وَفِى ٱلْأَرْضِ ءَايَـٰتٌ لِّلْمُوقِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va yerda chuqur ishonuvchilar uchun belgilar bor.Ва ерда чуқур ишонувчилар учун белгилар бор.Alauddin Mansour: (Ey insonlar), Yerda (undagi togʻu toshlar va vodiy-daralarda, dengizlar va daryolarda, hayvonot va nabotot olamida) ishonguvchi zotlar uchun (Allohning qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlar bordir.(Эй инсонлар), Ерда (ундаги тоғу тошлар ва водий-дараларда, денгизлар ва дарёларда, ҳайвонот ва наботот оламида) ишонгувчи зотлар учун (Аллоҳнинг қудратига далолат қиладиган) оят-аломатлар бордир.
Yaʼni, haqiqiy ilmli, shak-shubhasiz iymon keltirgan shaxslar uchun Allohning borligiga, yagonaligiga yer yuzida koʻplab dalolatlar bor.
Qurʼoni Karim oyatlari har zamon va har makon, har qanday inson va jamiyat uchun mosdir. Ushbu oyatni oʻqigan yo eshitgan qadimiy kishilar oʻzlari yashab turgan makon va zamon sharoitlaridan kelib chiqib, Allohning borligiga va yagonaligiga yerda koʻplab dalillarni topganlar.
Xuddi shuningdek, vaqt oʻtib, insonning ilmi, tajribasi ortib borib, maʼlumotlari oʻsgan sari mazkur bilim va isbotlar ham koʻpaya borgan. Hozirga kelib, ilm-fan rivojlangan paytda mazkur dalillar ham juda koʻpaydi. Kelajak avlodlar esa, bundan ham koʻp alomat, belgi va dalillarni topishlari aniq, inshoalloh.
Zamonaviy olimlardan biri: «Kim bu olamning goʻzalligini, ulugʻ tadbirkor tarafidan yaratilganini his qilmoqchi boʻlsa, oʻrmonlar va dalalarda boʻlayotgan hodisalarni oʻrganmogʻi lozim. Faqat shundagina, oʻzi oddiy, tabiiy narsa deb oʻylab yurgan narsalarning ilohiy moʻʼjiza ekanligiga, bashariyat xohishidan tashqari narsa ekanligiga, bu narsalarni anglab yetish uchun aqli ojizligiga tan beradi hamda Allohga, Uning cheksiz qudratiga iymon keltirishdan oʻzga chorasi qolmaydi», degan.
Boshqa biri esa: «Tuproq va nabototlarni qancha oʻrgansam, Allohga boʻlgan iymonim shuncha ziyoda boʻladi va Uni ulugʻlab koʻproq sajda qilaman», degan ekan.
Inson yer va uning ustidagi har bir narsaga ibrat nazari bilan qarasa, Allohning borligiga, Uning qudratiga va naqadar tadbirkorligiga son-sanoqsiz hujjat va dalillar topadi. Odatda biz hech eʼtibor bermay yuradigan eng oddiy narsani ham olib qarasak va oʻzimizga, u qayerdan keldi, nima uchun bunday shaklga ega, uning qanday xususiyatlari bor, kabi savollarni berib koʻrsak, albatta, Alloh taologa iymonimiz ziyoda boʻlishidek ulugʻ natijaga erishamiz. Uzoqqa borib oʻtirmay, oʻzimizning turmushimizga bir nazar solaylik: oʻzimiz koʻraverib, ishlataverib oʻrganib qolgan, jismimizdagi Alloh bergan aʼzolarni, ularning vazifasini tadbir bilan oʻrganib chiqaylik-chi, nima boʻlar ekan? Kelgusi oyatda biz xuddi shunga daʼvat etilmoqdamiz.