hayron, hamma jimigan... Oʻsha onda sahobalarning yuraklaridan nimalar oʻtib, qanday algʻov-dalgʻov boʻldi ekan?! Soʻngra, Makkaga bormasdan qaytib ketish haqida gap tarqaldi. Sulh tuziladigan boʻldi. Ana oʻshanda sahobai kiromlarning qalblarida qanday tuygʻular paydo boʻldi ekan?! Hazrati Umar ibn Xattob kabi ularning ham qalbida afsus va nadomat toʻla savollar kechgan boʻlsa, ajab emas?! Paygʻambarimiz tush koʻrgan edilar-ku? Biz Allohga iymon keltirgan, Unga boʻyin eggan musulmonlarmiz-ku? Dushmanimiz boʻlgan mushriklar botil yoʻlda, illo, biz haq yoʻldamiz-ku? Nima uchun bunday boʻlishi kerak, axir?! Va hokazo savollar, savollar, savollar...
Buning ustiga, sulh matnining boshida ular uchun dunyodagi eng mahbub istiloh «Bismillahir Rohmanir Rohiym»ning yozilmay qolishi... Qanday maʼnaviy azob bu! Shuningdek, boshqa iboralarda ham mushrik Suhaylning aytgani boʻlib, Paygʻambar alayhissalomning soʻzlari rad etilishiga hech chidab boʻlar edimi? Undan keyin Suhayldagi shartlar ham barchasi mushriklarning foydasiga edi. Ayniqsa, bechora Abu Jandal voqeasi... Bularning hamma-hammasi qalbni oʻrtab yubormaydimi, algʻov-dalgʻov qilib tashlamaydimi? Ehtimol, shuning uchun ham, mushrik Urva ibn Masʼud as-Saqafiy guvohlik berganidek, Paygʻambar alayhissalom tupursalar yoki tahorat qilsalar, u kishiga boʻlgan ulkan muhabbatidan, tupuk va tahorat suvlarini yerga tushirmay ilib olib yuzlariga suradigan sahobalar, xuddi oʻsha zot bir ozdan keyin: «Endi turib qurbonliklaringizni soʻyib, sochlaringizni oldiringizlar», desalar, qimir etmay qolgandir? Oʻshanda ular qanday ahvolga tushgan ekanlar?! Buyuk avlod–sahobalar avlodi oʻzlarining shonli hayotlarida Paygʻambar alayhissalomning amrlariga hech qachon bunday munosabatda boʻlmaganlar. Oʻsha paytda, hatto, Muhammad alayhissalomning oʻzlari ham sahobalarning qalblariga taʼsir oʻtkaza olmadilar. Faqat, bandalarning qalblarini istagan tomonga bura oluvchi Akbar zot Alloh taoloning Oʻzigina sahobalarning qalblariga sokinlik solishi mumkin edi. Va shunday boʻldi ham. Alloh qalblariga sokinlik tushirgach, ular xotirjam, tinch-omon ortlariga qaytdilar va ulkan saodatga erishdilar.
Albatta, bu ilohiy qoʻllovni oʻzlari koʻrib, boshlaridan oʻtkazgan musulmonlarning iymonlari yanada ziyoda boʻladi. Chunki, qiziqqonlik va ehtirosga berilish bir narsa, sokinlik, xotirjamlik boshqa narsa. Agar oʻsha paytda Alloh xohlasa, gʻalaba, nusrat berishi ham mumkin edi. Zero, oyatda kelganidek, «Osmonlaru yerning lashkarlari Allohnikidir», Oʻz lashkarlaridan baʼzi birlariga buyurib qoʻysa, mushriklarga qarshi qiron keltirib, musulmonlar gʻolib boʻlgan holda bemalol umra ibodatini ado etib qaytardilar. Lekin «Alloh biluvchi va hikmatli zotdir». Hamma narsani eng daqiq jihatlarigacha biladi va hikmati butun borliqni ihota qilgan boʻlib, har narsani hikmat bilan qiladi. Hozir musulmonlarning sulh tuzib qaytishlarini iroda qildi, demak, shuning oʻzi ayni hikmatdir.
Bu munosabat bilan Allohning musulmonlarga bergan neʼmatlari iymonlarining ziyoda boʻlishigina emas. Balki boshqa mukofotlar ham bor: